Kamtarga kamol – notoʻgʻri maqol
Kamtarinlik targʻibotchilari shunday deyishadi: “sen koʻproq va yaxshiroq ishlasang, jamiyat va rahbariyatning oʻzi seni payqaydi, maoshingni koʻtaradi va mukofotlaydi”. Biroq real hayotda buning aksini koʻramiz.

Xalqimizda kamtarga – kamol, manmanga – zavol, degan maqol bor. Bu yerda kamtarlik deb kibrlanmaslik, surbet va maqtanchoq boʻlmaslik kabi xislatlari koʻzda tutilgan. Biroq kamtarin, qimtinib-tortinib yuradigan, oʻzidagi qobiliyat, bilim va tajribani namoyish etishga uyaladigan odamlar orasidan negadir katta mansabdor hamda boylar chiqmagan. Hattoki ilm-fan va sanʼatda kamtarinlar bir umr boshqalar soyasida qolishadi, ularning “koʻtarilishiga” xizmat qilishadi xolos.
Kamtarinlik targʻibotchilari shunday deyishadi: “sen koʻproq va yaxshiroq ishlasang, jamiyat va rahbariyatning oʻzi seni payqaydi, maoshingni koʻtaradi va mukofotlaydi”. Biroq real hayotda buning aksini koʻramiz. Aynan nokamtar insonlar, jasoratli shaxslar hayotda muvaffaqiyatga erishadi. Eski prezident ham turli majlislarda “otilib chiqib” savollar bergan va oshkora maddohlik qilgan odamlarning mansabini koʻtargan, imtiyozlar bergan. (Keyinchalik bu “otilib chiqish”larni ham prezident atrofidagi rahbarlar oʻz tanishlari va qarindoshlarini “koʻtarish” uchun uyushtirishgani fosh boʻldi).
Jamiyatimizda odamlardan kamtarlik talab qiladiganlarning oʻzlarida bu xislatni koʻrmaysiz. Ular boshqalardan kamtarlik va fidoyilik talab qilib, oʻzlari ular foydalanmaydigan neʼmat va imkoniyatlardan foydalanishni, raqobatchilardan qutulishni koʻzlasa ajab emas. Oddiy misol, Shimoliy Koreyada turli propaganda va qoʻrqitish yordamida xalq koʻplab oddiy huquqlar va neʼmatlardan mosuvo qilingan. Biroq tepadagi rahbarlar uchun hamma narsa mumkin.
Kamtar boʻlishga targʻib qilish sovet davridan, hatto undan oldingi rus imperiyasidan qolgan sarqit desak mubolagʻa boʻlmaydi. Zero mustamlakachilar va unlardan keyin kommunist rahbarlar oʻz qoʻli ostidagilaridan soʻzsiz itoat talab qilishgan. Xalqning oʻzini namoyish qilmasliklaridan manfaatdor boʻlishgan. Doim bosh egib, boshqalardan ajralib turmasdan yashashga oʻrgatishgan.
Oddiy maktab oʻquvchilarini olsak ham, rus maktablarining oʻquvchilari oʻzlarini nisbatan erkin tutishgan, oʻz fikr va maqsadlarini, iqtidor va bilimlarini namoyish etishdan uyalmagan. Oʻzbek maktablarida esa turli yoʻllar bilan bolalarning erkinligi boʻgʻilgan. Soch turmagi, kiyinishi, qiziqishlari qattiq nazoratga olingan. (Bunday vaziyat hozir ham davom etyapti. Kiyim - roʻmol va soqol masalasi aynan oʻzbek maktablariga tatbiq etilishi fikrimiz isboti) Shu tariqa mahalliy aholida itoatkorlik va tortinchoqlik parvarish qilingan. Boshqalardan ajralib turish yomon xislat sifatida taqdim etilgan.
Shu tariqa, kamtarlik, ayniqsa, oqsoqollarni hurmat qilishni va oʻzini-oʻzi reklama qilishdan saqlanishni qadrlaydigan jamiyatlarda, anʼanaviy tarzda ijobiy sifat sifatida qabul qilingan. Bu bilan rahbarlar va boylarga itoat qilish, oʻzidan turli daraja boʻyicha kattalarning har biri qiligʻi hamda vaysashi oliy haqiqat deya qabul qilinishi nazarda tutilgan. Hatto “ogʻzi qiyshiq boʻlsa ham, boyning oʻgʻli gapirsin” degan maqollar paydo boʻlgan.
