Bankdan 19 mlrd soʻm qarzi bor qashqadaryolik tadbirkor qochib yurgani maʼlum boʻldi
Sud qarori boʻyicha qarzini soʻrab kelgan bankirlarning videosini tadbirkor tarmoqlarga tarqatib yuborgan.

7 iyun kuni “Ipak yoʻli” ATB Qarshi filiali bosh hisobchisi va bosh mutaxasisisi SMART SAID MChJ rahbari D.S. bankdan salkam 19 mlrd soʻm qarzi boʻla turib, uni toʻlashdan bosh tortib, qochib yurgani maʼlum boʻldi.
U viloyatda PEPSI, “Chortoq” suv ichimligi, CRAFERS qandolat mahsuloti va Lays chips mahsulotlarini sotish faoliyati bilan shugʻullanadi, ushbu faoliyat olib borish uchun rasmiy diller hisoblanadi.
Maʼlum boʻlishicha, “Ipak yoʻli” ATB Qarshi filiali SMART SAID MChJga 2020-2021 yillardagi kelishuv shartnomalariga asosan jami 1 mln 435 ming dollar miqdorida kredit ajratgan.
Biroq shu vaqtga qadar SMART SAID MChJ kredit shartnomasidagi majburiyatlarini bajarmagan va bank FIB Qarshi tumanlararo sudiga asosiy kredit qarzdorligi, muddati oʻtgan asosiy qarzi, muddati oʻtgan foiz qarzi, jami 18,9 mlrd soʻmni undirish haqida daʼvo arizasini kiritgan boʻlib, sud daʼvo talablarini qanoatlantirish haqida hal qiluv qarori qabul qilgan.
Shuningdek, kredit mablagʻlari maqsadsiz ishlatilishi boʻyicha jamiyat mansabdor shaxslariga nisbatan xususiy ajrim chiqarilib, koʻrib chiqishlik uchun Qarshi shahar prokuraturasiga yuborilgan.
Bu holatdan boxabar boʻlgan tadbirkor esa qarzini soʻrab kelgan bank xodimlariga eshikni ochmagan va aksincha uyiga oʻrnatilgan videokamerasi orqali ularning videosini tarqatib yuborgan.