Aliment toʻlovlari miqdori oshadi
1 oktabrdan ishsiz aliment toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan aliment miqdori 10 foizga, qarzdor pedagoglarniki esa 15 foizga oshadi.

Oʻzbekistonda aliment toʻlovlari oshadi.
Majburiy ijro byurosining boʻlim katta inspektori Hakimjon Ikromovga koʻra, aliment undiruvi 2024 yil 1 sentabrdan boshlab, qarzdorning nafaqasiga qaratilgan ijro hujjatlari boʻyicha toʻlanadigan aliment miqdori 15 foizga, 1 oktabrdan boshlab, qarzdor pedagog xodimlarning ish haqiga qaratilgan ijro hujjatlari boʻyicha toʻlanadigan aliment miqdori 15 foizga, xususiy sektor va budjet tashkilotlarida faoliyat yurituvchi qarzdorlarning ish haqiga qaratilgan ijro hujjatlari boʻyicha toʻlanadigan aliment miqdori esa 10 foizga oshadi.
Bundan tashqari, 2024 yil 1 oktabrdan ishsiz aliment toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan aliment miqdori ham oʻrtacha 10 foizga oshadi.
Maʼlumot uchun: agar aliment toʻlovchi shaxs ishlamaydigan boʻlsa yoki uning ish haqi va daromadini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagan boʻlsa, aliment qarzi undirilayotgan vaqtda Oʻzbekistondagi oʻrtacha oylik ish haqi miqdori boʻyicha hisoblab chiqiladi.
Eslatib oʻtamiz, Prezident farmoni bilan 1 sentabrdan pensiyalar, 1 oktabrdan esa byudjet tashkilotlari maoshlari oshishi belgilangandi.