platina.uz

"Overton tuynugi": taqiqlangan tushunchalarning majburiyatga aylanishi

Bunda diskurs sezilarli darajada oʻzgaradi: muammmo tez-tez taʼkidlanadi, uning raqiblari yoqimsiz koʻrinishda taqdim etiladi va ular taraqqiyotga qarshilik va mutaassiblikda ayblanadi.

Maqola
22-sentabr, 17:08
"Overton tuynugi": taqiqlangan tushunchalarning majburiyatga aylanishi
Fotokollaj: Platina.uz

"Overton tuynugi" yoki diskurs oynasi – jamiyatda, media va siyosatda gʻoyalarning doirasini tasvirlash uchun sotsiologik nazariyadir. Sodda qilib aytganda, bu jamiyatda, media va siyosatda nomaqbul hamda tabu gʻoyalarning qanday qilib maqbul va meynstrimga aylanishini tushuntiradigan gʻoya hisoblanadi. Aytishlaricha, odamxoʻrlikni jamiyat uchun maqbul hodisaga aylantirish hodisasini ham ayni shu gʻoya orqali modellashtirish mumkin.

Ushbu nazariya Makinak ijtimoiy siyosat markazining vitse-prezidenti Jozef Overtonning nomi bilan ataladi. U 1990-yillarda siyosiy fikrlarning turli darajalari ham maqbul boʻlishi mumkinligi nazariyasini taklif qilgan. Mazkur nazariya Overton oʻlimidan keyin ommaviylashib ketdi. Overton 2003 yili aviahalokatda bu dunyoni tark etganidan soʻng, hamkasblari uning nazariyasini matbuotda eʼlon qilishdi.

Konsepsiya avvaliga faqat tor doiralarda mashhur boʻldi. 2010 yilda jurnalist Glenn Bek “Overton tuynugi” romanini nashr qilgach, bu konsepsiya juda tez ommalashib ketdi. Lekin roman mazkur konsepsiyani nazariy spekulyatsiyalar va konspirologik afsona hamda taxminlarni iushuntirish asosiga aylantirdi.

"Overton tuynugi" nazariyasining amaliy jihatlari

Dastlab Overton nazariyasi tahlil markazlari – think tank’lar – va huquq himoyachilari uchun amaliy qoʻllanma sifatida qabul qilingan. U siyosiy masalalar borasida ijtimoiy fikr chegaralarini tahlil qilish imkonini beradi. Lekin gʻoyaning yana bir pragmatik tomoni ham bor: Jozef Overton shu tariqa potensial moliyaviy homiylarni Makinak markazi uchun pul xayriya qilishga koʻndirgani haqida maʼlumotlar yuradi.

Overton mazkur tashkilotlar jamiyat va siyosiy elita uchun maqbul gʻoyalarni tushunib, belgilangan qadriyatlarni strategik ravishda targʻib qilish va diskurs chegarasini istalgan yoʻnalishda oʻzgartira olishadi, deb hisoblagan. “Davlat rahbarlari qandaydir siyosatni oʻz xohishiga koʻra amalga oshirishlari mumkin emas, ular faqat siyosiy jihatdan maqbul masalalarni tanlashadi. "Overton tuynugi" ushbu gʻoyalar doirasini belgilaydi”, degan edi Makinak markazi rahbari Jozef Leman The New York Times gazetasiga bergan intervyusida.

1990-yillarda "Overton tuynugi" oʻng siyosiy kuchlarga qaratilgan edi. Nazariya muallifi bu “tuynuk” judayam chapga siljib ketgani va natijada konservativ siyosat jamiyat ongida marginallashib boryapti, deb hisoblagan. Keyinchalik "Overton tuynugi" har xil siyosiy kontekstlarga qoʻllanildi va u istalgan gʻoyalarni OAV orqali targʻib qilish texnologiyasi darajasida takomillashtirildi.

