Trampga yana bir suiqasd uyushtirilgani aytildi: asosiy maʼlumotlar
Hibsga olingan shaxsning ismi hozircha rasman eʼlon qilinmagan, ammo tarmoqda u haqda maʼlumotlar tarqalmoqda.

Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp golf oʻynayotgan golf klubi yaqinida otishmalar eshitilgan.
Tramp otishma sodir boʻlgan joydan bir necha yuz metr uzoqlikda boʻlgan va xavfsiz boʻlgan, biroq FQB hodisa boʻyicha "koʻrinishidan suiqasdga urinish" deya bayonot berdi.
"Prezident Tramp xavfsiz", dedi uning saylovoldi kommunikatsiyalari direktori Stiven Chung.
Voqeadan toʻrt soat oʻtib boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida FQB, Maxfiy xizmat va mahalliy politsiya vakillari "Tramp" golf klubi yaqinida mashinada qochishga uringan erkak qoʻlga olingani, golf maydoni yaqinidagi butalar orasida tashlab ketilgan "Kalashnikov" rusumli avtomat topilganini maʼlum qildi.
Prezidentlar va sobiq prezidentlarni himoya qiluvchi Maxfiy xizmat vakilining soʻzlariga koʻra, ularning xodimi butalar orasidan chiqib turgan qurolni koʻrgan va hamkasblari bilan birga darhol oʻq uzgan.
Guvoh shundan soʻng erkakning butalar orasidan qora Nissan tomon yugurib chiqib, mashinaga oʻtirib haydab ketganini koʻrdi.
Politsiya erkakni qoʻshni tumandagi katta yoʻlda qoʻlga oldi. Mahalliy politsiya sherifiga koʻra, Maxfiy xizmat xodimlarining oʻqlari unga tegmagan.
Butazorlardan ular AK-47 rusumli avtomat, ikkita ryukzak va GoPro videokamerasini topdilar.
Amerikaning bir qancha yetakchi televideniye tarmoqlari va gazetalari huquq-tartibot idoralari vakillariga asoslanib, hibsga olingan shaxsning ismi Rayan Uesli Rout, u 58 yoshda va Gavayida istiqomat qilgani haqida xabar bermoqda.
Hibsga olingan shaxsning ismi hozircha rasman eʼlon qilinmagan.
Eslatib oʻtamiz, Trampga yozda ham suiqasd uyushtirilgan, u qulogʻidan yaralangandi.