Yaxshi va qulay boʻlish kasallikka toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻl: psixologik va psixosomatik jihatlar
Psixologlar hissiyotlarni bostirish yuqori darajadagi stress bilan bogʻliqligini taʼkidlaydilar. Amerikalik psixolog Jeyms Gross tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, oʻz his-tuygʻularini bostirgan odamlar surunkali stressdan aziyat chekadi, yurak-qon tomir kasalliklarining rivojlanish xavfi ortadi.
Biz yashayotgan hozirgi jamiyat koʻpincha opportunizm, altruizm, fidoyilik va boshqalar uchun "qulay boʻlish" istagi bilan bogʻliq xatti-harakatlarni ragʻbatlantiradi. Bu ijtimoiy tendensiya, ayniqsa, shaxslararo munosabatlar, kasbiy muhit va oilaviy hayotda yaqqol namoyon boʻladi. Biroq, koʻplab psixologik tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, boshqalarni mamnun qilishga va roziligini olishga haddan tashqari urinish va oʻz ehtiyojlari hamda his-tuygʻularini bostirish - jiddiy ruhiy va psixosomatik asabdan kelib chiquvchi tana xastaliklarining rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Yaʼni sogʻlom gʻazabi va boshqalarnikidan farq qiluvchi fikr va hissiyotlarini yashirib, ichiga yutib yurgan odamda nafaqat ruhiy, balki tana darajasida xastaliklar kelib chiqadi.
Albatta bu oʻrinda gap majburiy va soxta xushfeʼllik haqida ketyapti. Samimiy ijobiy tuygʻulari bor va ular bilan boʻlashadigan insonlarga turli xastalik va xavflar tahdid solmaydi. Shu bois soxta muravvvat va xushfeʼllik qilmasdan, samimiy boʻlish sogʻliqqa foyda keltiradi, deyish mubolagʻa boʻlmaydi.
Hissiyotlarni bosish oqibatlari
Bostirilgan his-tuygʻular va jismoniy kasalliklarning rivojlanishi oʻrtasidagi bogʻliqlikka birinchilardan boʻlib eʼtibor qaratganlardan biri - psixoanalitik, “Koʻz harakatlari bilan desensibilizatsiya (sezgini pasaytirish va travmalarga ishlov berish” (Eye Movement Desensitization and Reprocessing therapy (EMDR) — uslubining muallifi Frensin Shapiro boʻldi.
U oʻz asarlarida ruhiy travma va bostirilgan kechinmalar psixosomatik kasalliklarga olib kelishi mumkinligini taʼkidladi. Biror kishi "qulay" boʻlish va hammaga yoqish uchun doimo oʻzining salbiy his-tuygʻulari va stressni bostirganida, bu his-tuygʻular izsiz yoʻqolib ketmaydi, balki bosh ogʻrigʻi, oshqozon buzilishi, surunkali charchoq kabi boshqa jismoniy simptomlar vositasida ozod boʻladi – “teshib” chiqadi.
Bundan tashqari, psixologlar hissiyotlarni bostirish yuqori darajadagi stress bilan bogʻliqligini taʼkidlaydilar. Misol uchun, amerikalik psixolog Jeyms Gross tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, oʻz his-tuygʻularini bostirgan odamlar surunkali stressdan aziyat chekadi va ularda yurak-qon tomir kasalliklarining rivojlanish xavfi ortadi. Gross hissiy tartibga solish modelini ishlab chiqqan boʻlib, unda ijtimoiy tinchlikni saqlash uchun norozilik yoki gʻazabni bostirishga urinishlar immunitet tizimining buzilishiga va umuman salomatlikning yomonlashuviga olib kelishi mumkinligini tushuntirdi.
Ijtimoiy rollar va "qulay odam" sindromi
Qulaylik sindromi - bu oʻz manfaatlarini qurbon qilish evaziga boshqalarning sendan umid va kutilmalari - manfaatlarini qondirishga intilishni tavsiflovchi tushuncha. Bu sindrom koʻpincha avtoritar yoki nazorat kuchli muhitda oʻsgan odamlarda uchraydi. Bu yerda ular avtoritar figuraning yaxshi munosabati va maʼqullashi evaziga boʻysunish va oʻz ehtiyojlaridan voz kechishga oʻrganishgan. Bunday xatti-harakatlar ular katta boʻlganida ham davom etadiki, bu esa bir qator salbiy oqibatlarga olib keladi.
Bogʻlanib, qaram boʻlib qolish nazariyasi asoschisi Jon Balbi tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, ota-onasidan begʻaraz, shunchaki qoʻllab-quvvatlash va maʼqullash olmagan bolalar koʻpincha boshqalarning koʻnglini va roziligini olish uchun oʻz ehtiyojlarini chetga surgan holda ularning ehtiyojlarini qondirishga intiladi. (Bunday odamlardan laganbardor va yaloqi xushomadgoʻy maddohlar yetishib chiqadi. Shundaylarning kasofati bilan turli diktator, zolim va avtoritar unsurlar davlat tepasiga chiqib oladi va oʻlgunicha mansabini boʻshatmaydi). Voyaga yetganida, bunday odam oʻz shaxsiyatini boshqalar uni qanday holda koʻrishni istayotgani asosida quradi. Masalan, bir bola haydovchi boʻlishni orzu qiladi, biroq u ota-onasining orzu-havasi, atrofidagilarning “shunday ziyoli ota-ona farzandi haydovchi boʻladimi”, qabilidagi kutilmalariga mos kelish uchun, aytaylik, yuridik institutga oʻqishga kirib, diplom olishga intiladi. Bunday jarayonda u shaxsiy oʻzligini anglashning rivojlanishiga toʻsqinlik qiladi, bu esa hissiy charchash va tushkunlikka olib keladi.
Buning teskarisi ham boʻlishi mumkin. Oddiy haydovchining farzandi yurist yoki tadbikor boʻlishga intilsa, odamlar shunchaki hasad va bu maqsadning kutilmalarga zid ekanligi bois, darorov bunga qarshi chiqadi. “Haydovchining bolasiga yurist boʻlishni kim qoʻyibdi”, “ota-onang kim-u, sen kim boʻlarding” shaklidagi kutilmalar bilan bolaga toʻsqinlik qilishga urinishadi.
Bosilgan his-tuygʻular natijasida kelib chiquvchi psixosomatik kasalliklar
Tuygʻularni bostirish va psixosomatik kasalliklarning rivojlanishi oʻrtasidagi bogʻliqlik bir qator tadqiqotlar bilan tasdiqlangan. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) maʼlumotlariga koʻra, shifokorlarga jami tashriflarning taxminan 60-80 foizi surunkali stress, bostirilgan his-tuygʻular va oʻz his-tuygʻularini ifoda eta olmaslik kabi psixosomatik omillar tufayli kelib chiqqan yoki kuchaygan kasalliklar tufayli yuzaga keladi.
Bostirilgan his-tuygʻular bilan bogʻliq boʻlgan psixosomatik kasalliklarning klassik misollari - oshqozon yarasi, gipertenziya (yuqori qon bosimi) va surunkali ichak sindromi. Psixosomatik tibbiyot asoschilaridan biri, nemis psixiatri Frans Aleksandrning tadqiqotlariga koʻra, bunday kasalliklar koʻpincha doimiy tashvish yoki gʻazabni boshdan kechiradigan, ammo bu his-tuygʻularni ifoda eta olmaydigan odamlarda uchraydi. Aleksandr, bostirilgan his-tuygʻularning toʻplanishi asta-sekin surunkali kasalliklarga aylanib, ichki organlarning faoliyatini buzadi, deb hisoblagan.
1960-yillarda britaniyalik koʻkrak qafasi jarrohi Devid Kissen bir qonuniyatni payqagan. U oʻz tajribasida aniqlashicha, hissiyotlarini bostirgan odamlarning oʻpka saratoni bilan kasallanish ehtimoli yuqoriroq boʻlar ekan. Oʻpka saratoniga chalinuvchilarning aksariyati chekuvchilar boʻlishi haqiqat. Biroq har 100 ta kashandaning atigi 10 yoki 15 nafari oʻpka saratoniga chalinadi. (Irsiyat va boshqa omillarni ham hisobga olish kerak, albatta). Lekin oʻpka saraton xastaligi bilan ogʻrigan odamlarning aksariyati - “xushfeʼl va odamlarga yoqishga urinuvchi odamlar boʻlgan.
