Dashtobod temir yoʻl stansiyasi boshligʻi pora bilan ushlandi
Ushbu mansabdor muqaddam Jinoyat Kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan sudlangan.

Dashtobod temir yoʻl stansiyasi boshligʻi pora olgan vaqtida ushlandi.
“Temiryoʻlinfratuzilma” AJning Zomin tumanidagi Dashtobod stansiyasi boshligʻi ixtisoslashmagan doʻkonlarda boshqa tovarlar chakana savdosi bilan shugʻullanuvchi MChJ tomonidan Tojikiston hududidan Oʻzbekistonga olib kelinadigan koʻmir mahsuloti ortilgan 100 ta yuk vagonlarini oʻzining tanishlari orqali bojxona koʻrigidan navbatsiz oʻtkazib berish, stansiyada yukni tushirish jarayonida vagonlar belgilangan vaqtdan ortiq turib qolgan taqdirda temir yoʻl jarimasini qoʻllamaslik hamda yuk belgilangan vaqtda tushirib olinganligi boʻyicha hujjatni rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan. Evaziga MChJ vakilidan har bir vagon uchun 100 AQSh dollaridan jami 10 ming AQSh dollari talab qiladi.
DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda stansiya boshligʻi 40 ta vagon uchun 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Taʼkidlash lozimki, mazkur mansabdor shaxs muqaddam Jinoyat Kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan sudlangan boʻlsada, oʻz xatosidan toʻgʻri xulosa chiqarmagan.