platina.uz
Maqola

Erkinlik illyuziyasi yoxud nega koinotning chekkasiga yetib bora olmaymiz?

Hatto biz yorugʻlik tezligida sayohat qilish texnologiyasiga erishsak ham, fazoni oʻrganish va uning chekkasiga yetib borish qobiliyatimiz cheklangan holatda qolaveradi.

Erkinlik illyuziyasi yoxud nega koinotning chekkasiga yetib bora olmaymiz?
Fotokollaj: Platina.uz

Keng sahro, oʻrmon yoki kimsasiz togʻlarga chiqqaningizda oʻzingizni juda erkin his qilasiz. Istagancha harakatlanish illyuziyasidan mast boʻlasiz, butun dunyo siznikidek tuyuladi. Biroq shu kengliklarning ham egalari bor. Chegaralar va va taqiqlar bor. Istagan joyingizga, istagan vaqtingizda bora olmaysiz.

Astronomik faktlar, kosmik masofalar va fizika qonunlarini inobatga olsak, nafaqat Yer ustida, balki hali hech kim egalab olmagan koinotda ham mutlaq erkin harakatlanish gʻoyasi illyuziyadan boshqa narsa emasligi ayon boʻladi. Fan va texnologiya yutuqlariga qaramasdan, insoniyat oʻzini har qancha erkin deb oʻylamasin, mohiyatan Yer sayyorasiga "zanjirlangan" holda qolmoqda. Koinotni istagancha oʻrganish qobiliyatimiz tabiatning asosiy qonunlari bilan cheklab qoʻyilgan.

Erkinlik va koinot: falsafiy qarash

Falsafiy darajada erkinlik koʻpincha cheklovlarning yoʻqligi yoki oʻz xohishlariga muvofiq harakat qila olish qobiliyati sifatida taʼriflanadi. Biroq mavjudligimiz uchun asos boʻlgan kosmik qonunlarning oʻzi bu erkinlikni cheklasa-chi? Bunday holda bizning erkinlik haqidagi butun gʻoyamiz shunchaki taqlid boʻlib chiqadi. Agar oʻta qudratil, kuchli va boy boʻlsak, Yer yuzasi boʻylab nisbatan erkin harakatlanishimiz mumkin, ammo kosmik qonunlar tomonidan belgilab qoʻyilgan jismoniy haqiqat chegarasidan chiqa olmaymiz. Bu fikrda savol tugʻiladi: agar koinot tuzilishining oʻzi harakatlarimizni cheklayotgan boʻlsa, qachondir haqiqatan ham erkin boʻla olamizmi?

Yorugʻlik tezligi va koinot chegaralari

Erkinlik illyuziyasining muhim jihati – yorugʻlik tezligi bilan bogʻliq fizik qonunlardir. Albert Eynshteynning umumiy nisbiylik nazariyasiga koʻra, yorugʻlik tezligi (soniyasiga 299 792 kilometr) koinotda obʼektlar va maʼlumotlarning harakatlanish tezligining mutlaq chegarasidir. Yaʼni koinotda bizga maʼlum hech bir zarra yoki toʻlqin yorugʻlik tezligidan ziyod harakatlana olmaydi. Boshqacha qilib aytganda, hatto biz yorugʻlik tezligida sayohat qilish texnologiyasiga erishsak ham, kosmosni oʻrganish va uning chekkasiga yetib borish qobiliyatimiz cheklangan holatda qolaveradi. Fazoviy masofalar shu qadar uzoqki, insonning aqliga sigʻmaydi hatto.

Quyosh tizimini tark etish

Aytaylik, biz yorugʻlik tezligida harakat qila olsak, Quyosh sistemamiz chegaralarini (taxminan 1 yorugʻlik yiliga teng masofa) bir yil ichida tark eta olamiz. Bu yulduzlararo sayohat nuqtai nazaridan erishish mumkin vaziyat.

Eng yaqin yulduz tizimiga sayohat vaqti

Bizga eng yaqin yulduz tizimi Alfa kentavri boʻlib, Yerdan 4,37 yorugʻlik yili uzoqligida joylashgan! Demak, yorugʻlik tezligida toʻxtovsiz uchsak ham, toʻrt yarim yilda biznikiga oʻxshagan yulduz tizimiga yetib bora olamiz xolos. Afsuski, hozircha fazoviy kemalarimiz va apparatlarimiz yorugʻlik tezligiga nisbatan juda sekin harakat qiladi – masalan, Voyager 1 zondi soniyasiga taxminan 17 kilometr tezlikda harakatlanishiga qaramay, 30 ming yildan keyingina Quyosh sistemasi doirasidan chiqib keta oladi xolos!

Somon yoʻli galaktikasidan chiqib ketish

Bizning Quyoshimizga oʻxshagan 100 milliardlab yulduzlardan iborat Somon yoʻli galaktikamizni tark etish uchun taxminan 100 000 yorugʻlik yili masofasini bosib oʻtishingiz kerak boʻladi. Yaʼni hatto yorugʻlik tezligida uchilsa ham, bu sayohat yuz ming yil davom etadi!

Bizga eng yaqin galaktikaga yetib olish

Bizga eng yaqin galaktika Andromeda boʻlib, bizdan 2,5 million yorugʻlik yili uzoqlikda joylashgan. Shunday qilib, yorugʻlik tezligida sayohat qilsak ham, unga yetish uchun 2,5 million yil kerak boʻladi.

Bu faktlar Quyosh tizimimizdan tashqaridagi eng yaqin obʼektlarga ham yetib borish qobiliyatimiz qanchalik cheklanganini koʻrsatadi.

Koinotning kengayishi: cheksizlik sari yoʻl

Yana bir muhim jihat – koinotning kengayib borayotganidir. Big Bang – katta portlash nazariyasiga koʻra, olam avval faqat bitta nuqta boʻlgan. Boshqa hech narsa boʻlmagan, hatto vaqt ham mavjud boʻlmagan. Keyin esa shu nuqta portlagan, uning zarralari juda katta tezlik bilan chor tarafga otilgan. Keyin bu zarralarning ayrimlari birlashib, turli moddalar va jismlar, sayyora va gazlar, xullas, hozirgi olam vujudga kelgan. Va ana shu jismlar toʻxtamasdan uchishda davom etyapti. Yaʼni hamma jismlar bir biridan uzoqlashib, fazo doimiy ravishda kengayib bormoqda. “Qora quvvat” tufayli ularning tezligi ham muttasil oshib bormoqda. Astronomik kuzatishlar shuni koʻrsatadiki, galaktikalar oshib borayotgan tezlikda bir-biridan uzoqlashmoqda. Demak, biz har qancha tezlikda uchsak-da, fazoviy jismlar yanada tezlashib, bizdan uzoqlashib ketaveradi. Mazkur muttasil kengayish koinotning koʻplab hududlarini biz uchun abadiy yetib boʻlmaydigan holga keltiradi.

Misol uchun, bir necha milliard yil ichida Andromeda kabi yaqin galaktikalar bizdan shunchalik uzoqlashib ketgan boʻladiki, ularning yorugʻligi Yerga ham yetib kela olmaydi. Yaʼni ular bizga boshqa koʻrinmay qoladi. Agar biz yorugʻlik tezligida harakatlana oladigan kemalarni ixtiro qilsak ham, koinotning kengayishi yangi muammoni keltirib chiqaradi – koʻplab obʼektlar jismonan yetib boʻlmaydigan masofada ketaveradi. Bu xuddi katta trassada 100 tezlik bilan harakatlanib, 500 tezlikda ketayotgan avtomobilga yetib olishni orzu qilishdek gap. Qizigʻi shundaki, oldimizdagi avtombil tezligi 500, 600, 700... tarzida muttasil oshib bormoqda.

Astrofizik Neil deGrass Taysonning taʼkidlashicha, "fazo shu qadar kengayib boryaptiki, har qanday texnologik taraqqiyot ham uning chekka qismlariga sayohat qilish uchun yordam bera olmaydi".

Spiral harakatlar va sikliklik: samoviy jismlarning raqsi

Olamning hayratlanarli hodisalaridan biri samoviy jismlarning spiral tarzda va orbitalarda harakatlanishidir. Quyosh va uning sayyoralari, jumladan, Yer galaktikamiz markazi atrofida spiral shaklida harakatlanadi va taxminan 225-250 million yil ichida galaktika markazi atrofini toʻliq aylanib chiqa oladi. Galaktikalarning oʻzlari bir-biriga nisbatan murakkab trayektoriyalar boʻylab harakatlanib, milliardlab yillar davomida davom etayotgan oʻziga xos fazoviy raqsda qatnashadilar.

Bundan tashqari, hatto Quyosh tizimi ichida ham, sayyoralarning orbitalari tortishish kuchining oʻzaro taʼsiri tufayli doimiy oʻzgarishlarga duchor boʻladi. Masalan, Yer mukammal aylana orbita boʻylab harakatlanmaydi, balki bir oz elliptik yoʻl boʻylab harakatlanadi, bu ham sayyoramizning iqlimi va hayot aylanish jarayoniga taʼsir qiladi.

Osmon jismlarining spiral harakati shuni koʻrsatadiki, hech qanday kosmik jism statik (qoʻzgʻalmas) boʻlib qolmaydi, lekin bu harakat ham bizning sayyoramiz tizimini tark etishimizga imkon bermaydigan fizik qonunlarga boʻysunadi.

Cheksiz koinotdagi cheklangan imkoniyatlar

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, insoniyat oʻzining barcha yutuqlari va intilishlariga qaramay, Yer sayyorasi va yaqin fazoning asiri boʻlib qolaveradi. Insoniyatning imkoniyatlari va yaratgan texnologiyalari koinot chegaralari uyoqda tursin, hatto eng yaqin yulduz tizimlariga ham yetib borishga imkon bermaydi. Astronomiya shuni koʻrsatadiki, biz yorugʻlik tezligida sayohat qilsak ham, kosmik masofalarning kattaligi va koinotning kengayib borishi hisobiga boshqa galaktikalar yoki koinotning chekka qismlariga yetib borishni imkonsiz qilib qoʻyadi.

Bir soʻz bilan aytganda, inson erkinligi jismoniy qonunlar bilan ham, hozirgi imkoniyatlarimiz bilan ham cheklangan. Bu esa asl erkinlik shunchaki illyuziya, koinot esa biz qutulib chiqa olmaydigan qafas, deb oʻylashga majbur qiladi.

Abulfayz Sayidasqarov

Tavsiya etamiz

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid