Din ishlari boʻyicha qoʻmita Umra masalasida ogohlantirish eʼlon qildi
Litsenziyaga ega xususiy turoperatorlar tomonidan Umra ziyoratini tashkil etish 5 oktabrgacha amalga oshiriladi. Shundan soʻng barcha turdagi faoliyat noqonuniy hisoblanadi.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita Umra ziyoratini tashkil etayotgan turoperatorlarga ogohlantirish bilan chiqdi.
Aytilishicha, internet va ijtimoiy tarmoqlarda Umra tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishga oid xizmatlarni koʻrsatish bilan bogʻliq reklama axborotlari faollashganligi, tegishli litsenziya va ruxsatnomalar boʻlmagan holatda ushbu xizmatlar reklama qilinayotganligi kuzatilmoqda.
Jumladan, turoperatorlar tomonidan oktabr-dekabr oylarida Umra ziyoratiga yuborish boʻyicha xizmatlar keng reklama qilinayotgani qayd etilmoqda.
“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 2024 yil 2 iyul kuni qabul qilindi. (02.07.2024 yildagi OʻRQ-935-son)
Ushbu Qonunga muvofiq litsenziyaga ega boʻlgan turoperatorlar tomonidan Umra tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishga oid xizmatlarni koʻrsatish joriy yil 5 oktabrga qadar amalga oshiriladi.
Bunda, Din ishlari boʻyicha qoʻmita mazkur sohadagi litsenziyalovchi vakolatli organ sifatida belgilandi.
2024 yil 5 oktabrdan soʻng Umra xizmatini koʻrsatish boʻyicha barcha turdagi faoliyat noqonuniy hisoblanadi.
Ushbu qonunbuzarlik uchun litsenziya olish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar miqdorlari BHMning 200 baravari (68 mln soʻm) etib belgilangan.
Umra tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishga oid xizmatlarini litsenziyaga ega boʻlmagan subʼektlar tomonidan koʻrsatish taqiqlangan.