"Overton tuynugi" tamoyillari va “sukunat spirali”

Overton nazariyasiga koʻra, gʻoya ijtimoiy maʼqullanishidan oldin bir necha bosqichlarni bosib oʻtadi: u diskursda (mafkuraviy kontekstdagi matnlar yigʻindisida) goʻyoki urugʻ kabi unib chiqadi va tobora koʻproq tarafdorlar orttiradi. Qanchalik koʻp odamlar ilgari ommabop boʻlmagan gʻoyani omma oldida qoʻllab-quvvatlasa va u nima uchun maqbul va hatto foydali ekani haqida oqilona dalillar topsa, u shunchalik tez jamiyat tomonidan qabul qilingan meʼyorga aylanadi.

Shu bilan birga, diskurs sezilarli darajada oʻzgaradi: muammmo tez-tez taʼkidlanadi, uning raqiblari yoqimsiz koʻrinishda taqdim etiladi va ular taraqqiyotga qarshilik va mutaassiblikda ayblanadi. Muvozanatli pozitsiya diskursdan yoʻqolib ketayotganga oʻxshaydi, muvozanatda faqat qutbli mulohazalar qoladi va imkoniyatlar tuynugi kengayadi. Giper ekstremal pozitsiyalardan farqli oʻlaroq, kamroq radikal gʻoyalar maqbul va moʻʼtadil tuyula boshlaydi.

Jamoatchilik fikridagi bu oʻzgarish qisman boshqa, oldingi sotsiologik konsepsiya – nemis siyosatshunosi Elizabet Noel-Noymanning “sukunat spirali nazariyasi” bilan izohlanadi.“Sukunat spirali” gʻoyasi shuni anglatadiki, agar odam biror-bir masala yoki gʻoyada kamchilik ekanini his qilsa, uning fikri koʻpchilik qoʻllaydigan fikrga zid boʻlsa, oʻz fikrini ochiq aytishdan ikkilanadi yoki qoʻrqadi. Chunki masxara qilishlari, oʻch olishlari, jazolashlari, ihotalab qoʻyishlari, boykot eʼlon qilishlari va hokazo salbiy oqibatlardan qoʻrqadi. Ushbu psixologik taʼsir koʻpchilikning fikri jamiyatda eng ommabop ekani haqidagi illyuziyani keltirib chiqaradi. Aslida u ommabop boʻlmasligi ham mumkin. Shu sababdan, Noel-Noyman fikricha, ijtimoiy soʻrov natijalariga zid ravishda, mashhur boʻlmagan siyosatchilar va partiyalar ham, agar goʻyoki ularni keng jamoatchilik qoʻllab-quvvatlaydi, degan illyuziyani yarata olsalar, gʻalaba qozona olishadi. 1960-yillarda Germaniya sotsial-demokratik partiyasi kutilmaganda parlamentda koʻpchilik oʻrinlarni qoʻlga kiritgani bunga misol boʻla oladi.

"Overton tuynugi"ning ishlash prinsipi

Siyosiy gʻoyalar ijtimoiy ongda maʼlum bahosiz mavjud boʻlmaydi. 2006 yilda prezident kichik Jorj Bushning spichrayteri (nutq yozib beruvchisi) Joshua Trevino siyosiy gʻoyalarni qabul qilish shkalasini taklif qildi, bu ikkala "Overton tuynugi"ning siljish bosqichlarini aks ettiradi va uning qanday ishlashini tushuntiradi:

Nomaqbul

Radikal

Maqbul

Oqilona

Ommabop

Normal

Ommabop

Oqilona

Maqbul

Nomaqbul

Hech bir siyosatchi oʻz dasturiga ushbu spektr chekkasidagi gʻoyalarni kiritmaydi, chunki u saylovchilar tomonidan qoʻllab-quvvatlanmaydi. Hukumat vakillari koʻpincha "Overton tuynugi" doirasida, yaʼni umumeʼtirof etilgan meʼyorlar va qadriyatlar chegarasidan tashqariga chiqmasdan va koʻpchilik qoʻllab-quvvatlamaydigan narsalarni inkor etgan holda harakat qilishadi. "Overton tuynugi" yuqorida koʻrsatilgan spektr shkalasi boʻylab siljib, siyosatchilar omma tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi mumkin boʻlgan gʻoyalar sonini koʻpaytirishi yoki kamaytirishi mumkin, bu esa ommaning qoʻllab-quvvatlashidan mahrum boʻlish xavfini tugʻdirmaydi.

“Overton tuynugi” qanday siljiydi yoki kim uni siljitadi?

Odatda "Overton tuynugi" bir qator omillarning kombinatsiyasi tufayli oʻzgaradi: OAVlarda muammoni yoritish xususiyatlari, jamoatchilik fikri yetakchilari mashhurligining oʻsishi yoki pasayishi, toʻsatdan yuz bergan ijtimoiy boʻhronlar va hokazo. Shu tariqa, eng bemaʼni gʻoyalar ham "Overton tuynugi"ni siljitishi va jamoatchilikning biror masalaga salbiy munosabatini ijobiyga oʻzgartirishi mumkin. Yaʼni bugungi kunda aqlga sigʻmaydigan narsa potensial ravishda maqbul, ommabop yoki odatiy holga aylanishi mumkin.

"Overton tuynugi"ning siljishi (yoki kengayishi) borasida misollar juda koʻp. Mana ulardan bir nechtasi:

Ayollar emansipatsiyasi

XX asr oʻrtalariga qadar ayollarning shim kiyib yurishi nomaqbul hodisa boʻlgan. Ayollar ovoz berish huquqiga ega boʻlishdi, lekin shim kiysalar jamiyatning malomatiga qolib ketishardi. Hatto ilgʻor sovet ayollari – traktor haydovchilari, uchuvchilar, hammollar, mexaniklar ham faqat ish formasi sifatida shim kiyishgan. Ammo ishdan tashqari ular faqat yubka yoki koʻylakda jamoat oldida koʻrinishlari mumkin edi. Biroq turli omillar taʼsirida ayollarning shim kiyib yurishi hech kimni ajablantirmaydigan hodisaga aylandi.

Yoki yana bir misol. Yuqorida zikr etilganidek, “koʻpchilik qilyapti”, “koʻpchilik maʼqullayapti” degan yolgʻon ijtimoiy fikr tugʻdirish ham "Overton tuynugi"ni siljitadi. Masalan, bir paytlari ayollarning sigaret chekishi hatto Yevropada ham oʻta nomaqbul hisoblangan. Faqat erkakshoda ayollar, marginalllar yoki fohishalar bu zararli odatga oʻrgangan. Biroq mashhur sigaret brendlaridan biri, ayollarni ham sigaretga oʻrgatish, shu orqali savdo hajmini oʻstirishni reja qilgan. Buning uchun bir guruh chiroyli va soʻnggi modada, qimmat liboslar kiygan ayollarga sigaret chekkan holda koʻchalarni kezib yurish topshirilgan. Bu yollangan modellarni koʻrgan jamiyatda avval bu hodisaga beparvo boʻlish, keyin koʻnikish, keyin esa maqbul va odatiy hol sifatida qarash shakllandi. Yaʼni "Overton tuynugi" “nomaqbul” shkalasidan siljib, “maqbul” shkalasiga tushdi.

Black Lives Matter harakati

Black Lives Matter harakati – "Overton tuynugi"ning kengayishi siyosiy va ijtimoiy oʻzgarishlarga olib kelganiga yorqin misoldir. Diskurs ham oʻzgardi: yirik korporatsiyalar zaif jamoalarni qoʻllab-quvvatlash mafkurasiga moslasha boshladilar va harakatni qoʻllab-quvvatlamaganlarning postlarini senzura qilish algoritmlarini joriy qildilar. Shunday qilib, "Overton tuynugi" tenglik uchun kurashni imtiyozlar va oʻz mavqeini oshirish uchun kurashga aylantirish imkonini berdi.

Bir jinsli nikohlar

Soʻnggi bir necha oʻn yilliklarda jamiyatning bir jinsli nikohga boʻlgan munosabati keskin oʻzgardi: ilgari nomaqbul deb hisoblangan va omma oldida muhokama qilinmagan gʻoya hozir hech boʻlmaganda "maqbul" bosqichda va 34 mamlakatda, jumladan, Belgiya, Germaniyada. Fransiya va AQShda odatda qonunchilik darajasida mustahkamlangan. Bu gʻoya bir paytlari jinoiy jazo belgilangan sodomiya qonunlaridan, bir jinsli nikohni dekriminallashtirish va qonuniylashtirish, hatto targʻib etishgacha boʻlgan yoʻlni “siljib” bosib oʻtdi.

Iqlim oʻzgarishi

Bu muammo yaqindagina global darajadagi masalaga aylandi. Jamiyatning atrof-muhitga boʻlgan gʻamxoʻrligi ortib bormoqda va "Overton tuynugi" ham kengaymoqda: iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq siyosiy gʻoyalar meynstrimga oʻtmoqda. Barqaror rivojlanish yoʻlini tanlamagan mamlakatlar xalqaro tendensiyalardan tushib qolmoqda.

Immigratsiya

Immigratsiya masalasi koʻp vaqt davomida aksariyat mamlakatlarda bahsli mavzu boʻlgan: bu jarayonni qanday boshqarish va demokratik qadriyatlar va inson huquqlari kontekstida tartibga solish haqida muhokamalar oʻtkazilgan. Oʻng siyosatchilarning harakatlari natijasida soʻnggi yillarda baʼzi mamlakatlarda "Overton tuynugi" immigratsiya siyosatini cheklash tomoniga siljidi.

Xulosa

"Overton tuynugi" jamiyatdagi siyosiy gʻoyalar va ixtiyoriy qarorlar koʻlamini koʻrsatadi. U gʻoyalarni qabul qilish va ularning qonuniylashtirilishi kontekstida qarorlar qabul qilish jarayonida qoʻllaniladi. Mazkur nazariyaning amaliy qoʻllanishi bugungi kunning ijtimoiy va siyosiy muammolarida oʻziga xos rol oʻynaydi. "Overton tuynugi" jamiyatdagi gʻoyalarning oʻzgarishi va fuqarolarning siyosiy masalalarga munosabatlarini tushunishga yordam beradi.

Sodda qilib aytganda, jamiyatga biror yangi jarayon yoki odatni kiritish uchun avval bu masalaga beparvolik shakllantiriladi. Aytaylik (bu shunchaki misol, oʻrniga boshqa illatli masalani ham qoʻyish mumkin), odamxoʻrlar haqida turli bloger va OAVlar tomonidan chiqishlar koʻpayadi. Bu tanqidiy boʻlsa ham farqi yoʻq – eng muhimi xalqning “qulogʻini oʻrgatish”, “shundaylar ham bor ekan, koʻp ekan, tinch yashab yurgan ekan”, degan gʻoyani singdirish muhim boʻladi. Bu axborot bosqichidir. Keyingi bosqichda esa bu mavzuga neytral munosabat shakllantiriladi. Yaʼni odamxoʻrlar ham sizu bizga oʻxshagan odam, ularning bizdan farqi biroz xolos, ular shunchaki qorin toʻydirish dardida odam oʻldirishadi, aslida ularda ham qalb bor degan fikr singdiriladi. Keyin esa odamxoʻrlarning orasidan biroz yaxshiroqlari tanlab olinib, misol qilinadi. Aytaylik, “bu odamxoʻr boʻlsa-da, xayriya ishlariga koʻp pul ajratadi” qabilida. Vaqt oʻtishi bilan esa jamiyat hayotidagi bu jarayon yoki odat mustahkamlanib, insonlar hayotining ajralmas bir boʻlagiga aylanib qoladi. Keyingi bosqichda esa odamxoʻrlik, uning goʻyoki yaxshi va foydali jihatlari targʻib etiladi. Odamxoʻrlikni qabul qilganlarga mukofotlar va imtiyozlar berib, ragʻbatlantirladi. Undan soʻng, oxirgi bosqichda esa odamxoʻr boʻlmaganlarni jazoga tortish qonun bilan belgilab qoʻyiladi. Qarabsizki, odamxoʻrlik “Overton tuynugi” shkalasining “eng nomaqbul” va jinoiy hodisa shkalasidan sekin-asta (bu juda muhim, jamiyat tezkorlikni koʻtarmaydi!) siljitilaverib, “maqbul” va majburiy hodisaga aylantirilishi mumkin.

Xuddi shu uslubni biror yaxshi narsani jamiyatda yomon narsaga aylantirishda ham moslashtirib foydalanish mumkin. Eslatib oʻtamiz, yomon narsaga aylantirish, deganda uning yomon boʻlib qolishi emas, balki ijtimoiy fikrda uni yomon qilib koʻrsatish nazarda tutiladi.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+