platina.uz
Jamiyat

MJTKga qurilishdagi chang-toʻzonga qarshi modda kiritiladi

Yangi quriladigan, balandligi 12 metrdan yoki umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq binolarni loyihalashtirishda unga tutash hududlarning kamida 25 foizini koʻkalamzorlashtirish talabi qoʻyiladi.

MJTKga qurilishdagi chang-toʻzonga qarshi modda kiritiladi
Foto: Platina.uz

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaslik boʻyicha modda kiritiladi.

Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 19 sentabr kuni atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha takliflar taqdimotida aytgan.

Shuningdek, daraxtlarni kesish va qasddan quritish, daryo oʻzanlaridan noqonuniy qum-shagʻal qazib olish, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash kabilar uchun jarimalarni oshirish va qatʼiylashtirish choralari koʻriladi.

Toshkent shahrida atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi boʻlib, unga koʻra, kelgusi 5 yilda poytaxt va unga tutash Toshkent viloyati tumanlarida 441 gektar “yashil belbogʻ” va bogʻlar tashkil qilinadi.

Sanitar tozalash ishlarini tartibga solish maqsadida mavjud markaz negizida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligini tuzish taklif etilmoqda. Sanitar tozalash korxonalarining samaradorlik koʻrsatkichlariga qarab, uchta toifaga ajratgan holda reyting tizimi joriy qilinadi.

Yangi quriladigan, balandligi 12 metrdan yoki umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq boʻlgan binolarni loyihalashtirishda unga tutash hududlarning kamida 25 foizini koʻkalamzorlashtirish talabi qoʻyiladi. Shuningdek, atrof-muhitga zarari koʻp sanoat korxonalari ham “yashil belbogʻ”lar barpo etish majburiyatini oladi.

Ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, faol va jonkuyar insonlarni ragʻbatlantirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan ekolog” faxriy unvoni taʼsis etiladi.

Atrof-muhit bilan bogʻliq boʻlgan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyati, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyati toʻgʻrisidagi Orxus konvensiyasiga qoʻshilish masalasi koʻrib chiqildi.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 maydagi qarori bilan respublikada ekologik markirovkalash tizimi joriy etilgan. Endi ISO 14024 xalqaro standartiga muvofiq, “Yashil belgi” nomi ostida mahsulot va xizmatlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash yoʻlga qoʻyiladi. 2 ming 336 ta xoʻjalik yurituvchi subʼektlarda avtomatik monitoring stansiyalari, chang-gaz tozalash uskunalari va suv tozalash inshootlarini oʻrnatish boʻyicha tarmoq jadvallari tasdiqlanadi.

Ekologiya vazirligi huzurida jamoatchilik nazorati ostida boshqariladigan va yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan “Yashil xayriya jamgʻarmasi” tashkil etiladi. Elektron xarid ilovalarida “Yashil toʻlov” ixtiyoriy ustama turi ochiladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid