Putin armiyadagi xizmatchilar sonini qariyb 2,4 million kishiga oshirdi
Farmon 2024 yil 1 dekabrdan kuchga kiradi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ikki yil ichida uchinchi marta armiya xizmatchilari sonini oshirdi.
Putin oʻz farmoni bilan Rossiya Qurolli Kuchlarining shtat darajasini 2 million 389 ming 130 kishiga oshirdi, bu raqam 1,5 million harbiy xizmatchini oʻz ichiga oladi ("shu jumladan, 1 million 500 ming harbiy xizmatchi", — deyiladi hujjatda). Farmon 2024 yil 1 dekabrdan kuchga kiradi.
Bungacha Putin oʻtgan 2023 yilning dekabr oyida Rossiya armiyasining shtat sonini 2 209 130 kishiga, shu jumladan 1 320 000 harbiy xizmatchiga oshirgan edi. Shunday qilib, yana 180 ming harbiy xizmatchi qoʻshiladi.
2022 yil avgust oyida, Ukrainada urush boshlanganidan olti oy oʻtgach, Rossiya Qurolli Kuchlarining shtat soni 1 150 628 nafar harbiy xizmatchiga koʻtarildi. Oʻsha paytda Rossiyada 2017 yilgi farmon amalda edi - unga koʻra, shtatda 1 013 628 nafar harbiy xizmatchi boʻlishi kerak edi, bu koʻrsatkich urush boshlanishida ham dolzarb boʻlgan.