Boysundagi kondan vodorod sulfid ajralib chiqishi toʻxtatildi
Vaziyatni professional baholash maqsadida voqea joyiga Oʻzbekiston, shuningdek, Rossiya va AQSh ekspertlarining tashrifi tashkil etilgan.

Sentabr oyi boshida vodorod sulfid ajralib chiqqan “Mustaqillik-25” konida ayni paytda 604-sonli quduqni soʻndirish jarayoni yakunlandi.
Shu maqsadda sizib chiqishga qarshi uskunaning qoʻshimcha blogi qurildi va oʻrnatildi. Soʻndirish uchun quduq ogʻzini tayyorlash va bogʻlash jarayoni oʻtkazildi. Quduq germetiklandi va soʻndirildi.
14 sentabr kuni tahminan soat 13:05 da minoradan chikib turgan quvurning ustiga PVO (sizib chiqishga qarshi qurilma) oʻrnatilib, 15 sentabr kuni toʻlik tizimni presslash oʻtkazildi. 15 sentabr kuni soat 16:40 da Barit nomli maxsus eritma yuborildi va 16:50 lar chamasi minoradan va chiqaruvchi uskunalardan gaz chikishi toʻxtatildi.
Hodisa oqibatlarini rejali bartaraf etish jarayoni maxsus tashkil etilgan shtab nazorati ostida amalga oshirildi. Vaziyatni professional baholash maqsadida voqea joyiga Oʻzbekiston, shuningdek, Rossiya va AQSh ekspertlarining tashrifi tashkil etildi.
Taʼkidlash joizki, hodisa oqibatlarni bartaraf etish davomida aholi uchun hech qanday xavf boʻlmagan.
Barcha zarur chora-tadbirlar Ochiq neft va gaz favvoralarning oldini olish va bartaraf etish boʻyicha Oʻzbekiston harbiylashtirilgan qismi, Oʻzbekiston Respublikasi FVV va “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Ishlar barcha zarur texnika va uskunalar bilan toʻliq taʼminlangan holda olib borildi. Hodisa boshidan barcha zarur choralar koʻrilgan. Xususan, atrofda joylashgan aholi punktlarida havo muhitini oʻlchash va monitoring qilish uchun maxsus postlar oʻrnatildi.
Tahlillar shuni koʻrsatdiki, atmosferada zararli moddalarning ruxsat etilgan maksimal konsentratsiyasidan oshib ketish holatlari kuzatilmayapti. Shuningdek, burgʻilash qurilmasining ishchi maydonini tozalash ishlari amalga oshirildi va yakunlandi, tayanch maydon maxsus texnika va uskunalarni toʻliq oʻrnatish va foydalanish uchun tayyorlandi.
“Mustaqillik-25” konini oʻzlashtirish alohida murakkabligi bilan ajralib turadi, bu yerda xalqaro tajribadan foydalaniladi va kuchaytirilgan xavfsizlik choralari koʻriladi, shu jumladan xodimlarga doimiy yoʻl-yoʻriq koʻrsatiladi. Uglevodorodni qazib olish tobora murakkablashib bormoqda, bu esa doimiy ravishda yangi tajriba va koʻnikmalarni talab qiladi, deyiladi rasmiy xabarda.