Olimlar koronavirus yangi turi haqida eʼlon qildi
XEC deb nomlangan yangi variant qishga borib asosiy mutatsiyaga aylanishi kutilmoqda. Uning simptomlariga yuqori harorat, tananing turli qismlarida ogʻriq, charchoq, yoʻtal yoki tomoq ogʻrigʻi kiradi.

Olimlar koronavirusning XEC deb nomlangan yangi varianti butun dunyo boʻylab tarqala boshlaganidan ogohlantirmoqda. Aynan mana shu virus tez orada koronavirusning asosiy turiga aylanishi va avvalgilarini siqib chiqarishi mumkin.
Amerikalik olim va Skripps tadqiqot instituti direktori Erik Topolning aytishicha, bu variant birinchi marta Germaniyada shu yilning iyun oyida topilgan va oʻshandan beri XEC bilan kasallanish hollari Buyuk Britaniya, AQSh, Daniya va boshqa bir qancha mamlakatlarda qayd etilgan.
Uning yozishicha, XEC tarqalish jarayoni endi boshlanmoqda. "Bu juda koʻp haftalar, bir necha oylarni talab qiladi", deydi Topol LA Times`ga.
"XEC asosiy oqimga aylanib borayotgani juda aniq. U keyingi variant boʻladi shekilli. Ammo uning tarqalishi yuqori darajaga yetguncha bir necha oy kerak boʻladi", — dedi Topol.
Olimlarning taʼkidlashicha, XEC oʻzidan oldingilaridan tezroq tarqalishiga yordam beradigan baʼzi mutatsiyalarda farq qiladi. Biroq, ular mavjud vaksinalar inson salomatligi uchun eng ogʻir oqibatlarning oldini olishga yordam berishi kerak, deb hisoblashadi.
Farmatsevtika sanoati doimiy ravishda koronavirusga qarshi vaksinalarni yangilab boradi va ularni hali yangi variantga moslashtirmagan. Ammo bu hozirgi vaksinalar unga qarshi ishlamaydi degani emas.
London Universiteti kolleji Genetika instituti rahbari professor Fransua Baluning BBC`ga aytishicha, XEC avvalgi variantlarga nisbatan "tarqalish jihatidan kichik afzalliklarga ega", ammo mavjud vaksinalar hali ham undan yaxshi himoya qiladi.
Balu prognozlariga koʻra, XEC keyingi qishda COVID-19 ning asosiy variantiga aylanishi mumkin.
Koronavirusning yangi variantining belgilari avvalgilardan farq qilmaydi. Bularga yuqori harorat, tananing turli qismlarida ogʻriq, charchoq, yoʻtal yoki tomoq ogʻrigʻi kiradi.
Koʻpchilik bir necha hafta ichida koviddan tuzalib ketadi, ammo baʼzilar uchun kasallik uzoqroq davom etadi.