platina.uz
Jamiyat

DXX Urganch shahar hokimligi xodimini qoʻlga oldi

U sherigi bilan xaridorga 1 gektar yerni rasmiylashtirib berish uchun 50 ming dollar soʻragan. Gʻozgʻon shahar kadastr boʻlimi boshligʻi esa 6 ming AQSh dollari bilan ushlandi. 

DXX Urganch shahar hokimligi xodimini qoʻlga oldi

DXX joylarda yer maydonlarini noqonuniy sotayotgan shaxslarni qoʻlga oldi. Ular orasida kadastr boʻlimi boshligʻi, hokimlik mansabdori ham bor.

Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumani fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining mansabdor xodimi oʻzining turmush oʻrtogʻiga dehqonchilik qilish uchun ajratib berilgan 1 gektar yerni tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qilgan. Soʻngra u 6900 AQSh dollari va 15 mln. soʻm olgan vaqtida ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, joriy yilning mart oyida ushbu yer maydoni mazkur mansabdor shaxsning turmush oʻrtogʻi tomonidan auksion orqali sotib olinib, aprel oyida tuman hokimligi bilan ijara shartnomasi tuzilganligi hamda davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi maʼlum boʻldi.

Xorazm viloyatida kuzatilgan holatda Urganch tumani hokimligi xodimi 1977 y.t. shaxs bilan oʻzaro kelishgan holda, aldov yoʻli bilan xaridorning ishonchiga kirishadi.

Xususan, unga tuman hokimining 2018 yildagi qaroriga muvofiq, maishiy xizmat koʻrsatish obʼektlari qurish maqsadida boshqa bir fuqaroga ajratib berilgan, biroq, tasdiqlash uchun viloyat hokimining qarori chiqarilmasdan va tegishli tartibda kadastr xujjatlari ishlab chiqilmasdan, davlat roʻyxatiga kiritilmay qolgan 1 gektar yer maydonida yengil tipdagi kottejlar qurish mumkinligini aytishadi.

Shuningdek, tuman hokimining 2018 yildagi qarorini joriy yilda qabul qilingan “Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiqlashtirib berishni maʼlum qilishadi.

Ammo, ular qoʻshtirnoq ichidagi xizmatlari evaziga 50 ming AQSh dollari talab qilishib, oldindan 30 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ularning jinoiy sherigi boʻlgan, kadastr va arxitektura faoliyati bilan shugʻullanuvchi xususiy firma rahbari ham ushbu pul mablagʻidan 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

DXX Navoiy viloyati boʻyicha boshqarmasi va IJQKD hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda,Gʻozgʻon shahar kadastr boʻlimi boshligʻi oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, Nurota tumani hududida joylashgan va davlat zaxirasida boʻlgan 1 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 40 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 6 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

DXX Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Denov shahrida yashovchi, 1974 y.t. fuqaro oʻzining turmush oʻrtogʻi nomidagi fermer xoʻjalikka chorva ozuqa ekinlari ekish uchun ijara shartnomasi asosida ajratib berilgan 5,33 gektar yer maydonini kadastr idoralaridagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 80 ming AQSh dollari olgan vaqtida qoʻlga olindi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid