Butunjahon shaxmat olimpiadasi. Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi 3-oʻrinni egalladi
Vengriya poytaxti Budapesht shahrida 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasi yakuniga yetdi. Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi 3-oʻrinni egallab, bronza medalini qoʻlga kiritdi.

10-22 sentabr kunlari Vengriya poytaxti Budapesht shahrida 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasi boʻlib oʻtdi. Quyida olimpiadada ishtirok etgan Oʻzbekiston erkaklar va ayollar terma jamoalari tarkibi keltirilmoqda.
Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi:

⁃ Nodirbek Abdusattorov
⁃ Javohir Sindarov
⁃ Nodirbek Yakubboyev
⁃ Shamsiddin Vohidov
⁃ Jahongir Vahidov
Oʻzbekiston qizlar terma jamoasi:

⁃ Afruza Hamdamova
⁃ Nilufar Yakubbayeva
⁃ Umida Omonova
⁃ Marjona Malikova
⁃ Nodira Nodirjonova
11-turda yigitlar Fransiyaga qarshi dona surdi. Bunda Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov va Nodirbek Yoqubboyev oʻz bahslarida durangga imzo chekishdi, Shamsiddin Vohidov esa oʻz raqibidan ustun kelib, jamoa gʻalabasini taʼminladi. Hisob – 2,5:1,5.

Natijada Oʻzbekiston hisobidagi ochkolar soni 17 taga yetdi. Parallel bahsda AQSh Xitoyni magʻlub etdi va mazkur uch jamoada bir xil - 17 tadan ochko jamgʻarildi. Shundan keyin qoʻshimcha koʻrsatkichlarga qaraldi, turnir davomidagi raqiblari umumiy reytingda nisbatan yuqoriroqda joylashgani tufayli AQSh ikkinchi oʻringa joylashdi va kumush medalini qoʻlga kiritdi, Oʻzbekiston esa bu borada Xitoyni ortda qoldirib, bronza medallarga ega chiqdi.