Biroq, psixologik fan va zamonaviy tadqiqotlar nuqtai nazaridan, kamtarlik sifati har doim ham shaxsiy kamolotga yordam bermaydi. Zamonaviy ekspertlar haddan tashqari kamtarlik shaxsiy rivojlanish, mansabda oʻsish va oʻzini anglashga xalaqit berishi mumkinligini tobora koʻproq taʼkidlamoqda. Kamtarlik har doim ham mukammallik yoʻlida foydali sifat emasligini koʻrsatadigan ilmiy dalillar, psixologlarning fikrlari va hayotiy misollar bir talay.
Kamtarlik va uning oʻzini hurmat qilishga taʼsiri
Mashhur amerikalik psixolog Martin Seligmanning fikricha, haddan ziyod kamtarlik koʻpincha oʻziga past baho berish kabi illatga sabab boʻladi. Oʻz yutuqlarini pasaytirib koʻrsatishga moyil boʻlgan odamlar, oʻz-oʻzini anglashga yordam beradigan imkoniyatlardan kamroq foydalanishadi. Ushbu hodisa 1978 yilda amerikalik olimlar Kliens va Imes tomonidan olib borilgan tadqiqotlarda tasvirlangan "soxta shoh sindromi" tushunchasi bilan bogʻliq. Tadqiqotlarga koʻra, taxminan 70% odamlar hayotida kamida bir marta oʻzlarining muvaffaqiyatlariga noloyiq ekanliklarini his qilishgan va bu tuygʻu koʻpincha haddan tashqari kamtarlik xislati tufayli kuchaygan.
2022 yilda Kaliforniya universitetida “kamtarlikning oʻzini oʻzi qadrlashiga taʼsirini baholash” mavzusida oʻtkazilgan tadqiqotga koʻra, kuchli kamtarlik xususiyatiga ega odamlardagi hayotdan qoniqish darajasi oʻzini namoyish etishdan tortinmaydigan odamlarga nisbatan oʻrtacha 35 foizga kam boʻladi.
Haddan tashqari kamtarlik xavfi
Koʻpgina psixologlarning fikricha, kamtarlik ijtimoiy meʼyor sifatida nafaqat mansab oʻsishiga toʻsqinlik qilishi, balki hissiy barqarorlikka ham zarar yetkazishi mumkin. "Fiksatsiya va oʻsish" nazariyasi muallifi, psixolog: Kerol Dvekning shunday soʻzlari bor: "Kamtar odamlar koʻpincha oʻz qobiliyatlarini namoyish eta oladigan vaziyatlardan qochishadi, chunki ular ajralib turishdan qoʻrqishadi. Bu ularning oʻsish va oʻzini takomillashtirish imkoniyatlarini cheklaydi".
Olim Dvekning taʼkidlashicha, oʻsish mentaliteti boʻlgan, qiyinchiliklarni qabul qilishga va ularning yutuqlarini tan olishga tayyor boʻlgan odamlar "kamtar" boʻlishga intilganlarga qaraganda oʻzlarining professional va shaxsiy hayotlarida koʻproq muvaffaqiyatga erishadilar. Uning tadqiqotlari shuni koʻrsatadiki, bunday fikrga ega odamlar muvaffaqiyatga 25-30% koʻproq erishadi.
Pensilvaniya universitetining psixologiya professori Adam Grant ham bu fikrni tasdiqlaydi. Uning taʼkidlashicha, haddan tashqari kamtarlik odamlarga biznes va shaxsiy munosabatlar oʻrnatishga toʻsqinlik qiladi. Grant oʻzining «Ber va ol» («Give and Take») nomli bestseller kitobida shunday yozadi: "Kamtar odamlar koʻpincha oʻz isteʼdodi va gʻoyalarini yetarlicha faol ifoda etmaydi. Bu nafaqat ularning karera qilish imkoniyatlarini pasaytiradi, balki jamoa rivojiga qoʻshishi mumkin boʻlgan hissasini ham cheklaydi".
Haqiqiy hayot misollari
Tarixda va zamonaviy hayotda kamtarlikdan voz kechgan odamlar qanday qilib katta natijalarga erishganligi haqida koʻplab misollarni topish mumkin.
Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask oʻzining ulkan maqsadlari va soxta kamtarlikdan voz kechgani bilan mashhur. Uning oʻziga boʻlgan ishonchi va yutuqlari va qarashlarini omma oldida namoyon etishga tayyorligi dunyodagi eng yirik texnologiya kompaniyalarini yaratishiga olib keldi. Uning oʻzi intervyularidan birida taʼkidlaganidek, "kamtarlik muvozanat uchun yaxshi, lekin sizda katta maqsadlar boʻlsa, oʻz gʻoyalaringizni dunyoga “koʻz-koʻz” qilishga tayyor boʻlishingiz va ularga erishish uchun kurashishingiz kerak."
Oʻz karerasini teleboshlovchi sifatida boshlagan yana bir mashhur shaxs - Opra Uinfri ham oʻz salohiyatini yuzaga chiqarish uchun kamtarlikdan voz kechgan. Oʻziga boʻlgan ishonchi va yutuqlari bilan boʻlashishga tayyorligi tufayli u oʻz media imperiyasini qurdi va dunyodagi eng nufuzli ayollardan biriga aylandi.
Kamtarlikning kareraga taʼsiri
Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, ish joyida kamtarlik mansabda oʻsish uchun jiddiy toʻsiq boʻlishi mumkin. 2020 yilda Harvard Business Review oʻtkazgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, oʻz yutuqlarini kamaytirib koʻrsatishga moyil xodimlarning rahbariyat nazariga tushish, koʻtarilish va eʼtirof etilishi ehtimoli kamroq. Tadqiqot natijalariga koʻra, menejerlarning 47 foizi aynan oʻz yutuqlari va ambitsiyalarini namoyish eta oladigan xodimlarni mansabda koʻtarishga moyilligini tan olishadi.
Bu tendensiya, ayniqsa, ajralib turish muhim boʻlgan yuqori raqobat hukmron mehnat bozorlarida yaqqol seziladi. Misol uchun, axborot texnologiyalari va moliya kabi sohalarda oʻz mahorati va yutuqlarini faol namoyish etayotgan xodimlar karerada oʻsishi uchun oʻrtacha 15-20% koʻproq imkoniyatga ega.
Kamtarlik va ruhiy salomatlik
Koʻpchilik kamtarlikni fazilat deb hisoblasa-da, u ruhiy salomatlikka ham salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin ekan. Psixoterapevt Maykl Harris oʻz ilmiy ishida kamtarlik koʻpincha his-tuygʻularni bostirish va hayotdan norozilik hissi bilan hamrohligiga urgʻu bergan. Oʻz yutuqlari bilan ajralib turishdan yoki tan olinishidan qoʻrqadigan odamlar surunkali stress va haddan tashqari salbiy tuygʻularni boshdan kechirishlari mumkin.
2021 yilda Psychological Science jurnalida chop etilgan tadqiqotga ishonadigan boʻlsak, kamtarlik xususiyati yuqori odamlarning tushkunlik va xavotirni boshdan kechirish ehtimoli koʻproq. Tadqiqotga koʻra, kamtar odamlar oʻz kuchiga ishongan, oʻz yutuqlari baralla va ochiq aytadigan shaxslarga qaraganda 22% yuqori stress darajasiga ega. Ular “shuncha qattiq mehnat qilyapman, bilimli va qobiliyatliman, nega meni emas falonchini eʼtirof etib maoshi yoki mansabini koʻtarishadi” degan salbiy fikrlar va norozilik kayfiyatidan aziyat chekishadi.
Jasurga – kamol, kamtarga zavol...mi?
Kamtarlik, anʼanaviy fazilat sifatida qabul qilinishiga qaramay, zamonaviy dunyoda mukammallik va oʻzini oʻzi anglash uchun toʻsiq boʻlishi mumkin. Ilmiy tadqiqotlar va hayotiy misollar shuni koʻrsatadiki, haddan tashqari kamtar odam oʻziga juda past baho beradi, odamlardan ajralib turishdan qoʻrqadi, mansabi sekin oʻsadi va ruhiy salomatligi yomonlashadi. Psixologlarning taʼkidlashicha, oʻz yutuqlari va ambitsiyalarini tan olishdan qoʻrqmaydigan odamlar boshqalarga nisbatan muvaffaqiyatliroq boʻlishadi va hayotdan mamnun yurishadi. Shu bois, shaxsiy kamolatga erishish uchun kamtarlik va oʻziga ishonch oʻrtasidagi muvozanatni topish muhim. Qisqasini aytganda, kamtarlik, ehtimol, yomon xislat emasdir, biroq meʼyoridan ziyod kamtarlik zavolga yetaklishi tayin.
Fikrlarimizni bir rivoyat bilan yakunlaymiz: mutafakkir Erazm mashhur faylasuf Suqrot bilan bogʻliq bir rivoyatni keltiradi: bir boy shaharlik oʻgʻlini Suqrot huzuriga shogirdlikka yuboradi. Uni yetaklab kelgan qul bu bolani shogirdlikka olar ekansiz, deydi. Bola indamay, shiftni tomosha qilib oʻtiraveradi. Suqrot shunda: “Gapir, toki men seni koʻra olay” deydi.
Demak inson oʻzini namoyon etmas ekan, uning kimligi va nimalarga qodirligini hech kim bilmaydi. Bunday tortinchoq va kamtar insonga munosabat ham shunga yarasha boʻladi.