Mikrokreditbank ochiqlik va shaffoflik yoʻlida hisob berdi
Bankning oʻziga xos yoʻnalishlaridan koʻrish mumkinki, xotin-qizlar va kam taʼminlangan oilalar uchun alohida imtiyozlar joriy etilgan.

Mikrokreditbank aksiyadorlik-tijorat banki tomonidan 2024 yilning oʻtgan davrida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalarga bagʻishlangan navbatdagi matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Qayd etilishicha, bankning 2025 yilgacha rivojlantirish strategiyasi boʻyicha ishlab chiqilgan “Yoʻl xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlar ijrosi taʼminlanishi natijasida 2024 yilning 8 oyida quyidagi ijobiy koʻrsatkichlarga erishildi. Jumladan:
- bank kapitali qariyb 4 trln soʻmga;
- umumiy aktivlar 21 foizga oshib, 23 trln soʻmga;
- kredit portfeli 13 foizga oshib, 16,3 trln soʻmga;
- bankdagi umumiy depozitlar qoldigʻi 8 foizga ortib, 6,9 trln soʻmga yetdi.
Jalb qilingan resurslar hamda barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan joriy yilning oʻtgan 8 oyida 133 578 nafar aholi va tadbirkorlik subʼektlariga 5 trln soʻm kredit ajratilib, qariyb 206 ming nafar aholi bandligi taʼminlandi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida hisobot davrida aholi va tadbirkorlarga jami 1 508 mlrd soʻmdan ortiq kreditlar (yillik reja 2,4 trln soʻm) ajratilishi natijasida 90 101 nafar aholi bandligi taʼminlandi.
Ajratilgan kreditlar quyidagi sohalarga yoʻnaltirilgan:
- qishloq xoʻjaliksohasida 755 mlrd soʻm (50 %);
- xizmat koʻrsatishsohasida 409 mlrd soʻm (27 %);
- ishlab chiqarish sohasida 344 mlrd soʻm (23 %).
Shu bilan birga, ushbu kreditlarning 575,5 mlrd soʻmi 33 176 nafar yoshlar hamda 772,5 mlrd soʻmi 51 735 nafar xotin-qizlarning loyihalariga yoʻnaltirilgan. Dastur doirasida ajratilgan kreditlarning 51 foizi ayol tadbirkorlar hissasiga toʻgʻri keladi. Xotin-qizlarga ajratilgan kredit 2023 yilga nisbatan 1,3 barobarga, kredit olgan ayollar soni 16 ming nafarga ortgan.
Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida bank tomonidan 206,8 mlrd soʻm kreditlar ajratilib, 26 ta parrandachilik korxonalari, shundan yillik 28 mln dona tuxum, 20 626 tonna goʻsht mahsulotlari ishlab chiqarish quvvati yaratildi, 546 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Shuningdek, 2024 yilning oʻtgan davrida 13 589 nafar talabaga jami 113,5 mlrd soʻm miqdorida taʼlim kreditlari ajratildi. Eʼtiborlisi, ushbu mablagʻning asosiy qismi, yaʼni 88,8 mlrd soʻmi aynan 10 976 nafar xotin-qizlarning tahsil olishlari uchun foizsiz kreditlar ajratildi.

Maʼlumot uchun: taʼlim krediti 15 yilgacha, oʻquv davrida asosiy qarz toʻlovi boʻyicha imtiyozli muddat belgilanadi, oʻquv davri tugagandan keyin 7 oydan boshlab asosiy qarzi toʻlab boriladi, kredit foizi MB asosiy stavkasi miqdorida (13,5%). Shuningdek, aholining kam taʼminlangan (ijtimoiy reyestrga kiritilgan) qismiga taʼminotsiz kreditlar ajratib kelinmoqda.
Shuningdek, aholini uy-joyga boʻlgan talabini qondirish maqsadida 3-chorakda 272 ta mijozga jami 82,7 mlrd soʻm miqdorida ipoteka kreditlari ajratib berildi. Maʼlumot uchun: ipoteka kreditlari birlamchi bozordan uy-joylarni sotib olish uchun 20 yil muddatga, 6 oy imtiyozli davr bilan Toshkent shaxri uchun 420 mln soʻm, qolgan hududlar uchun 330 mln soʻmgacha, yillik 17,5% ustama asosida, agar uy narxi yuqori boʻlsa, yetmagan qismi bankning oʻz mablagʻlari hisobidan “gibrid” ipoteka tarzida ajratiladi.
Bundan tashqari, bank transformatsiyasi jarayonlari natijasida 2024 yilda xizmat nuqtalari soni 574 taga, xizmat turlari soni 102 taga, bankomatlar soni 826 taga yetkazilib, 24/7 shoxobchalar soni 437 taga yetdi, bankimiz tomonidan oʻtgan davrda 2,38 mln.dan ortiq mijozga xizmat koʻrsatildi.
Tadbir soʻngida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.