Zelenskiyning "gʻalaba rejasi" tafsilotlari oshkor boʻldi
Rejada Ukrainaning Kursk viloyatidagi amaliyoti Kremlga bosim oʻtkazish vositasi sifatida saqlanib qolishi ham bayon etilgan.

Britaniyaning Times gazetasi Ukrainaning "gʻalaba rejasi" tafsilotlarini eʼlon qildi.
Times gazetasi Vladimir Zelenskiyning Jo Baydenga taqdim etish uchun AQShga olib kelgan "gʻalaba rejasi" toʻrtta asosiy nuqtadan iboratligini yozadi:
-NATOga aʼzolik boʻyicha oʻzaro mudofaa kelishuviga oʻxshash Gʻarb xavfsizlik kafolatlarini soʻrash;
- Ukrainaning Kursk viloyatidagi operatsiyasini hududiy garov sifatida davom ettirish;
- zamonaviy qurollar bilan taʼminlash boʻyicha soʻrov;
- Ukrainaning vayron boʻlgan iqtisodiyoti uchun xalqaro moliyaviy yordam.
Zelenskiy 26 sentabr kuni boʻlib oʻtadigan Bayden bilan uchrashuvigacha rejaning toʻliq tafsilotlarini oshkor qilmasligini aytdi va uni prezidentlikka ikki nomzod Donald Tramp va Kamala Xarrisga ham taqdim etish niyatida ekanligini aytdi, deya eslatadi gazeta.
Bundan tashqari, Zelenskiy Baydendan Ukraina uchun "xavfsizlik kafolati"ni talab qilmoqchi, bu esa Donald Tramp AQSh prezidentlik saylovlarida gʻalaba qozongan taqdirda Kiyevni noqulay tinchlik kelishuviga majburlashiga yoʻl qoʻymaydi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Ukrainadagi tinchlik boʻyicha Braziliya va Xitoy takliflari ham yangragan, ammo Kiyev uni Rossiya manfaatlariga xizmat qiladi deya tanqid qilgandi.