platina.uz
Iqtisod

“Toshkent – Samarqand”, “Samarqand – Navoiy – Buxoro” yoʻnalishlarida yangi temir yoʻl quriladi

Ushbu temir yoʻl tezyurar poyezdlar uchun moʻljallanadi. Respublikaning 6 ta xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish davlat-xususiy sheriklikka beriladi.

“Toshkent – Samarqand”, “Samarqand – Navoiy – Buxoro” yoʻnalishlarida yangi temir yoʻl quriladi

“Toshkent – Samarqand”, “Samarqand – Navoiy – Buxoro” yoʻnalishlarida tezyurar poyezdlar uchun yangi temir yoʻl qurish loyihalari amalga oshiriladi.

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida oʻtayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilari kengashining toʻqqizinchi yillik yigʻilishida aytib oʻtdi.

Hisob-kitoblarga koʻra, Oʻzbekistonda energetika, suv, transport, IT va boshqa infratuzilmalarni yaxshilash uchun yillik ehtiyoj yalpi ichki mahsulotning 10 foiziga teng.

Shu maʼnoda, Prezident bugungi anjuman “Barcha uchun barqaror infratuzilma yaratish” mavzusida oʻtkazilayotgani olqishladi.

Bu borada xalqaro moliya tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qilib, katta tajriba orttirildi. Buning natijasida ushbu sohalarga xususiy sektor faol kirib bormoqda.

Oʻzbekistonda 2030 yilgacha 30 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish boʻyicha katta dastur qabul qilingan.

Xususan, “Toshkent – Samarqand” va “Toshkent – Andijon” yoʻnalishlarida pullik avtomobil yoʻllari, “Toshkent – Samarqand”, “Samarqand – Navoiy – Buxoro” yoʻnalishlarida tezyurar poyezdlar uchun yangi temir yoʻl qurish loyihalari amalga oshiriladi.

Respublikaning 6 ta xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish davlat-xususiy sheriklikka beriladi.

Oʻzbekiston barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining hissasini yuqori baholaydi.

Bugungi kunda infratuzilma, energetika, transport, suv taʼminoti va barqaror rivojlanish yoʻnalishida Bank bilan 3 milliard dollarlik 15 ta loyiha amalga oshirilmoqda

“Mamnuniyat bilan aytishim kerakki, bularning hisobidan Oʻzbekiston bankning top-10 ta hamkoridan biriga aylandi.

Misol uchun, Bank bilan hamkorlikda Buxoro viloyatidagi ichimlik suvi tarmoqlarini yaxshilash boʻyicha 720 million dollarlik loyiha qariyb 1,5 million aholini toza ichimlik suvi bilan uzluksiz taʼminlaydi. Yoki “Buxoro – Xiva” temir yoʻlini elektrlashtirish loyihasini ishga tushirish natijasida Xiva shahriga yiliga qoʻshimcha 1 million turist jalb qilish imkoniyati yaratiladi.

Taʼkidlash kerakki, shu kunlarda Bank bilan kelgusi uch yilda yana 4 milliard dollarlik loyihalar dasturini amalga oshirishga kelishib oldik”, - dedi Prezident.

Bugungi kunda Markaziy Osiyo aholisi 80 milliondan oshdi. Mintaqaning yalpi ichki mahsuloti kelgusi besh yilda 700 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, mintaqamizda yirik infratuzilma loyihalariga talab kun sayin ortib bormoqda. Hozirda amalga oshirish boshlangan “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurish ana shunday yirik mintaqaviy infratuzilma loyihasiga yaqqol misoldir.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid