Urganch shahridagi massivni obodonlashtirish uchun 3,6 mlrd soʻm ajratiladi
Pul Respublika byudjetidan olingan ssuda mablagʻlari hisobidan beriladi.

Urganch shahridagi Al-Xorazmiy massivi hududini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari uchun 3 mlrd 628 mln soʻm ajratiladi. Bu haqda viloyat hokimi Joʻrabek Rahimov tegishli farmoyishni imzoladi.
Pul Respublika byudjetidan olingan ssuda mablagʻlari hisobidan "Al-Xorazmiy majmuasini barpo etish va saqlash direksiyasi" davlat unitar korxonasiga beriladi. Viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi byudjetga oʻzgartirishlar kiritadi.
Gʻaznachilik boshqarmasi mablagʻning oʻtkazib berilishini taʼminlaydi. Farmoyish ijrosini nazorat qilish hokimning moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari M.Achilov zimmasiga yuklangan.