platina.uz
Siyosat

Mixail Mishustinning tashrifi: kim uchun koʻproq foydali?

Gʻarb davlatlari bilan savdo-iqtisodiy faollikning pasayishi Moskvani yangi hamkorlar izlashga va Oʻzbekiston asosiy oʻrinni egallagan Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga undamoqda.

Mixail Mishustinning tashrifi: kim uchun koʻproq foydali?

Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustinning 2024 yil 9-10 sentabr kunlari Oʻzbekistonga tashrifi jahon ekspertlari tomonidan ikki davlat munosabatlarida ochiq va yashirin maqsadlarga ega muhim voqea deya baholandi. Ukrainada davom etayotgan mojaro va Rossiyaga qarshi muttasil xalqaro sanksiyalar fonida bu tashrif Markaziy Osiyodagi siyosiy va iqtisodiy vaziyat uchun juda katta oqibatlarga olib kelishi kutilmoqda.

Tashrifning ochiq va yashirin maqsadlari

Mishustin tashrifining asosiy maqsadlaridan biri - Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni, ayniqsa, Ukraina inqirozi tufayli Rossiyaning xalqaro maydonda yakkalanib qolgani fonida mustahkamlash edi, degan xavotirlar mavjud. Gʻarb davlatlari bilan savdo-iqtisodiy faollikning pasayishi Moskvani yangi hamkorlar izlashga va Oʻzbekiston asosiy oʻrinni egallagan Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga undamoqda.

Ochiq maqsadlar esa - savdo, logistika va ishlab chiqarish sohalarida Rossiyaga Gʻarb bozorlari va texnologiyalarini yoʻqotishning oʻrnini qoplashga yordam beradigan qator kelishuvlarni imzolashdan iborat boʻlgan. Bu sohalardagi hamkorlik iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilishga intilayotgan Oʻzbekiston manfaatlariga ham mos keladi. Biroq bu tashrifda yashirin maqsadlarni ham koʻrish mumkin, masalan, Toshkentning YeOIIga qoʻshilishi boʻyicha bosim kuchayishi mumkin. Shu bilan birga, bu masala uzoq vaqtdan beri muhokama qilib kelinsada, aniq natija bermayotganiga guvoh boʻlyapmiz.

Kelishuvlar va ularning oqibatlari

Tashrif chogʻida qoʻshma loyihalarni ishlab chiqishga qaratilgan bir qancha shartnomalar, jumladan, Oʻzbekistonda uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar) ishlab chiqaradigan zavod yaratish boʻyicha kelishuv imzolandi.

Ushbu loyiha kelajakda ishlab chiqarilajak dronlar yordamida aynan qanday vazifalar bajarilishi va bu Oʻzbekistonning boshqa davlatlar bilan munosabatlariga, ayniqsa, Ukrainadagi urush sharoitida, qanday taʼsir qilishi haqida koʻplab savollar va taxminlarni keltirib chiqaradi.

Albatta, bunday texnologiyalardan qishloq xoʻjaligi va infratuzilma monitoringi kabi fuqarolik maqsadlarida foydalanish mumkin. Biroq, mazkur dronlar ikki maqsadli tovarlar hisoblangani bois, kelajakda ulardan jangovar maqsadlarda foydalanish mumkin, degan xavotirlarni tugʻdiradi. Xususan, bu zavod bilan, oʻtgan yili Tataristondagi “Yelabuga” iqtisodiy zonasida Eronning "Shahed" rusumidagi kamikadze uchuvchisiz parvoz apparatlarini yigʻish zavodi qurish rejasi oʻrtasida parallalellar oʻtkazilgan.

Garchi Tataristondagi zavodga Eron ehtiyot qismlar yetkazib berishi aytilgan boʻlsada, mikroxemalar va boshqa detallar topish masalasi sanksiyalar qurshovida qolgan Rossiya uchun hamon oʻtkir muammo hisoblanadi. Oʻzbekistonda xorijdan bu detallarni import qilshda cheklovlar yoʻq. Shu bois ayrim ekspertlar Oʻzbekiston Rossiyaga saksiyalarni aylanib oʻtishda yordam beryapti, degan shubhaga borishyapti. Ayniqsa yaqinda eʼlon qilingan hisobotlarda Oʻzbekiston va Rossiyaning oʻtgan yili xorijga oltin eksportini keskin oshirgani, goʻyoki aslida bu Rossiya oltinlarining reeksporti ekanligi borasidagi maʼlumotlar fonida bu shubhalarga ishonch tugʻilishi tabiiy.

Mishustin tashrifi davomida Oʻzbekistonda temir yoʻl mashinasozligi sohasida ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etilishi ham ochiq aytilgan. Oʻzbekistonning yaqin kelajakda poyezd va vagonlarga, umuman bu ogʻir sanoat bilan bogʻliq mashinasozlik sohasiga ehtiyoji borligi biror marta rasman qayd etilmagan. Tahlilchilarning gumon qilishicha bu kelishuv ham asosan Rossiya manfaatlariga mos keladi va ishlab chiqarilajak mexanizmlar ham ikki maqsadli boʻlmasligiga ishonch yoʻq.

Umuman, Rossiya-Ukraina mojarosini hisobga olsak, Rossiya Oʻzbekistondan keyinchalik urushda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan uskunalar ishlab chiqarish bazasi sifatida foydalanishi xavfi bor. Bu xalqaro hamjamiyatda xavotir uygʻotadi va mabodo Oʻzbekiston hududida ishlab chiqarilgan uchuvchisiz apparatlar Ukrainadagi harbiy amaliyotlarda ishtirok etayotgani aniqlansa, Oʻzbekistonga qarshi ikkilamchi sanksiyalar tahdidi paydo boʻladi.

