platina.uz
Siyosat

Oʻzbekiston haqida nomaqbul gapirgan chet elliklarga taqiq boʻyicha qonun maʼqullandi

Ushbu shaxslarga Oʻzbekistonga kirish, banklarda hisobvaraq ochish, koʻchmas mulk sotib olish va boshqalar ham taqiqlanadi. 

Oʻzbekiston haqida nomaqbul gapirgan chet elliklarga taqiq boʻyicha qonun maʼqullandi

Oʻzbekiston haqida nomaqbul bayonot bergan xorijliklarga taqiq joriy etish boʻyicha qonun loyihasi Senat tomonidan maʼqullandi.

Bugun Oliy Majlis Senatining ellik yettinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtmoqda.

Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari “Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida”gi qonunga qoʻshimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini ishlab chiqilgandi.

Qonunchilik palatasiga koʻra, bunga – Oʻzbekistonning suvereniteti va hududiy yaxlitligini muhofaza qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilash zarurati sabab boʻlgan.

Mazkur shaxslar tomonidan quyidagi mazmundagi ommaviy chiqishlar qilish yoxud harakatlar sodir etish ularni Oʻzbekiston Respublikasida boʻlishi nomaqbul deb topish uchun asos boʻladi:

– Oʻzbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid boʻlgan; davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi; Oʻzbekiston xalqining shaʼnini, qadr-qimmatini yoki tarixini tahqirlovchi.

Ikkinchidan, mamlakatda boʻlishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga 5 yil davomida quyidagilar taqiqlanadi:

– Oʻzbekistonga kirish, banklarda hisobvaraq ochish, koʻchmas mulk sotib olish, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishish.

Uchinchidan, Oʻzbekistonda vaqtincha turgan yoki doimiy yashaydigan chet el fuqarosi yoki vaqtincha turgan fuqaroligi boʻlmagan shaxsning mamlakatda boʻlishi nomaqbul deb topilishi uning Oʻzbekiston hududida qonuniy asoslarda yashash va boʻlish huquqini bekor qilishga hamda mazkur shaxs deportatsiya qilishga sabab boʻladi.

Toʻrtinchidan, qonun loyihasida mamlakatda boʻlishi nomaqbul deb topilgan shaxslarni deportatsiya qilish asoslari va tartibi nazarda tutilgan.

Xususan, shaxs mamlakatda boʻlishi nomaqbul deb topilganligi toʻgʻrisida Tashqi ishlar vazirligi xabarnomasini olgan kundan eʼtiboran 10 kun ichida ixtiyoriy ravishda Oʻzbekistondan chiqib ketishi kerak. Agar ushbu muddat ichida ixtiyoriy ravishda chiqib ketmasa, mazkur shaxs ichki ishlar organlari va boshqa vakolatli organlar tomonidan deportatsiya qilinadi, yaʼni majburiy tarzda chiqarib yuboriladi.

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yili rossiyalik Zaxar Prelipin, tarixchi Smolin kabilar Oʻzbekiston va oʻzbek xalqi haqida propagandistik bayonotlar bilan chiqqandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid