Putin yadro qurolidan foydalanishning yangi shartlarini eʼlon qildi
Agar yadroviy boʻlmagan davlat yadroviy mamlakat koʻmagida Rossiyaga hujum qilsa, Moskva yadro qurolini ishga solishi mumkin.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin yadro qurolidan foydalanishning yangi shartlari haqida gapirdi.
25 sentabr kuni Xavfsizlik kengashi yigʻilishida davlat rahbari yadroviy doktrinani oʻzgartirish zarurligini eʼlon qildi, deya maʼlum qilgan Kreml matbuot xizmati.
Putinga koʻra, yadroviy boʻlmagan davlat yadroviy mamlakat tomonidan qoʻllab-quvvatlanib Rossiya Federatsiyasiga hujum qilsa, mamlakat ham ushbu qurollarni ishga solishi kerak.
Putin yadroviy quroldan foydalanish tamoyillarini oʻzgartirish va yadroviy toʻsiq boʻyicha davlat siyosati asoslarini yangilashni taklif qildi. "Har qanday yadro quroliga ega boʻlmagan davlat tomonidan, lekin yadroviy davlat ishtirokida yoki koʻmagida Rossiyaga qarshi tajovuzni ularning RFga qoʻshma hujumi deb hisoblash taklif qilinmoqda", dedi u yigʻilishda. Bunda katta ehtimol bilan Ukrainaning hujumlari koʻzda tutilmoqda.
Putin mavjud meʼyorlarni tuzatish zarurligini hozirgi harbiy-siyosiy vaziyatdagi "dinamik oʻzgarishlar" va Rossiya Federatsiyasi va uning ittifoqchilari uchun "harbiy tahdidlar va xavflarning yangi manbalarining paydo boʻlishi" bilan bogʻladi.
Prezident Rossiya Federatsiyasi va Belorussiyaga qarshi "agressiya sodir boʻlgan taqdirda yadro qurolidan foydalanish huquqini" oʻzida saqlab qolishini taʼkidladi. Bundan tashqari, u Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko bilan "bu masalalarning barchasi kelishilgan" deb taʼkidladi.
Ushbu hujjat Rossiyaning oʻzi yoki uning ittifoqchilariga qarshi yadroviy yoki boshqa ommaviy qirgʻin qurollarini qoʻllashga javoban yadro qurolidan foydalanishi mumkinligi yoki davlat mavjudligi xavf ostida qolganda ushbu qurollarni ishlatish huquqini beradi.