Ikkilamchi sanksiyalar tahdidi

Choʻkayotgan odam xasga ham yopishgani kabi, Rossiya Oʻzbekistondan sanksiyalarni chetlab oʻtish uchun oʻziga xos “tuynuk” sifatida foydalanishga urinishi koʻp bora taʼkidlangan. Oʻzbekiston hukumati bunga va uning oqibatlarga yoʻl qoʻymaslik uchun Rossiya bilan munosabatlarini ehtiyotkorlik bilan muvozanatlashi kerak, albatta. Ikkilamchi sanksiyalar Oʻzbekiston uchun tashqi siyosatdagi risklarning eng murakkab jihatlaridan biri hisoblanadi. Zero, qozonga yaqin yursang, qorasi yuqmay qolmaydi: Rossiya bilan, ayniqsa, harbiy mahsulotlarga oid loyihalarda ishtirok etish AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan sanksiyalarga sabab boʻlishi tayin. Bu hol yuz bersa, Oʻzbekiston iqtisodiyotining bank, energetika va sanoat kabi muhim tarmoqlariga taʼsir qilishi va iqtisodiy oʻsish yoʻlida jiddiy toʻsiqlar yaratishi mumkin. Albatta Toshkent Rossiyaning harbiy va imperialistik ambitsiyalari yoʻlida oʻzbek xalqi manfaatlarini qurbon qilmaydi va bunga ishonchimiz komil.

Putinning tashrifi bilan bogʻliqlik bormi?

Mixail Mishustinning tashrifini Vladimir Putinning 2024 yil may oyida Oʻzbekistonga tashrifi bilan boshlangan Rossiya diplomatik “trafigi”ning davomi sifatida ham baholash mumkin. Oʻshanda energetika sohasidagi hamkorlik masalalari, shuningdek, Oʻzbekistonning YeOIIdagi potensial ishtiroki muhokama qilingani aytilgan edi. Bu tashriflar Rossiyaning Oʻzbekiston bilan integratsiyani chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanidan dalolat beradi. Shu bilan birga, Moskva iqtisodiy loyihalardan Toshkentni Rossiya uchun koʻproq manfaatli ittifoqlarga koʻproq jalb qilish uchun vosita sifatida ishlatayotgan boʻlishi mumkin. Ayrim ekspertlarning taʼkidlashicha, Mishustin Kremlning Oʻzbekistonning Rossiyaga iqtisodiy va siyosiy qaramligini kuchaytirishga qaratilgan siyosatini davom ettirishni maqsad qilgan. Putinning tashrifi, bir qator kelishuvlar bilan bir qatorda, Jizzaxda kichik quvvatli AESlar qurish qarorini mustahkamlagan boʻlsa, Mishustinning tashrifi Toshkentning YeOIIga qoʻshilish borasidagi qaroriga taʼsir qilishi mumkin.

YeOII: istiqbol va muammolar

Uchrashuvda muhokama qilingan asosiy masalalardan biri - Oʻzbekistonning YeOII bilan integratsiyalashuv yoʻnalishi boʻlgani yoziladi. Bu iqtisodiy blokka qoʻshilish Toshkent uchun munozarali masala boʻlib qolmoqda. Bir tomondan, Oʻzbekiston eksport va ish oʻrinlari uchun muhim boʻlgan kengaytirilgan savdo imkoniyatlarini qoʻlga kiritishi mumkin. Ikkinchi tomondan, YeOIIga qoʻshilish mamlakatning iqtisodiy suverenitetini cheklaydi va Rossiyaga qaramligini oshiradiki, bu hozirgi xalqaro keskinlik sharoitida ayniqsa xavfli ekani aniq.

Hozirda Rossiyada migrantlarga qarshi siyosatning keskinlashib va absurdlashib borayotgani ham bu boradagi gumonlarni mustahkamlaydi. Zero, tarixga nazar solsak, Rossiya Toshkentdan biror narsa talab qilsa, darrov uning ogʻriqli nuqtasi – migrantlar “jarohati”ni ezgʻilashga oʻrganib qolgan.

Biroq shuni unutmaslik kerakki, oʻzining tashqi iqtisodiy aloqalarini diversifikatsiya qilishga, Gʻarb va Xitoy bilan hamkorlikni rivojlantirishga, Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishga intilayotgan Oʻzbekiston uchun Rossiya manfaatlari ustun boʻlgan YeOIIda ishtirok etish samarasiz, hatto zararli boʻlishi mumkin.

Nima qilmoq kerak?

Mishustinning tashrifi, diplomatik protokol tili bilan aytganda, Rossiya-Oʻzbekiston hamkorligini chuqurlashtirish yoʻlidagi navbatdagi qadam boʻldi. Shu bilan birga, asosan Rossiya manfaatlari ustuvor boʻlgan, xalqaro hamjamiyat maqbul deb hisoblamaydigan turli iqtisodiy loyihalarga qoʻshilish Oʻzbekiston oldiga qiyin tanlovlar qoʻyishi aniq.

Tabiiyki, mintaqaning Moskva uchun ahamiyatini inobatga olgan holda Rossiyaning yuqori martabali siyosatchilarining Oʻzbekistonga tashriflari yana davom etadi. Biroq barcha xavf-xatarlardan xabardor Toshkent turli taʼsir markazlari, jumladan, Rossiya, Xitoy va Gʻarb oʻrtasida muvozanatni saqlashga intilib kelayotganini koʻryapmiz. Doimo ehtiyotkorlik va vazminlik bilan ish tutib kelgan Oʻzbekiston hukumati va diplomatiyasi bu borada ham iqtisodiy manfaatlar va siyosiy xavflarni aql va mantiq tarozisida tortib koʻrishni unutmasligiga va bunga jurʼat etishiga shubhamiz yoʻq.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid