platina.uz

Gigantlar jangi: Coca-Cola va Pepsi-Cola - marketing urushlari

Oʻnlab yillar davomida har bir kompaniya bozorni egallash uchun innovatsion strategiyalar, ijodiy reklama va marketing hiylalaridan foydalangan.

Maqola
18-sentabr, 18:51
Gigantlar jangi: Coca-Cola va Pepsi-Cola - marketing urushlari

Ikkita gigant ichimlik brendlari – Coca-Cola va Pepsi-Cola oʻrtasidagi qarama-qarshilik global sanoatdagi marketing va reklama urushlarining eng mashhur va uzoq davom etib kelayotgan misollaridan biriga aylandi. XIX asr oxirida ushbu kompaniyalar oʻrtasida boshlangan raqobat isteʼmolchilar eʼtiborini jalb qilish uchun global kurashga aylandi. Oʻnlab yillar davomida har bir kompaniya bozorni egallash uchun innovatsion strategiyalar, ijodiy reklama va marketing hiylalaridan foydalangan. Ular oʻrtasidagi kurashning asosiy bosqichlari hamda ularning zamonaviy marketingga taʼsiri tahlil qilishga arzigulik mavzu.

Ziddiyatlar ildizi

1886 yilda farmatsevt Jon Stit Pemberton Coca-Cola retseptini ishlab chiqdi. Dastlab dorixonalarda dori vositasi sifatida sotish uchun moʻljallangan ichimlik tezda mashhurlikka erishdi. Oradan 12 yil oʻtib, 1898 yilda Kel Bredhem Pepsi Cola ichimligini yaratdi va u bozorda Coca-Cola bilan raqobatlasha boshladi.

Eng birinchi kola qoʻshilgan dori.

Dastavval har ikki kompaniya ham retseptlar yaratish va ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga eʼtibor qaratdi. Lekin tez orada ular reklama kampaniyalari va distributsiya tarmogʻini kengaytirish vositasida bozorni kengaytirish yoʻlida raqobatlasha boshladi. Coca-Cola birinchi boʻlib reklamaga sarmoya kiritishni boshlagan. Buning uchun turli joylarda reklama afishalari joylashtirish va gazetalarga reklamalar berishni yoʻlga qoʻygan.

“Buyuk tushkunlik” va dastlabki ulkan “jang”

1930 yillarda AQShda yuzaga kelgan “Buyuk depressiya” davrida Pepsi-Cola oʻzining savdo strategiyasini oʻzgartirib, isteʼmolchilarga 12 unsiyali (0,36 ml.) shisha idishdagi ichimlikni 5 sentdan sota boshladi. Bu pulga Coca-Cola 6 unsiyali ichimlik taklif etardi xolos. Bunday demping qadami uzoq vaqt bozorda ustunlikni qoʻldan bermay kelayotgan Coca-Cola uchun birinchi katta muammo boʻldi. Iqtisodiy beqarorlik davrida odamlar pulni tejashga asosiy eʼtibor qaratishdi va Pepsi-Cola oʻzining yangi narx siyosati orqasidan katta foyda koʻra boshladi. Bu qaror Pepsi-Cola kompaniyasini Coca-Cola bilan teng savdo shartlariga chiqargan dastlabki yirik marketing kampaniyasi edi. Ushbu strategiya marketing sohasini oʻzgartirdi va toʻgʻri tanlangan narx siyosati bozordagi kuchlar nisbatini oʻzgartirib yuborishga qodir ekanligini isbotladi.

Kola idishlarining oʻzgarishi.

1950-1960 yillar: televideniya davri

Coca-Cola strategiyasi

Televideniya rivojlanishi bilan ikkala kompaniya ham oʻz tajribasi va savdo natijalarini tahlil qilgach, reklama muvaffaqiyat kaliti ekanligini toʻla anglab yetdi. Maʼlumki televizor defitsit va qimmat boʻlgan sotsialistik lagerdan farqli oʻlaroq, AQShda televizorlar savdosi va televideniye juda tez va sifatli rivojlandi. Bunday imkoniyat sharoitida Coca-Cola va Pepsi-Cola oʻz mahsulotlarini reklama qilish uchun televizordan foydalangan birinchi kompaniyalar boʻldi. Bu vaqtlarda Coca-Cola anʼanaviy oilaviy qadriyatlarga tayangan va oʻzini odamlarni birlashtiradigan ichimlik sifatida taqdim eta boshladi. Coca-Cola ommaviy madaniyat, umuman ijtimoiy hayotga ham katta taʼsir koʻrsatdi. Misol uchun, Milod bayramining timsoli Santa Klaus avvallari koʻk kiyimda tasvirlangan. Coca-Cola oʻzini Milod bayrami va dasturxoni bilan uygʻun mahsulot sifatida reklama qila boshlagach, Santa-Klausni Coca-Cola’ning korporativ rangi – qizil kiyimda tasvirlay boshladi. Bu reklamalardan butun madaniy hayot va OAVga koʻchib oʻtdi.

Koka-kola va Santa Klaus.

Pepsi-Cola strategiyasi

Pepsi-Cola esa yoshlar auditoriyasiga qaratilgan strategiyani ishlab chiqdi. 1960-yillarda Pepsi-Cola «Pepsi Generation» (Pepsi avlodi) marketing va reklama kampaniyasini boshladi. Bu siyosat Pepsi-Cola’ni yangi avlod tanlovi sifatida ilgari surdi. Bu oʻsha paytlardagi oʻta innovatsion harakat edi, chunki mahsulotning oʻzini targʻib qilish oʻrniga, u yaratadigan yoki eslatadigan tuygʻu hamda kayfiyat, turmush tarziga urgʻu berildi. Ushbu harakat kompaniyaning marketing strategiyasini ishlab chiqishda muhim bosqich boʻldi. Ikki brend oʻrtasida konseptual farq paydo boʻldi.

Logotiplarning oʻzgarishi.

1970-1980 yillar: «Pepsi Challenge» va yoshlar uchun urush

Reklama urushlarining eng esda qolarli lahzalaridan biri - 1975 yilda boshlangan «Pepsi Challenge» boʻldi. Ushbu kampaniya doirasida Pepsi-Cola taʼm testlarini oʻtkazdi, unda isteʼmolchilardan brend nomini koʻrmagan holda ikki ichimlikdan yaxshirogʻini tanlashni soʻrashdi. Natijalar shuni koʻrsatdiki, koʻpchilik Pepsi-Colani tanlagan. Kampaniya provokatsion xususiyat kasb etib, Coca-Cola dominant taʼmi haqidagi afsonani yoʻq qilishga intildi.

Coca-Cola kompaniyasining javobi uzoq kutilmadi. 1980-yillarda kompaniya yoshlar bilan aloqasini mustahkamlash maqsadida Maykl Jekson va Uitni Xyuston kabi mashhur shaxslar ishtirokida yirik reklama kampaniyalarini boshladi. Biroq, bu Pepsi-Cola kompaniyasining 1984 yilda Maykl Jekson ishtirokidagi mashhur reklamasini yaratib, oʻzining agressiv marketing siyosatini davom ettirishiga toʻsqinlik qilmadi.

1985 yil: Coca-Cola xatosi - «New Coke»

Raqobat tarixidagi eng munozarali davrlardan biri 1985 yilda «New Coke» («Yangi kola»)ning taqdim etilishi boʻldi. Coca-Cola taʼmi yosh avlod uchun koʻproq jozibador boʻlgan Pepsi-Cola bilan yaxshiroq raqobatlashish uchun ichimlik formulasini oʻzgartirishga qaror qildi. Biroq, bu tashabbus klassik ichimlik muxlislari orasida gʻazab toʻlqinini keltirib chiqardi. Bu kompaniyani «Coca-Cola Classic» nomi ostida klassik formulaga qaytarishga majbur qildi. New Coke xatosi isteʼmolchilarning brend bilan hissiy aloqasi qanchalik kuchli ekanligini namoyish qildi.

1990-yillar: yulduzlar asri

1990-yillarda ikkala kompaniya uchun ham mashhur shaxslarning reklamasida foydalanishga zoʻr berdi. Coca-Cola dunyoning eng yirik yulduzlari - Jorj Kluni va Kristina Agilera bilan ishlashda davom etdi, Pepsi-Cola esa Britni Spirs va Madonna kabi yoshlarning yulduzlariga tayandi. Ikkala brend ham kuchli raqobat muhitini yaratib, musiqa sanoati va yoshlar madaniyatida hukmronlik qilish uchun qattiq kurashdi.

Pepsi-Cola oʻz reklamasida Maykl Jekson, Britni Spirs, Rey Charlz kabi yulduzlardan foydalangan.

2000- va undan keyingi yillar: raqamli marketing davri

XXI asrda Coca-Cola va Pepsi-Cola oʻrtasidagi marketing urushlari raqamli makonga koʻchdi. Har ikki kompaniya ham yangi auditoriyani jalb qilish uchun ijtimoiy tarmoqlar, ijodiy “virusli” videolar va “inflyuenserlar” (blogerlar va boshqa ommaga taʼsir qiluvchilar) bilan reklama kampaniyalaridan faol foydalanishni boshladilar. Coca-Cola kompaniyasi foydalanuvchilarga shisha idishlaridagi nomlari bilan individuallikni taqdim etuvchi «Share a Coke» kampaniyasini boshladi, bu esa ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvga sabab boʻldi. Masalan, sizning ismingiz Rustam, lekin siz sotib olgan Coca-Cola idishida Shahnoza ismi bor. Demakki idishlarni oʻzaro almashtirish uchun bahona paydo boʻladi. Buni videoga olib ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishadi, odamlar muloqoti kuchayadi, pirovardida esa brendni reklama qilish jarayoniga sabab boʻladi.

Coca-Cola shuningdek, Olimpiada va boshqa sport oʻyinlari hamda madaniy tadbirlarning rasmiy homiysiga aylandi.

Hind kinoaktrisasi Ayshvariya Ray.

Pepsi-Cola ham madaniy tadbirlarga, masalan, Super Bowl va musiqa festivallariga homiylik qilishda davom etdi. Soʻnggi paytlarning eng eʼtiborga molik reklamalaridan biri - uning 2013 yilda superyulduz Beyonse bilan hamkorligi boʻlib, bu kollaboratsiya Pepsi-Cola brendining yoshlar va zamonaviy pop madaniyati bilan aloqasini yana mustahkamladi.

Coca-Cola: SSSRni zabt etish tarixi

Coca-Cola kommunizm “qalʼasi” boʻlmish SSSRga ilk marta 1980 yilgi Olimpiada oʻyinlari paytida kelgan edi. Coca-Cola va Fanta olimpiya oʻyinlarining rasmiy ichimliklari boʻlgani bois ularda yaxshi imkoniyat tugʻilgan. Olimpiada yakunlanganidan keyin SSSRda faqat Fanta qoldi. Besh yil oʻtgach, Coca-Cola yana mamlakatga qaytib keldi. Lekin uni faqat chet elliklar va cheklangan miqdordagi Sovet fuqarolari sotib olishlari mumkin edi.

Pepsi-Cola SSSRda. Moskva, 1981 yil 25 may.

Xrushchev reklama qilgan Pepsi-Cola

1972 yil 16 noyabrda Pepsi-Cola kompaniyasi “kelgusi yildan boshlab SSSRda avval oʻz ichimligini sotishni, keyin esa uni ishlab chiqarishni boshlashi” haqida rasman eʼlon qildi. Bu Pepsi-Cola kompaniyasining oʻsha paytdagi bosh direktori Donald Kendall uchun katta gʻalaba edi. Oʻn yildan koʻproq vaqt davomida u Sovet bozoriga kirib, asosiy raqobatchisi Coca-Cola’ga zarba berishni orzu qilib kelardi. Kendall 1959 yilda Moskvadagi Amerika koʻrgazmasida bunga birinchi bor urinib koʻrdi. Keyin u Sovet rahbari Nikita Xrushchevdan foydalanishga muvaffaq boʻldi: Xrushchevning Pepsi-Cola ichib turgan surati barcha Gʻarb gazetalarida bosildi. Ammo keyinchalik AQSh va SSSR oʻrtasiga yana sovuqchilik tushgach, Pepsi-Cola yana SSSRdan chiqi ketib, 1970-yillarning boshiga qadar – munosabatlar “ilishini” kutishiga toʻgʻri keldi.

SSSR rahbari Nikita Xrushchev Moskvadagi Amerika koʻrgazmasida Pepsi-Cola'ni tatib koʻrmoqda. "Soqiy" - Pepsi kompaniyasi rahbari Donald Kendall chapdan birinchida. 1959 yil 25 iyul.

Ikkinchi urinishda biz “Pepsi-Cola evaziga “Stolichnaya” arogʻi” formulasidan foydalangan holda bitim tuzishga muvaffaq boʻlindi. 1989 yilda Sovet Ittifoqi shu qadar yomon ahvolda ediki, buning evaziga eski, zanglab ketgan harbiy kemalardan boshqa hech narsa taklif qila olmadi. Shu tariqa Pepsi-Cola SSSR bozoridan joy oldi.

Oʻzbekistondagi faoliyat

Coca-Sola Dunyodagi eng keng distributsiya tizimiga egaligi bois, 200 dan ziyod mamlakatga kirib borgan.

Oʻzbekiston bozoriga ham birinchi boʻlib Coca-Cola kirib kelgan. Eski prezident bilan bogʻliq maʼmuriy resurslardan foydalanishda gumon qilingan Coca-Cola 1994 yilda Toshkent shahrining Beshyogʻoch dahasida ilk zavodini ochgan. Bu yerda dastlab 0,25 litrli shisha idishlarda Coca-Cola ichimligi ishlab chiqarilgan.

2024 yil 15 may kuni Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Coca Cola 15 kompaniyasining raisi va bosh direktorini qabul qildi. Uchrashuvda investitsiyalarni kengaytirish, mahsulotlar nomenklaturasini oshirish va kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Sentabr oyida kompaniya Oʻzbekistondagi toʻrtinchi zavodini ochdi. Beshinchi zavod esa kelgusi yilda ochilishi rejalashtirilgan.

Pepsi CO. esa faqat 2011 yilga kelibgina Oʻzbekistonda ilk zavodini ochgan.

Oʻzbekiston telekanallarida reklama uchun mablagʻ sarflashda ham mana shu ikki kompaniya birinchilikda turibdi.

Coca-Cola (Coca-Cola Ichimligi timsolida) 2022 yilda reklama byudjetining 21 foizini, 2023 yilda esa 29 foizini sarflagan. 2024 yilda esa bu koʻrsatkich rekorda darajaga – 38 foizga chiqqan.

Pepsi- Cola (International Baverages Tashkent timsolida) 2022 yilda 23 foiz; 2023 yilda 47 foiz, joriy yilda esa 44 foizini sarflab, bu borada Coca-Cola ni ham ortda qoldirgan.

Statistika: daromad, xodimlar soni va reklama byudjeti

Xoʻsh, ikki brend shunchalik kurashib kelayotgan ekan, ayni paytda ularning qaysi biri “zoʻrroq”? Albatta, qaysi birining taʼmi yaxshi ekanligi har kimning didiga havola. Biroq aniq statistika maʼlumotlariga nazar solish foydadan holi boʻlmaydi.

2022 yilda Coca-Cola (The Coca-Cola Company) kompaniyasining sof daromadi 9,57 mlrd. dollar boʻlgan. Shu yili u 82 ming 500 kishini ish bilan taʼminlaganini eʼlon qilgan.

2023 yilda Pepsi-Cola (PepsiCo, Inc.) kompaniyasining sof foydasi 9.16 mlrd. dollarni tashkil etgan. Shu yili uning 318 ming nafar xodimi boʻlgan.

Yaʼni, Coca-Cola daromad borasida Pepsi-Cola’dan 0,5 foiz oldinda xolos, ammo xodimlari soni Pepsi-Cola’ga nisbatan 4 baravar koʻproq.

Ikki kompaniyaning reklama uchun sarflayotgan mablagʻlari ham qiziq.

Oxirgi yillarda Coca-Cola butun dunyo boʻylab reklamaga oʻrta 4 mlrd. dollar sarflayapti. Faqat koronavirus pandemiyasi davrida bu koʻrsatkich atigi 2,8 mlrd. dollarni tashkil etgan xolos. 2023 yilga kelib, reklama uchun 5 mlrd. dollar ajratiladigan boʻldi.

PepsiCo esa har yili dunyo boʻylab oʻrtacha 3,5 - 3,7 mlrd. dollar sarflaydi. Oxirgi yillarda eng rekord koʻrsatkich 2019 yilda qayd etilgan boʻlib, 4,7 mlrd. dollarni tashkil etgan.

Demak reklama byudjeti masalasida Pepsi-Cola biroz oldinda turadi.

Raqobat - sifat va daromad sari eng toʻgʻri yoʻl

Coca-Cola va Pepsi-Cola oʻrtasidagi qarama-qarshilik shunchaki ikki ichimlik oʻrtasidagi jang emas, balki isteʼmolchilarning ongi va qalbi uchun afsonaviy kurash hisoblanadi. Har bir kompaniya oʻz auditoriyasiga erishish uchun koʻpincha agressiv va innovatsion marketing usullaridan foydalangan holda noyob strategiyalarni ishlab chiqdi. Ushbu kampaniyalar marketing boʻyicha keyingi avlodlar uchun muhim namuna boʻlib, muvaffaqiyatli reklama urushi nafaqat innovatsiya va ijodkorlikni, balki isteʼmolchilarning xohish-istaklarini chuqur tushunishni ham talab etishini koʻrsatdi.

Shu bilan birga, bu ikki gigant brend oʻrtasidagi raqobat va marketing urushlari alal-oqibat ularning foydasiga xizmat qildi. Ular bir-biridan gʻalaba qoidalarini oʻrgandi, bir-bir-birining xatorlarini takrorlamaslikka urindi. Coca-Cola va Pepsi-Cola oʻrtasidagi kurash bozor iqtisodiyoti qonunlarnining ishlashi va samarador ekanini isbotlab berdi.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+