platina.uz
Jamiyat

Bir oyda sayyor qabullarda aholidan 28 mingga yaqin murojaat kelib tushdi

Murojaatlarning asosiy qismi gaz, elektr, suv, issiqlik taʼminoti (3,7 ming), moddiy yordam va bolalar nafaqasi (1,7 ming), sogʻliqni  saqlash sohasi (1,8 ming), tadbirkorlik va kredit ajratish (1,03 ming)ga oiddir. 

Bir oyda sayyor qabullarda aholidan 28 mingga yaqin murojaat kelib tushdi

Davlat rahbari topshirigʻiga asoan joylarda aholi kayfiyatiga taʼsir qiluvchi muammolarni aniqlash va ularni hal etish yuzasidan tezkor choralar koʻrish maqsadida Prezident Xalq qabulxonasi boshchiligida barcha hududlar kesimida sektor rahbarlari, tashkilot va idora masʼullari ishtirokida sayyor qabullar oʻtkazilmoqda.

Qabullarga hokimlar, aholidan eng koʻp eʼtirozlar kelib tushayotgan masalalar boʻyicha mutasaddi tashkilot va idoralar, sektorlar rahbarlari, hokim yordamchilari hamda mahalla raislari jalb etildi.

Sayyor qabullarni oʻtkazishda asosan olis va chekka mahallalar hamda ijtimoiy-iqtisodiy, maishiy muammolar koʻp boʻlgan “qizil” toifadagi hududlarga alohida eʼtibor qaratildi.

Sentabr oyida oʻtkazilgan sayyor qabullar davomida jami 28 mingga yaqin fuqarolardan murojaatlar kelib tushgan boʻlib, 15 mingdan ziyodining yechimi joyida topildi. Qoʻshimcha oʻrganishlar talab etiladigan 11,6 ming ariza-shikoyatlar boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.

Xususan, tezkorlik bilan hal etilgan murojaatlarning asosiy qismi gaz, elektr, suv, issiqlik taʼminoti (3,7 ming), moddiy yordam va bolalar nafaqasi (1,7 ming), sogʻliqni saqlash sohasi (1,8 ming), tadbirkorlik va kredit ajratish (1,03 ming), bandlikni taʼminlash (1,1 ming), ichki yoʻllar holati (588), ichki ishlar idoralari faoliyati (227) hamda maktab va maktabgacha taʼlim (206) kabi qator sohalar bilan bogʻliq muammolar boʻldi.

Oʻtkazilgan tadbirlar doirasida alohida huquq-tartibot idoralari rahbarlarining ham qabullari tashkil etildi. Fuqarolar buzilgan huquqlarini tiklash, ishga joylashish, uy-joyga egalik huquqini rasmiylashtirish, oila va nikoh, soliq va bank kreditlari masalalari yuzasidan tegishli organlar masʼullariga murojaat qilib, muammolariga yechim topdilar.

Jumladan, Oliy sud raisi oʻrinbosarlari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlarida sud sohasi bilan bogʻliq masalalar boʻyicha 404 nafar fuqarolar qabul qilindi.

Sayyor qabullarda ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazoni oʻtayotgan mahkumlarning jazoni yengillashtirishni soʻrab qilgan murojaatlari joylarning oʻzida jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlarining ochiq sud majlislarida koʻrib chiqilib, murojaatlariga yechim topildi.

Sayyor qabullar barcha hududlarda davom etmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid