platina.uz
Jamiyat

Soxta tabiblik uchun javobgarlik belgilanmoqda

Senat maʼqullagan qonunga koʻra xalq tabobati bilan shugʻullanish huquqiga ega boʻlmaganlar aholiga tibbiy xizmat koʻrsatsa yoki tashxis qoʻysa ularga chora koʻriladi.

Soxta tabiblik uchun javobgarlik belgilanmoqda

Endilikda soxta tabiblar faoliyati uchun javobgarlikka tortilishi mumkin.

Senatning navbatdagi yalpi majlisida "Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida" gi Qonun koʻrib chiqildi.

"Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida"gi Qonunda tibbiy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslar Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat koʻrsatish faoliyatini litsenziyalash boʻyicha maxsus komissiyaning xulosasiga asosan xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga ega ekanligi belgilangan.

Bunda sogʻliqni saqlash amaliyotida tashxis qoʻyish va davolashning faqatgina qoʻllashga ruxsat etilgan usullaridan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.

Shu bilan birga, qonunchilikda xalq tabobati sohasidagi faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan fuqarolarga tibbiy tashxis qoʻyish va ularni davolash xizmatlarini koʻrsatganlik, shuningdek, xizmatlarni xalq tabobati yoʻnalishida ruxsat etilmagan usullarni qoʻllagan holda moddiy qimmatliklar olish yoki mulkiy manfaatdor boʻlish evaziga koʻrsatganlik uchun javobgarlik choralari nazarda tutilmagan.

Buning natijasida fuqarolar soxta tabiblarning qurboniga aylanmoqda, bunday xizmatlarning oqibatlari esa fuqarolarning sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.

"Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida" gi Qonun bilan fuqarolarga tibbiy tashxis qoʻyish va ularni davolash xizmatlarini xalq tabobati sohasidagi faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan koʻrsatilganlik, shuningdek, xizmatlarni xalq tabobati yoʻnalishida ruxsat etilmagan usullarni qoʻllagan holda moddiy qimmatliklar olish yoki mulkiy manfaatdor boʻlish evaziga koʻrsatganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.

Shuningdek, mazkur xizmatlarni omma oldida targʻib qilganlik uchun maʼmuriy javobgarlik oʻrnatilmoqda.

"Reklama toʻgʻrisida"gi Qonun xalq tabobati yoʻnalishida ruxsat etilmagan usullarni qoʻllagan holda fuqarolarga tibbiy tashxis qoʻyish va ularni davolash xizmatlarini reklama qilishni taqiqlovchi norma bilan toʻldirilmoqda.

Muhokamadan soʻng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid