Boysundagi gaz konidagi portlashda ikki kishi vafot etdi
Bu maʼlumotni Bosh prokuratura Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va oʻrmon xoʻjaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshligʻi Oʻktam Oʻtayev tasdiqladi.

Boysundagi gaz konida portlashda ikki kishi vafot etgan.
Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi "Mustaqillikning 25 yilligi" (M-25) gaz konida 17 sentabr kuni tushdan keyin yana vodorod sulfid sizib chiqishi yuz bergan.
Holat ortidan 2 nafar shaxs vafot etdi. Bu haqdagi maʼlumotni 18 sentabr kuni AOKAda oʻtkazilgan matbuot anjumanida Bosh prokuratura Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va oʻrmon xoʻjaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshligʻi Oʻktam Oʻtayev tasdiqladi.
"Haqiqatan, kecha siz aytgan oʻsha noxush holat boʻyicha, 2 nafar oʻlgani boʻyicha, voqea joyiga viloyat prokurorining oʻzi chiqqan. Hozirda tergovoldi tekshiruv harakatlari olib borilmoqda", — dedi u.
Uning qoʻshimcha qilishicha, hozirda vaziyat natijasida vafot etganlardan tashqari jarohatlangan fuqarolar ham mavjud.
" Oʻlim holati boʻlgan. Ikki nafar shaxs oʻlgani toʻgʻrisidagi holat bor. Yana tan jarohati olingan holatlar ham bor. Hozir tergovga qadar tekshiruv harakatlari oʻtkazilmoqda. Natijasi boʻyicha sizlarga maʼlumot beriladi" — dedi Bosh prokuratura vakili.
Eslatib oʻtamiz, sentabr oyi boshida gaz konida vodorod sulfid sizib chiqa boshlagan va 15 sentabrda holat bartaraf etilgani xabar qilingandi.