Namanganda aholi mablagʻini oʻzlashtirgan soliq mansabdori fosh boʻldi
U jami 101 ta holatda 53 mln soʻmdan oshiq pulni soliq toʻlovchilardan naqd shaklda undirib olib, oʻz manfaatlari uchun ishlatib yuborgan.

Namangan shahar sudida aholidan yigʻilgan mablagʻlarni talon-toroj qilgan sobiq soliq mansabdoriga nisbatan hukm oʻqildi. Sud hukmi Platina.uz ixtiyorida mavjud. Qayd etish kerakki, sudlanuvchi 2024 yil boshida ham 3 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan, hozirda jazoni oʻtamoqda.
Q.B 2020-2023 yillarda Namangan shahar soliq inspeksiyasi Jismoniy shaxslarga xizmat koʻrsatish boʻlimi davlat soliq katta inspektori lavozimida ishlagan. U oʻziga biriktirilgan Namangan shahridagi mahalla fuqarolar yigʻinlarida istiqomat qiluvchi fuqarolardan 96 ta holatda 45 534 600 soʻm yer va mol- mulk soligʻi, 5 ta holatda 7.705.000 soʻm yakka tartibdagi tadbirkorlarning qatʼiy belgilangan soliq va ijtimoiy toʻlov jami 101 ta holatda 53 239 600 soʻm pul mablagʻlarini soliq toʻlovchilardan naqd pul shaklida undirib olgan. Biroq pul mablagʻini soliq toʻlovchilarning shaxsiy kartochkalariga kirim qilmasdan, oʻz shaxsiy manfaatlari uchun sarflab, ixtiyoridagi oʻzganing ancha miqdordagi mulkini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.
Sudda ayblanuvchi oʻz aybiga toʻliq iqror boʻlgan.
Yakuniy sud hukmiga koʻra, Q.B JKning 167-moddasi 2-qismi “g” bandi va 209- moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Unga Namangan shahar sudining 16.01.2024 yildagi hukmiga koʻra jazo tayinlanib, oʻtalmagan muayyan huquqdan mahrum qilish va ozodlikdan mahrum qilish jazolarini mazkur hukm bilan tayinlangan jazolarga tegishlicha qisman qoʻshish yoʻli bilan oʻtash uchun uzil-kesil 2 yil 8 oy Davlat soliq inspeksiyasi tizimida ishlash huquqidan mahrum qilib, 3 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Hukm qonuniy kuchga kirgach, sudlanuvchi B.Q.dan Namangan viloyat Davlat soliq boshqarmasi foydasiga 53.239.600 soʻm undirilishi belgilandi.
Sud hujjati Oliy sud ochiq portalidan olindi.