"Hizbulloh" Isroil "barcha qizil chiziqlardan oʻtganini" eʼlon qildi
Livandagi qurilmalar portlashi sabab oʻlganlar soni 40 nafarga yaqinlashdi. "Hizbulloh" rahbari ushbu qurilmalarni ishlab chiqargan kompaniyalar ham oʻrganilishini aytdi.

Livandagi "Hizbulloh" harakati yetakchisi Hasan Nasrulloh 19 sentabr kungi Livandagi qator portlashlarda Isroilni aybladi va u koʻplab tinch aholi jarohatlanganini aytdi.
Nasrullohning aytishicha, Isroil oʻz harakatlari bilan "barcha qizil chiziqlarni kesib oʻtgan".
"Minglab ayollar va bolalar yaralandi" dedi u nutqi davomida, portlashlar shifoxonalar, dorixonalar va doʻkonlarda ham sodir boʻlgan.
"Hizbulloh" yetakchisi hujumlarni misli koʻrilmagan deb atadi. Uning soʻzlariga koʻra, "Hizbulloh" peyjerlar va boshqa shunga oʻxshash qurilmalarni ishlab chiqaradigan va sotuvchi kompaniyalarni oʻrganish uchun maxsus komissiya tuzgan.
17 sentabr kuni Hizbulloh aʼzolarining peyjerlari bir vaqtning oʻzida Livanning turli hududlarida portladi. CNN maʼlumotlariga koʻra, buning ortida Isroil turgan: bu Isroil razvedkasi va armiyasi oʻrtasidagi qoʻshma operatsiya edi. Chorshanba kuni Bayrut chekkasida va Livan janubida portlashlar sodir boʻldi. "Hizbulloh"ning aytishicha, harakat aʼzolari muloqot qilish uchun foydalanadigan ratsiyalar portlagan. Hozirgacha 40 ga yaqin kishi halok boʻlgan.
"Hizbulloh" portlashlarda Isroilni aybladi va qasos olishga vaʼda berdi.