Gulruhbegim Tohirjonova Oʻzbekistonga qarshi dona surishni xohlamadi
Oʻzbekistonlik taniqli shaxmatchi Gulruhbegim Tohirjonova AQSh terma jamoasi vakili hisoblanadi. U Oʻzbekistonga qarshi dona surishni istamagan, Tohirjonova bu oʻyinda ishtirok etmaydigan boʻldi.

Vengriyaning Budapesht shahrida 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasi davom etmoqda. Bugun, 19 sentabr kuni boʻlib oʻtadigan 8-turda Oʻzbekiston qizlar terma jamoasi AQSh terma jamoasiga qarshi dona suradi.
AQSh sharafini himoya qilayotgan oʻzbekistonlik shaxmatchi Gulruhbegim Tohirjonova Afruza Xamdamovaga qarshi bahs olib borishi kerak boʻlgan. Biroq Gulruhbegim hamyurtlariga qarshi oʻynashdan bosh tortgan. Uning oʻrinini Karissa Shiven Yip egallagan.
Eslatib oʻtamiz, Tohirjonova 2020 yildan buyon Amerikada istiqomat qiladi. Gulruhbegim Tohirjonova AQShga ketishiga federatsiyasidagi adolatsizliklarni sabab qilib koʻrsatgan.
Maʼlumot uchun, Tohirjonova Oʻzbekiston tarixida ikkinchi boʻlib xalqaro grossmeyster unvonini qoʻlga kiritgan. 2021 yilda shaxmat boʻyicha Amerika chempionatida ikkinchi oʻrinni olgan. Shundan soʻng, AQSh terma jamoasi tarkibiga jalb qilina boshlagan.