Imudon dorisining kontrafakt nusxasi aniqlandi
Ushbu ishni amalga oshirgan MChJ 68 mln soʻm jarimaga tortildi.

Imudon dori vositasining kontrafakt nusxasini ishlab chiqargan korxona moliyaviy jarimaga tortildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Adliya vazirligiga "Abbot Products operation AG" kompaniyasi oʻziga tegishli Imudon dori vositasining kontrafakt nusxasi sotilayotganligi toʻgʻrisida murojaat qilgan.
Murojaatga asosan belgilangan tartibda A MChJda tekshiruv oʻtkazilganda Imudon dori vositasiga adashtirib yuborish darajasida oʻxshash boʻlgan Nest Imudon nomi ostida kontrafakt dori vositasi ishlab chiqarilayotganligi aniqlandi.
Taʼkidlab oʻtish joizki A MChJ ilgari ham Magne B6 dori vositasining kontrafakt nusxasini ishlab chiqarish va sotish bilan shugʻullanganligi uchun korxona rahbari S.F. maʼmuriy javobgarlikka tortilgan edi.
Biroq, korxona rahbari S.F. tegishli xulosa qilmasdan noqonuniy harakatlarni sodir etib kelgan. Natijada, "A" MChJga 68 mln soʻm moliyaviy jarima qoʻllanildi.
Maʼlumot uchun, "Tovar belgilari, xizmatkoʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlaritoʻgʻrisida" gi Qonunga koʻra tovar belgisidan yoki adashtirib yuborish darajasida u bilan oʻxshash boʻlgan belgidan tovarlarda, tovarlarning etiketkalarida, oʻrovlarida qonunga zid ravishda foydalanilganda ular kontrafakt deb hisoblanadi.