Oʻzbekiston boʻylab koʻp milliardlik qonun zid savdo tanlovlari aniqlandi
Fargʻona viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasida 3,5 mlrd soʻmlik 2 ta savdo jarayonida qonun buzilishi qayd etilgan.
Raqobat qoʻmitasi hududlardagt milliardlab qonunga zid xaridlar boʻyicha xabar berdi.
Fargʻona hududiy boshqarmasi tomonidan 2024 yil davomida oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida oʻtkazilgan jami 4,4 mlrd soʻmlik tanlov savdolarida qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi.
Jumladan:
- Fargʻona viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasida 3,5 mlrd soʻmlik 2 ta;
- Fargʻona viloyat Madaniyat boshqarmasida 490 mln soʻmga yaqin 3 ta;
- Fargʻona viloyati yoshlar ishlari boshqarmasida 250 mln soʻmlik 1 ta.
Yuqoridagilarga koʻra, hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi va “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunlari talablarini buzish alomatlari bilan buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish, kelgusida bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan koʻrsatma berildi va masʼullarga tegishli choralar koʻrildi.
Toshkent shahar misolida
Hududiy boshqarmaga kelib tushgan murojaatlarga asosan, Respublika Ixtisoslashtirilgan Terapiya va Tibbiy Reabilitatsiya Ilmiy-Amaliy Tibbiyot Markazi buyurtmachiligida 3 ta 2,1 mlrd soʻmdan ortiq hamda Yashnobod tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tomonidan 1,3 mlrd soʻmga yaqin 3 ta tender savdolari boshqarma tomonidan oʻrganish ishlari olib borildi.
Oʻrganish natijalariga koʻra, Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, Maxsus komissiyasi tomonidan tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasi talablari buzilishi yuzasidan buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida mazkur qonunbuzilishiga yoʻl qoʻyilmaslik yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Andijon viloyati misolida
Hududiy boshqarma tomonidan Andijon shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi buyurtmachiligida boshlangʻich narxi 200 mln soʻmga yaqin va Shahrixon tuman tibbiyot birlashmasi 900 mln soʻmga yaqin eng yaxshi taklif savdolari bekor qilingan. Shuningdek, Andijon viloyat kardiologiya dispanseri tomonidan 170 mln soʻmlik tender savdosi boʻyicha boʻyicha ish qoʻzgʻatilib, belgilangan tartibda tegishli koʻrsatmalar berildi.
Jizzax viloyati misolida
Hududiy boshqarma tomonidan 2024-yil iyul-avgust oylarida oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida, ijtimoiy sohadagi oʻtkazilgan jami 850 mln soʻmga yaqin tanlov savdolarida qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi. Jumladan:
- Keksalar, urush va mehnat faxriylari uchun Jizzax sanatoriyasida 49,9 mln soʻmlik;
- Mirzachoʻl tuman tibbiyot birlashmasida 360,8 mln soʻmlik;
- RID va KIATMning Jizzax viloyat hududiy filialida 210,0 mln soʻmlik;
- Sh.Rashidov tumani tibbiyot birlashmasida 20 mln soʻmlik;
- Zafarobod tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimida 200,0 mln soʻmlik.
Yuqoridagilarga koʻra, hududiy boshqarma tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi va “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunlari talablarini buzish alomatlari bilan buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish, kelgusida bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Samarqand viloyati misolida
“ZAFAR NUR VODIY FAYZ” MChJning murojaatiga asosan, Oqdaryo tuman madaniyat boʻlimi buyurtmachiligida 310 mln soʻmlik hamda “TRANSFORMATION OF RAY” MChJning murojaatiga koʻra, Kattaqoʻrgʻon shahar drama teatri tomonidan 40 mln soʻmga yaqin tender savdolarida Hududiy boshqarma tomonidan oʻrganish ishlari oʻtkazildi.
Oʻrganish natijalariga koʻra, Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi hamda “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonunlari talablarini buzish alomatlari yuzasidan ish qoʻzgʻatilib, tegishli tartibda koʻrsatmalar berildi.
Qashqadaryo viloyati misolida
Qarshi tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan 107 mln soʻmga yaqin tanlov savdosida taqdim etgan tanlov takliflarini baholash mezonlarini belgilashda qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi.
Yuqoridagilarga koʻra, hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasi talablari buzilishi yuzasidan buyurtmachiga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, koʻrsatma berildi va vakolatli shaxsga nisbatan maʼmuriy jazo choralari koʻrildi.
Namangan viloyati misolida
Namangan muhandislik-texnologiya instituti tomonidan 2024 yil 1 avgust holatiga 31 ta boʻyicha boshlangʻich narxi 610 mln soʻmdan ortiq davlat xaridlarida “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunining 29-moddasi talablariga rioya qilinmaganligi, yaʼni savdolarda raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlar aniqlangan.
Yuqoridagilarga koʻra, buyurtmachi tashkilotga nisbatan Maxsus komissiyasi belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish, kelgusida bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan koʻrsatma berildi va masʼullarga tegishli choralar koʻrildi.
Sirdaryo viloyati misolida
Hududiy boshqarma tomonidan Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab talimi boshqarmasi tasarrufidagi Sirdaryo viloyati Barkamol avlod bolalar maktabi buyurtmachiligida 162 mln soʻmlik tender savdosida “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunining 29-moddasi va “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonunning 46-49-moddalari talablari buzilishi holatlari aniqlandi. Mazkur qonunbuzilishi holatlari yuzasidan buyurtmachi tashkilotga nisbatan tegishli tartibda qonuniy choralari koʻrish uchun maʼlumotnomalar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.
Toshkent viloyati misolida
Oqqoʻrgʻon tibbiyot boʻlimi tomonidan 133 mln. soʻmga yaqin boʻlgan tanlov savdosida xarid ishtirokchilarining takliflarini baholashning aniq tartibi va tamoyillari belgilanmagan va shu sababdan xarid komissiyasi tomonidan baholash ixtiyoriy ravishda, yagona yondashuvsiz, ballarni taqsimlash orqali amalga oshirilganlik holatlari aniqlandi.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, Maxsus komissiyasi tomonidan tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasi talablari buzilishi yuzasidan buyurtmachiga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, koʻrsatma berildi.
Navoiy viloyati misolida
Raqobat qoʻmitasining Navoiy viloyati hududiy boshqarmasining “SAMO 333” MChJning murojaati asosida, Navoiy shahar maktab va maktabgacha taʼlim boʻlimi tomonidan 2023 yilda oʻtkazilgan 10 ta savdolar 660 mln soʻmlik hamda 2024 yilda oʻtkazilgan 460 mln soʻmga yaqin Davlat xaridlarida tanlov hujjati va yigʻilish bayonidagi mezonlar bir-biriga nomuvofiq holda ishlab chiqilgan va ishtirokchilar uchun raqobatni cheklashga olib kelishi mumkin boʻlgan talablar kiritilganlik holatlari aniqlandi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Maxsus komissiyasi “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasi talablari buzilganligi alomatlari yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, buyurtmachi tashkilotga belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatildi bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi. Shuningdek masʼullarga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli tartibda sud organlariga yuborildi.
Xorazm viloyati misolida
Raqobat qoʻmitasi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2024 yil davomida davlat boshqaruv organlari tomonidan qabul qilingan hujjatlarni va yozishmalarni hamda jismoniy va yuridik shaxslarning tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq arizalarining qanoatlantirilishini raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiqligi boʻyicha oʻrganish ishlari oʻtkazildi.
Oʻrganish jarayonida, Xorazm viloyati Sogʻliqni saqlash boshqarmasi tomonidan barcha davolash profilaktika muassasalari rahbarlariga “TEXNOPARK” MChJdan maishiy va sanoat elektrotexnika mahsulotlarini xarid qilish hamda “RENESSANS ISLOHOTLARI” MChJ tomonidan tayyorlangan targʻibot materiallarini xarid qilish tavsiya qilingan.
Shuningdek, Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tomonidan barcha tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlariga “INTELLEKT XORAZM” MChJning baholash xizmatlaridan foydalanish va 2024 yil uchun “Ilk qadam” jurnaliga va “ELDOSH MEDIA PRESS” MChJning gazeta jurnallariga obuna boʻlish hamda “AL-AZIZ EDU” MChJ va “FOZIL KHORAZMIY” MChJlarni targʻibot qilish taklif qilingan.
Yuqoridagilarga asosan, “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonuni 22-moddasi talablari buzilish holatlari boʻyicha Xorazm viloyati Sogʻliqni saqlash boshqarmasi hamda Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalariga taqdimnomalar kiritildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi misolida
Raqobat qoʻmitasi tomonidan Xoʻjayli tumani tibbiyot birlashmasida oʻtkazilgan oʻrganishda, metrologiya tekshirishidan oʻtkazilmagan jihozlardan koʻrsatilgan xizmatlari uchun isteʼmolchilardan olingan mablagʻlar qayta hisob-kitob qilinganda, metrologiya tekshiruvidan oʻtkazilmagan “Portativ EKG”dan 2024-yil aprel oyidan avgust oyigacha boʻlgan muddat oraligʻida 192 isteʼmolchilardan 3 631 000 soʻm olinganligi aniqlangan.
Qoʻmitaning Maxsus komissiyasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan Tibbiyot birlashmaga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 12-moddasi talablarini buzilgan deb topilib, 3 631 000 soʻm mablagʻlarni isteʼmolchilarga qaytarish toʻgʻrisida koʻrsatma berildi.