Urganch davlat universitetiga qarshi ish qoʻzgʻatildi
Bunga 29,7 mlrd soʻmlik tender savdolaridagi qonun buzilishi sabab boʻlgan.

Raqobat qoʻmitasi Urganch davlat universitetiga qarshi ish qoʻzgʻatdi.
Qoʻmitaning Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi viloyat prokuraturasining topshirigʻiga asosan Urganch davlat universiteti tomonidan davlat xususiy sherikchiligi asosida 7 qavatli, 600 oʻrinli talabalar turar joyi binosi qurilishi boʻyicha boshlangʻich narxi 29,7 mlrd soʻm boʻlgan tender savdosi yuzasidan oʻrganish ishlarini oʻtkazdi.
Oʻrganishlar davomida universitet tomonidan Xorazm viloyati qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish konsalting markaziga yuborilgan anketada “7 qavatli, 600 oʻrinli talabalar turar joyi binosi qurilishi” obʼektini sohaviy mansubligi va xavf-xatar toifasi II-toifa qilib belgilanganligi maʼlum boʻldi.
Vazirlar Mahkamasining 20.08.2020 yildagi 496-sonli qaroriga asosan, 9 qavatgacha boʻlgan Oliy taʼlim muassasalari III-toifa sifatida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga joylashtirilishi lozimligi qayd qilingan.
Ammo Urganch davlat universiteti tomonidan III-toifa sifatida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga joylashtirilishi lozim boʻlgan obʼektni II-toifa qilib belgilashi natijasida boshqa viloyatdagi qurilish tashkilotlarining tenderda ishtirok etishi cheklangan.
Yuqoridagilarga asosan, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan Urganch davlat universitetiga nisbatan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasi talablari buzilishi yuzasidan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, natijasi yuzasidan buyurtmachi tashkilot mansabdor shaxsiga nisbatan maʼmuriy javobgarlik belgilash yuzasidan tegishli sud organiga maʼlumotlar yuborildi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik yuzasidan koʻrsatma berildi.