platina.uz

Yangiyoʻlda yoʻl taʼmiri uchun ajratilgan pulni "yeb ketgan" boshqarma boshligʻiga jazo tayinlandi

U tadbirkor sherigi bilan soxta maʼlumotlar orqali boshqarmaning hisob raqamidan deyarli 240 mln soʻmni talon-toroj qilgan. 

Jamiyat
15-sentabr, 14:05
Yangiyoʻlda yoʻl taʼmiri uchun ajratilgan pulni "yeb ketgan" boshqarma boshligʻiga jazo tayinlandi

Toshkent viloyati jinoyat ishlari boʻyicha Yangiyoʻl tuman sudida yoʻl taʼmiri uchun ajratilgan 239,8 mln soʻm mablagʻni talon-toroj qilgan boshqarma boshligʻi va uning tadbirkor sherigiga hukm oʻqildi. Sud hukmi nusxasi Platina.uz ixtiyorida mavjud.

Maʼlum boʻlishicha, A.A “Ttt fff ttt” MChJ rahbari lavozimida ishlab kelib, Yangiyoʻl tumanidagi boshqarmalardan birida Infratuzilma obʼektlaridan foydalanish boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlovchi XX bilan oldindan til biriktirgan. Ular 592 metr yoʻl asfaltlangan boʻlsada, amalga oshirilgan ishlar foydalanishga qabul qilinganligi haqida takroran soxta maʼlumotlarni kiritib, boshqarmaning hisob raqamidan 239.852.830 soʻm pul mablagʻlari MChJ hisob raqamiga oʻtkazib berilish natijasida juda koʻp miqdordagi byudjet mablagʻlari oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilishgan.

Sudda har ikkala sudlanuvchi oʻz ayblarida qisman iqrorliklarini bildirdi.

Yakuniy sud hukmiga koʻra, A.Aga oylik ish haqini 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 (bir) yil 11 (oʻn bir) oy 27 (yigirma yetti) kun axloq tuzatish ishlari jazosi qoldirildi. Bundan uning 2024 yil may oyidan avgustigacha qamoqda saqlangani ham inobatga olingan.

X.X esa 1 (bir) yil 6 (olti) oy muddatga davlat organlari va davlat ishtirokidagi tashkilotlardan rahbarlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadiga undirib qolgan holda 2 (ikki) yil 3 (uch) oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Yetkazilgan 239,8 mln soʻm zarar esa toʻliq qoplangan.

Sud hujjati Olib sud ochiq portalidan olindi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+