Muzrabot tumaniga yangi rahbar tayinlandi
Shu vaqtga qadar tuman hokimi vazifasida ishlab kelgan Abdurashid Ismailov boshqa ishga oʻtgan.

Alisher Qurbonov Muzrabot tumani hokimi etib tayinlandi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi xabar berdi.
Xalq deputatlari Muzrabot tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi oʻtkazildi. Sessiya ishida Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov ishtirok etdi.
Viloyat rahbari shu vaqtga qadar tuman hokimi vazifasida ishlab kelgan Abdurashid Ismailov boshqa ishga oʻtishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilganligini bildirib, Qurbonov Alisher Qurbonovich nomzodini Muzrabot tumani hokimi etib tayinlash taklifini bildirdi. Nomzod deputatlar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.
Alisher Qurbonov 1973 yilda Muzrabot tumanida tugʻilgan. 1995 yilda Toshkent qishloq xoʻjaligi institutini, 2005 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Maʼlumoti boʻyicha mutaxassisligi – iqtisodchi-tashkilotchi, yurisprudensiya.
Faoliyati davomida Ichki ishlar organlarida turli lavozimlarda hamda xususiy sektorda mehnat qilgan. Tayinlovga qadar A.Qurbonov "Amirqulbobo KAA" fermer xoʻjaligi rahbari boʻlib faoliyat yuritib kelayotgan edi.