Uch bankning 150 nafarga yaqin xodimi tadbirkor bilan shugʻullanayotgani aniqlandi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi banklarga taqdimnomalar kiritgan.

150 nafarga yaqin bank xodimlari tadbirkorlik qilgani aniqlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan vazirlik va idoralar, davlat muassasalari va tashkilotlar xodimlarining tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish holatlari yuzasidan oʻrganishlar oʻtkazib kelinmoqda.
Xususan, "Mikrokreditbank" ATB, "Biznesni rivojlantirish banki" ATB hamda "Turonbank" ATB va ularning tizim tashkilotlari oʻrganilganda ularning 148 nafar boshqaruv xodimi 155 ta tadbirkorlik subʼektida taʼsischilik asosida faoliyat yuritib kelayotganligi aniqlandi.
Jumladan, "Mikrokreditbank" ATBning 94 nafar boshqaruv xodimi 96 ta tadbirkorlik subʼektida, "Biznesni rivojlantirish banki" ATBning 41 nafar boshqaruv xodimi 46 ta tadbirkorlik subʼektida hamda "Turonbank" ATBning 13 nafar boshqaruv xodimi 13 ta tadbirkorlik subʼektida taʼsischi sifatida roʻyxatdan oʻtgan.
Yuqoridagi qonunbuzilishi holatlari boʻyicha Agentlik tomonidan mazkur banklarga taqdimnomalar kiritildi.
Oʻz navbatida, banklar tomonidan taqdimnomalar tanqidiy muhokama qilingan holda tadbirkorlik subʼektlarida taʼsischilik qilayotgan xodimlarga nisbatan ogohlantirish xatlari berilib, qayd etilgan qonunbuzilishi holatlari bartaraf etilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasining "Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida" gi, "Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida" gi qonunlarida davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi taqiqlangan
Avvalroq qator vazirliklar xodimlari tadbirkorlik bilan shugʻullangani aniqlangandi.