Yana bir mashhur psixolog Gabor Mate ham shunday fikrda. Uning kuzatuvlari natijasida olingan xulosalarga koʻra, odam oʻz manfaatlariga “yoʻq” desa, oʻz hissiyotlari va sogʻlom gʻazabini bostirsa, bunga albatta tanadan javob qaytadi. Yaʼni tana tabiiy yoʻl bilan oʻzini namoyon eta olmagani bois, kasallik shaklida javob beradi. Matening aytishicha, oʻz hissiyotlarini bostirish - immun tiziminnig javob reaksiyasiga olib keladi. Yaʼni sogʻlom gʻazab va hissiyotlarimizni bostirsak, immun tizimimizni ham bosgan boʻlamiz. Immun tizimining kuchsizlanishi esa psixosomatik kasalliklar uchun keng yoʻl ochadi.
Gabor Matening sogʻlom gʻazabni bostirish tushunchasiga ayrimlar qarshi chiqadi. “Ofitsiantga biror kichik xatosi uchun bemalol gʻazab sochish kerakligini targʻib qilyapsizmi”, deya pisanda qilishadi. Biroq, Matening aytishicha, sogʻlom gʻazab – bu oʻz chegaralarini belgilab olishdir. Yaʼni begonalarga va aynan kimlarga nimalarni ruxsat berasiz - buni ularning oʻziga ham bildirib qoʻyishdir. Sogʻlom gʻazab – bu ona ayiqning uyasiga yaqinlashayotgan ovchilarga qichqirib, “bu mening hududim, yoʻqolinglar deyishidir.
Gabo ajoyib bir misol keltiradi. Masalan, chaqaloq ochqasa yoki tagini hoʻllab qoʻysa, “qoʻy, mayli indamay qoʻyaqolay, ota onam ham ham charchagan, uyquga toʻymagan. Ularni bezovta qilib, sut soʻramay, sabr qilib oʻtiraveray” demaydiku! Shunga oʻxshash, odamlar ham oʻz istaklari nimaligini aniq ifoda qilish va ular uchun kurashishga haqli.
Biroq istaklarning ham aslini, aynan sizniki boʻlganlarini ajratib olishi krak. “Odamlar nima deydi, shunday qilyaptiku, hamma shundayku, mendan buni emas, mana buni kutishadiku” tarzida shakllangan orzu istak va maqsadlar sizniki emas, ishoning! Masalan, “falonchi toʻyiga 5000 dollarga falonchi otarchini olib kelibdi, yoki falonchi toʻyida buncha qoʻy soʻyibdi”, yoki “mening xotinim falon tonna ovqat qilaylik deyapti, demak qilishim kerak” qabilidagi istaklar ham sizning asil istaklaringiz emas, bunga ham boshingizni qotirmang!
Perfeksionizm va hissiy buzilishlar oʻrtasidagi munosabatlar
Yaxshi boʻlishga va boshqalarning yuqori umidlarini qondirishga boʻlgan haddan tashqari intilish, ruhiy va jismoniy kasalliklarga olib kelishi mumkin boʻlgan perfeksionizm fenomeni bilan bogʻliq. Perfeksionizm (mukammallik va mutlaqo tekis va toʻgʻrilikka intilish) koʻpincha doimiy tashvish, toʻlaqonli inson emaslik hissi va xato qilishdan qoʻrqish bilan birga keladi.
Buni baʼzan “aʼlochilik” sindromi deb ham atashadi. Masalan, ota-ona bolasidan doim 5 bahoga oʻqishni talab qiladi. Past baho olsa, ularning muomalasi oʻzgaradi, urishadi, hatto jazolaydi. Natijada bola bilim olish uchun emas, ota-onasining maʼqullashi, eʼtibori, mehri va yaxshi muomalasidan umid qilib 5 baho olishga intiladi. Shuningdek, unda perfeksionizm shakllanadi. “Hamma ishni mukammal qilishim kerak, mukammal odam boʻlishim kerak,” degan oʻy bilan yuradigan boʻladi. Afsuski hayotda buning iloji yoʻqligi bois, qoʻl urgan ishi koʻngildagidek boʻlmasa, u qattiq tushkunlikka tushadi. Bu esa tana kasalliklariga olib keladi.
Bu sindrom katta yoshdagilar oarsida “odamlar nima deydi” qabilida davom etadi. Bunday odamning oʻz asil orzulari va qarashlari boʻlmaydi yoki voz kechiladi. U doim boshqalarning didi va raʼyiga qarab ish tutadi.
Perfeksionizim oqibatida samaradorlik va mahsuldorlik ham pasayadi. Perfeksionist berilgan topshiriq yoki oʻz oldiga qoʻygan maqsadiga yuqori darajada erishmaganicha ovora boʻlib yuraveradi. Boshqalar kuniga 4 ta mahsulot bersa, bunday odam bezab-bejab, oʻzidan koʻngli toʻlmasdan, loyihani topshira olmay oʻtiraveradi. Bundaylar “mukammal bajarilmagan loyihaning yashashga haqqi yoʻq” degan fikr bilan yashaydi va ishlaydi.
Maʼlumot:
Buning aksini Stiv Jobs hayotida koʻrish mumkin. Apple kompaniyasi dastlabki Iphone smartfonini loyihalashtirganida uning kamchiliklari ham boʻlgan albatta. Biroq mukammallika intilib, uni tuzatib, bezab-bejab oʻtirilsa, raqobatchilar birinchi boʻlib bozorga chiqishi mumkin edi. Shu bois Jobs bu smartfonni darrov bozorga chiqarishga qaror qiladi. “Qolgan qutgan kamchiliklarini keyin tuzatib, Iphone 2 nomi bilan bozorga chiqaramiz” deydi.
Stiv Jobs dasturchi boʻlgani bois shunday yoʻl tutgan boʻlsa ajab emas. Chunki dasturchilar biror dasturni mukammal qilib yozib, keyin foydalanishga topshirishga urinishmaydi. Asosiy ehtiyojlarni qondira oladigan, qoʻyilgan asosiy talablarga javob bera oladigan dastur shakllansa kifoya - darrov eʼlon qilishadi. Kamchiliklarini esa v.2 (2-versiya) tarzida chiqarishadi, yoki avvalgi “xomroq” dastur uchun “yangilanish” chiqarib, internet orqali dasturni yangilab olishni taklif etishadi.
Perfeksionizm, xato qilishdan qoʻrqish sindromini ham yuzaga chiqaradi. Yaʼni ota-onasi aʼlosi boʻlishga majburlagan bola, hayotda qoqilish va xato qilib qoʻyishdan qoʻrqib, yangi ishlarga qoʻl ura olmaydi. Ikkilanuvchi va juraʼtsiz hamda uyatchan boʻlib qoladi. “Agar biznes ochsam-u, kuyib qolsam nima boʻladi, atrofdagilar nima deydi” degan ikkilanishlar bilan oʻz biznesini ham boshlay olmasdan bu dunyodan afsus bilan oʻtib ketishi mumkin.
Psixolog Gregori Miller oʻzining "Perfeksionizm va salomatlik" (2016) tadqiqotida perfeksionizm depressiya, bezovtalik holati va surunkali stress kabi holatlarning rivojlanishi bilan chambarchas bogʻliqligini koʻrsatgan. Perfeksionizmdan aziyat chekadigan odamlar koʻpincha dam olishga qodir emaslar va hayotning barcha jabhalari ustidan erishib boʻlmaydigan darajada nazorat oʻrnatishni istashadi, bu esa oxir-oqibat hissiy va jismoniy charchoqqa olib keladi. Atrofdagilari esa ularning injiqligi, har ishga “burun suqaverishi”, soʻralmasa ham maslahat beraverishi, tanbeh qilaverishlaridan aziyat chekishadi.
Turli shaxsiyatlar “qutisi”
Koʻpgina psixologlar va psixoanalitiklar boshqalarga yoqishga urinb yashash, salomatlikka salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligini tasdiqlashadi. Analitik psixologiya asoschilaridan biri Karl Yung jamiyat kutilmalarini (yaʼni jamiyat seni qanday odam sifatida koʻrishin istashini) qondirish uchun oʻzining haqiqiy shaxsitini bostirish - shaxsiyatning boʻlinishiga va nevrozlarning rivojlanishiga olib kelishi mumkinligini taʼkidladi. Yaʼni odam koʻchada boshqa, ishxonasida boshqa, uyida boshqa odam boʻlishi mumkin. Bunday turli “niqoblar” bilan yashash aqliy va ruhiy nosogʻlomlikni hamda asil oʻlik bilan nomuvofiqlikni keltirib chiqaradi. Masalan , amerikalik ruhiy nosogʻlom patsiyent Billi Milliganda 24 xil shaxsiyat boʻlgan - ular orasida 5 yasharli qizchadan tortib, rashkchi ayol, turli kasb egalari va hokazo odamlar bitta tana ichida, aniqrogʻ miya ichida “yashagan” hamda vaqti-vaqti bilan nazoratni qoʻlga olib, oʻzlarini namoyon etishgan. Biri boshqaruvda boʻlgan paytida qilgan ishlarini boshqa shaxsiyat eslay olmagan va bilmagan hattoki. Aytaylik, Milliganning 5 yashar qizcha shaxsiyati yuzaga chiqsa, u xuddi 5 yashar qizdek oʻylagan, gapirgan va shunga xos xatti harakat va xulq atvorini namoyon qilgan. (Odatda bunday shaxsiyat boʻlinishi yoshligida jinsiy zoʻravonlikka uchragan odamlarda koʻproq uchraydi. Yoshligida zoʻrlangan inson bu holatni qabul qila olmaydi va undan ruhan chetlanadi. “Tahqirlangan odam men emasdim, u boshqa odam edi” degan ovutuvchi fikrlar asosida “qoʻshimcha” shaxsiyat yaratiladi).
Karl Yung oʻzining "Arxetiplar va jamoaviy ongsizlik" kitobida yozganidek, atrofdagilarning maʼqullashiga sazovor boʻlish uchun oʻz ehtiyojlarini qurbon qilgan odam oʻzi bilan aloqani yoʻqotadi, bu oxir-oqibat ichki ziddiyat va ruhiy kasalliklarga olib keladi.
“Yoʻq” deya olishni oʻrganing!
Psixoterapevt va "Ilohiy kasallik" kitobi muallifi Garriyet Breykerning fikricha, boshqalarni mamnun qilish istagi, boshqalarning hafsalasini pir qilishdan va “ishonchi”ni oqlay olmaslikdan qoʻrqish va "yoʻq" deb ayta olmaslik - oʻz-oʻzini yoʻq qilishga va psixosomatik kasalliklar rivojlanish xavfini oshirishga olib keladigan majburiy xatti-harakatlar hisoblanadi. Yaʼni, “birovga “ha” deganingizda, oʻzingizga “yoʻq” deyayotgan boʻlishingiz mumkinligini unutmang.
Bir qarashda, “yoʻq” deyish qiyin emasdek tuyuladi. Biroq yaqin doʻstu qarindosh hamda hurmatli odamlarga, rahbarlarga bu gapni hamma ham ayta olmaydi. Aks holda hurmat izzat, doʻstlik, muhabbat va iltifotga boy status-kvodan ayrilib qolish mumkin.
Breakerning taʼkidlashicha, bu xatti-harakatlar koʻpincha nazorat qiluvchi va manipulyatsiyali tarbiya natijasidir.
Yechimlar haqida
Muammoni bilish - uni hal qilishning birinchi qadamidir. Psixoterapiya, ayniqsa kognitiv xulq-atvor terapiyasi boshqalar uchun “qulay” odam sindromi boʻlgan insonlarga sogʻlom chegaralarni belgilash va his-tuygʻularini ifoda etishni oʻrganishga yordam beradi. Terapiya fikrlash va xulq-atvor shakllarini oʻzgartirishga qaratilgan boʻlib, u oʻz ehtiyojlari hisobiga boshqalarni xursand qilish odatidan xalos boʻlishga yordam beradi.
Bundan tashqari, talabchanlik koʻnikmalarini - oʻz huquqlaringizni himoya qilish, oʻz chegaralaringizni belgilash va oʻz ehtiyojlaringizni konstruktiv tarzda ifoda etish qobiliyatini rivojlantirish muhimdir. Koʻpgina tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, qatʼiy qobiliyatga ega boʻlgan odamlar surunkali stress va psixosomatik kasalliklardan kamroq aziyat chekishadi.
Xulosa qilib aytganda, boshqalar uchun yoqimli va qulay boʻlish jiddiy psixologik va jismoniy kasalliklarga olib kelishi mumkin boʻlgan yoʻldir. Tuygʻularni bostirish, perfeksionizm va boshqalarni mamnun qilish uchun oʻz ehtiyojlaridan voz kechish tana va ruhiyatga salbiy taʼsir koʻrsatadigan kuchli stressni keltirib chiqaradi.
Abulfayz Sayidasqarov