"Muzlatilgan" mojarolar

Bu nizolar murakkab tarixiy, etnik, diniy yoki geosiyosiy omillar sababli kelib chiqadi va oʻnlab yillar davom etishi mumkin.

Tahlil
22-sentabr, 15:05
"Muzlatilgan" mojarolar

Rossiyaning Ukrainaga bosqinchilik urushi davom etayotgan ayni kunlarda taktik rejalar oʻzgarmoqda. Ikki yildan beri davom etayotgan urushning adogʻi koʻrinmayapti. Jang va xalqaro maydondagi qandaydir yutuqlar yoki iqtisodiy zararu va talafotlar oʻz yoʻliga-yu, lekin odamlar halok boʻlmoqda. Rossiya hujumlari Ukrainadagi tinch aholini qirayotgani yetmaganidek, deyarli 200 mingga yaqin rus askarlari Putinning Ukrainani bosib olishdek qonli orzusi yoʻlida qurbon boʻldi. 

Bunday adolatsiz yoʻqotishlar fonida nafaqat xalqaro hamjamiyat, balki Ukraina rahbariyatida ham biroz “nafas rostlash”, qurbonlar soni oʻsishining oldini olish uchun vaqtincha boʻlsa-da, oʻt ochishni toʻxtatib, mojaroni muzlatish haqida ham fikrlar paydo boʻlmoqda. Chunki harbiy-siyosiy nizo hamda qurolli mojarolar tarixida vaziyatni muzlatib qoʻyish holatlari koʻp marta roʻy bergan.

Muzlatish – magʻlubiyat emas, durang ham emas!

"Muzlatilgan" atamasi – u yoki bu sabablarga koʻra toʻliq hal etilmagan, ammo endi faol boʻlmagan xalqaro mojarolarni angalatadi. 

Tasavvur qiling, ikki ustamon shaxmatchi bir-birini mot qila olmayapti. Biroq oʻyinni davom ettirishga istak va resur yetishmasligi aniq boʻlib qolgan. Bunday sharoitda ular shunchaki oʻyinni toʻxtatishadi. Goʻyo pauzaga qoʻyishadi. "Muzlatilgan" mojarolarni shunday kontekstda tushunish mumkin.

Shu bilan birga, "muzlatilgan" mojarolarni batamom oʻchgan vulqonga ham oʻxshatib boʻlmaydi. Uni xuddi tutab, baʼzida kichik toshchalar otib, guldirak ovoz berib turgan vulqonga qiyoslash mumkin. Toʻgʻri, bu “vulqon”ning halokatli va olovli lavasi yoʻq. Biroq bunday mojarolar, garchi faol jangovar harakatlar bilan kechmasa ham, ishtirokchi tomonlarning siyosiy va ijtimoiy hayotiga taʼsir koʻrsatishda davom etmoqda, iqtisodiy beqarorlikni qoʻzgʻamoqda va zoʻravonliklar yangilanishi uchun sharoit yaratmoqda. 

"Muzlatilgan" mojarolarning tabiati

"Muzlatilgan" mojaro odatda tomonlarning yakuniy tinchlik kelishuviga erisha olmaganini yoki omonat va moʻrt sulhga erishganini anglatadi. Bu mojarolar murakkab tarixiy, etnik, diniy yoki geosiyosiy omillar sababli kelib chiqadi va oʻnlab yillar davom etishi mumkin.

Quyidagilar bu kabi mojarolarga klassik misol boʻla oladi:

• Shimoliy va Janubiy Koreya oʻrtasidagi mojaro (1953 yildan hozirgi kungacha);

• Dnestr boʻyi hududlari mojarosi (1992 yildan hozirgacha);

• Abxaziya va Janubiy Osetiya (1990-yillardan boshlab);

• Kipr mojarosi (1974 yildan hozirgacha);

• Isroil-Falastin mojarosi (1948 yildan hozirgi kungacha).

Taʼkidlash kerak, siyosiy adabiyotlarda shu paytgacha Armaniston va Ozarbayjon oʻrtasidagi Qorabogʻ mojarosini (1988-2020) ham kiritishar edi. Biroq 2023 yilda Ozarbayjon Turkiya yordamida, harbiy yoʻl bilan oʻziga tegishli hududlarni qaytarib oldi. 2024 yil 1 yanvardan oʻzini Togʻli Qorabogʻ Respublikasi maʼmuriyati deb atovchi seperatistlar toʻdasi rasman tarqatib yuborildi. Shu tariqa Togʻli Qorabogʻ masalasi "muzlatilgan" mojarolar safidan chiqarildi.

Maʼlumot sifatida aytish joiz, "muzlatilgan" mojarolarning umumiy xususiyati – har ikki tomonni qoniqtiradigan va oldinga siljitishi mumkin boʻlgan haqiqiy siyosiy yechimning yoʻqligidir. "Muzlatilgan" mojarolar holatida vaqtinchalik sulhlar muqarrar toʻqnashuvlarni kechiktiradi va muammo xalqaro hamjamiyatning kun tartibida qolaveradi. 

"Muzlatilgan" mojarolarning tarixiy misollari

Eng mashhur "muzlatilgan" mojarolardan biri bu Koreya mojarosi boʻlib, u 1953 yilda sulh tuzilganidan beri oxirigacha hal etilmagan. Shimoliy va Janubiy Koreya oʻrtasidagi urush rasman yakunlanmagan – hamon tinchlik shartnomasi imzolanmagan va ikkala tomon ham texnik jihatdan urush holatida. Ayniqsa, qurolsizlantirilgan hudud boʻylab vaqti-vaqti bilan zoʻravonlik va mayda toʻqnashuvlar avj olib turishi Koreya yarim orolini dunyodagi eng beqaror mintaqalardan biriga aylantirdi.

"Muzlatilgan" mojaroning yana bir yorqin misoli – Prednestrove - Dnestr boʻyi hududi mojarosidir. 1992 yilda, SSSR parchalanganidan soʻng, bu hudud Moldovadan mustaqilligini eʼlon qildi. Bu esa qisqa urushga olib keldi. Rossiya koʻmagi bilan mojaro muzlatib qoʻyildi. Oʻshandan beri bu hudud mustaqil xalqaro huquq subʼekti sifatida olinmagan boʻlsa-da, de-fakto mustaqil davlat boʻlib qoldi. Oradan 30 yildan ortiq vaqt oʻtgan boʻlsa-da, mojaroni hal qilishda hech qanday siljish kuzatilmadi.

Togʻli Qorabogʻ mojarosi 2020 yilda yana faol fazaga kirgan "muzlatilgan" mojaroning yana bir misoli edi. 1991-1994 yillarda Armaniston va Ozarbayjon oʻrtasida boʻlib oʻtgan birinchi urushdan soʻng oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvi imzolandi, biroq tomonlardan hech biri qoniqarli siyosiy yechimga erisha olmadi. Natijada 2020 yilda mojaro qaytadan boshlandi, bu Ozarbayjonning gʻalabasiga va yangi status-kvoning oʻrnatilishiga olib keldi. Taʼkidlash kerak, bu mojaroni pauzaga qoʻyishda Rossiyaning hissasi katta boʻldi. Chunki u Kavkazda notinchlik boʻlib turishidan manfaatdor, bunday vaziyat Kremlning qalbaki “qozilik” maqomini dolzarb holda saqlab turadi. Biroq, yuqorida keltirilganidek, oxirgi janglarda Ozarbayjon gʻolib chiqdi va mojaro deyarli hal etildi. Armaniston xuddi Isroil Falastinni istilo qilgani kabi, Gʻarb qoʻllab-quvvatlashi ostida Qorabogʻni oʻz nazoratida ushlab turmoqchi, keti koʻrinmaydigan va natijasiz muzokaralar bilan ozarbayjonlarni chalgʻitib yurishda davom etmoqchi edi. Biroq Ozarbayjonning revansh olish uchun chorak asr davomida oʻz harbiy qudratini oshirgani, xalqaro huquqiy maydondagi pozitsiyasini mustahkamlagani, qolaversa, Rossiyaning Ukraina mojarosi bilan “ovora” boʻlib qolgani, ayniqsa, Turkiya bilan munosabatlarning nozikligi bois Ozarbayjonga qarshi borishga jurʼat qilmagani ham bu vaziyatda muhim rol oʻynadi. Hozirda Ozarbayjon va Armaniston oʻrtasida tinchlik shartnomasini imzolash oʻrtasida muzokaralar ketmoqda va shu paytgacha sezilarli muvaffaqiyatga erishilgan.

Zamonaviy "muzlatilgan" toʻqnashuvlar va ularning dinamikasi

Hozirda dunyoda oʻndan ortiq faol "muzlatilgan" mojarolar mavjud. Eng koʻzga koʻringanlaridan biri – Falastin-Isroil mojarosi boʻlib, u 70 yildan ortiq davom etmoqda. BMT va boshqa xalqaro institutlar tomonidan taklif qilingan yechimlarga qaramay, Isroil AQSh yordamiga hamda doim jazosiz qolishiga ishongani bois bu yechimlarni mensimayapti va Falastinni batamom istilo qilish, uning aholisini qirib tashlab yoki xorijga koʻchirib, yahudiylarni koʻchirib kelish qarorini ochiq bayon qilishdan choʻchimayapti. Natijada mojaro istiqboli noaniq holatda qolmoqda, vaqti-vaqti bilan zoʻravonlik avj olishi keskinlikni kuchaytirmoqda.

1974 yilda Turkiyaning Kiprdagi turklarni yunon armiyasidan himoya qilish maqsadida bu orolga kirgani ortidan boshlangan Kipr mojarosi ham hozirgacha "muzlagan" holda qolmoqda. Orolning shimoliy qismi turk qoʻshinlari nazorati ostida. Oʻshandan beri orolda ikkita mustaqil tuzilma – Shimoliy Kipr Turk Respublikasi (faqat Turkiya tomonidan tan olingan) va Kipr Respublikasi faoliyat yuritmoqda. Orolni birlashtirish boʻyicha oʻnlab yillar davomida muzokaralar oʻtkazilgan, ammo barchasi muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Chunki Gretsiya orolni batamom oʻz yurisdiksiyasiga olishni istaydi, Turkiya esa bunga rozilik bildirmayapti.

Abxaziya va Janubiy Osetiyadagi mojarolar ham "muzlatilgan" mojarolarga misoldir. 1990-yillar boshidagi urushlardan soʻng, bu hududlar Rossiya armiyasi yordamida Gruziyadan ajratilgan, ammo xalqaro miqyosda toʻliq tan olinmagan. 2008 yilgi Rossiya va Gruziya oʻrtasidagi urush mazkur kelishmovchilikni yanada chuqurlashtirdi, ammo ijobiy yechimga olib kelmadi. 

"Muzlatilgan" mojarolarning iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlari

"Muzlatilgan" mojarolar – hududlarning iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Masalan, Abxaziya va Prednestrove iqtisodiy izolyatsiya va xalqaro tan olinmaganlikdan aziyat chekmoqda. Bu esa ularning savdo va investitsion imkoniyatlarini cheklaydi. Bu hududlar Rossiyaning iqtisodiy va harbiy yordamiga qattiq qaramligicha qolmoqda.

Qolaversa, mojarolar aholi zimmasiga katta bosim yuklaydi. "Muzlatilgan" mojaro zonalarida yashovchi odamlar asosiy xizmatlar, infratuzilma va ish bilan taʼminlash imkoniyatlari cheklanganidan jabr koʻrmoqda. Misol uchun, Shimoliy Kiprda koʻplab fuqarolar xalqaro banklar va moliyaviy tizimlarga kirish imkoniga ega emas. 

Geosiyosiy omillar va asosiy oʻyinchilarning manfaatlari

"Muzlatilgan" mojarolar koʻpincha AQSh, Rossiya, Xitoy va YeI kabi yirik davlatlar aralashuvi maydonchasiga aylanadi. Rossiya Prednestrove, Abxaziya va Janubiy Osetiya kabi post sovet hududida "muzlatilgan" mojarolarni qoʻllab-quvvatlashda muhim rol oʻynaydi. Bu mojarolar Rossiyaga sobiq sovet respublikalari ustidan oʻz taʼsirini saqlab qolish va ularning NATO yoki Yevropa Ittifoqi kabi tuzilmalarga integratsiyalashuviga yoʻl qoʻymaslik imkonini beradi.

AQSh va Yevropa Ittifoqi Bolqon, Falastin va boshqa mintaqalardagi mojarolarni hal qilishda faol ishtirok etayotgandek koʻrinsa-da, masalaga yondashuvda xolislik yetishmasligi, AQShdagi qudratli yahudiy lobbisi, Fransiyadagi kuchli arman lobbisining salbiy taʼsiri natijasida mojarolar hal etilmayapti. 

"Muzlatilgan" mojarolarning ehtimoliy yechimlari

Bugungi kunda "muzlatilgan" nizolarni hal qilish uchun bir nechta yondashuvlar mavjud:

Tinchlik muzokaralari va diplomatiya

Tinchlik muzokaralari barqaror tinchlikka olib kelishi mumkinligiga misollar mavjud. Masalan, Shimoliy Irlandiyadagi mojaroni hal qilish boʻyicha 1998 yilda Belfast kelishuvi bilan yakunlangan muvaffaqiyatli muzokaralar, agar siyosiy iroda boʻlsa, tinchlikka erishish mumkinligini koʻrsatadi.

Xalqaro tinchlikparvar missiyalar

Xalqaro tinchlikparvar kuchlarning mavjudligi zoʻravonlik qayta boshlanishining oldini oladi va muzokaralarni yangilash uchun qulay sharoit yaratadi. Masalan, BMTning Kiprdagi missiyasi 1964 yilda joylashtirilganidan beri faol qurolli mojarolarning oldini olib kelmoqda.

Referendumlar va plebissitlar

Baʼzi hollarda xalq irodasini aniqlash uchun referendum oʻtkazish mumkin. Biroq bunday referendumlar qonuniyligini taʼminlash uchun ular xalqaro nazorat ostida xolis oʻtishi kerak. Aks holda xuddi Rossiya Ukraina hududlarida soxta referendumlar oʻtkazib, oʻz bosqinchilik siyosati natijalarini legitimlashtirishga uringani kabi holatlar davom etaveradi.

Federatsiyalar yoki konfederatsiyalar tuzish

Bahsli hududlar maqomi masalasini mintaqalar avtonomiyasini saqlab qolgan federal tuzilmalar yaratish orqali hal qilish mumkin. Bu Gruziyadagi kabi mojarolardan chiqish yoʻli boʻlishi mumkin, chunki Abxaziya va Janubiy Osetiya bitta davlat tarkibida avtonom maqom olishi mumkin.

Harbiy yechim

Afsuski, aksariyat hollarda faqat kuch bilan vaziyatga yechim topish mumkin. Mojaroga aralashgan tomonlarning birortasida harbiy-iqtisodiy yuksalish yuz bersa, mojaro hal boʻladi. Bunga yorqin misol – Qorabogʻ mojarosidir. Yuqorida taklif etilgan yechimlarning va xalqaro institutlarning birortasi Armaniston va uning homiylarini yon berishga majburlay olmadi. Ozarbayjon faqat harbiy yoʻl bilan oʻziga tegishli hududlarni qaytarib oldi xolos.

Yoki 1954 yilda mustaqil Vetnam davlati tuzildi. Biroq ichki mojarolar va tashqi aralashuv, asosan SSSR va AQSh ziddiyatlari oqibatida mamlakat Shimoliy va Janubiy Vetnamga ajralib qoldi. Turli urushlar va mojarolar natijasida, nihoyat SSSR qoʻllab turgan Shimoliy Vetnam gʻolib chiqdi va kuch bilan Janubni boʻysundirdi. Chunki AQSh ichidagi xalq noroziligi, elitalar oʻrtasidagi ziddiyat va boshqa omillar natijasida AQSh Vetnamdan chiqib ketishga majbur boʻldi. Natijada 1976 yil 2 iyulda Vetnam Sotsialistik Respublikasi tashkil topdi. 

Prognozlar va mumkin boʻlgan ssenariylar

"Muzlatilgan" mojarolar haqidagi prognozlar mintaqaga qarab farq qiladi. Misol uchun, Koreya yarim orolidagi mojaro bir necha oʻn yillar davomida yana “muzlab” turaverishi mumkin. Zero, har ikki tomonning siyosiy elitasi tub oʻzgarishlarga tayyor emas.

Rossiyaning siyosiy manfaatlari va ularni hal qilish uchun xalqaro bosim kuchsizligini hisobga olsak, Dnestr boʻyi va Abxaziya kabi postsovet hududidagi mojarolar ham yaqin kelajakda "muzlatilgan" holatda qolishi mumkin.

Yakuniy mulohaza shuni aytish mumkinki, "muzlatilgan" mojarolar xalqaro xavfsizlik va barqarorlikka jiddiy tahdid soladi. Faol harbiy harakatlar kuzatilmasligiga qaramay, bu mojarolar mintaqalarni beqarorlashtirishda va ularning rivojlanishiga toʻsqinlik qilishda davom etyapti. Bunday mojarolarni hal qilish diplomatiya, xalqaro tinchlikparvarlik saʼy-harakatlar va ziddiyatli tomonlar oʻrtasida murosaga kelishni oʻz ichiga olgan kompleks yondashuvni talab qiladi. Faqat siyosiy iroda va xalqaro koʻmak bilan bu inqirozlarni hal qilishga umid bogʻlash mumkin.

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+