platina.uz
Jamiyat

Rossiya, Tojikiston va Qirgʻizistondan olib kelingan giyohvand moddalar toʻxtatib qolindi

Bir holatda Tojikiston fuqarosi ikki oʻzbekistonlik bilan til biriktirib, mamlakatga qariyb 21 kg opiyni olib kirgan. 

Rossiya, Tojikiston va Qirgʻizistondan olib kelingan giyohvand moddalar toʻxtatib qolindi

Rossiya, Tojikiston va Qirgʻizistondan olib kelingan narkotik moddalar toʻxtatib qolindi.

1995 yilda tugʻilgan Tojikiston fuqarosi Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 1992 va 2005 yillarda tugʻilgan 2 nafar shaxs bilan oʻzaro til biriktirgan. Ular Tojikistondan Oʻzbekiston hududiga aylanma yoʻllar orqali 20 kg. 749 gr. “opiy” moddasini olib oʻtgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Boshqa holatda esa Rossiya Federatsiyasidan Qozogʻiston Respublikasi orqali mamlakatga kirish uchun “Dovut-ota” chegara-bojxona postiga kelgan vaqtida, Buxoro viloyatining Peshku tumanida yashovchi, 1987 y.t. shaxs boshqaruvidagi “LADA Largus” rusumli avtotransport vositasi DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan oʻrnatilgan tartibda tekshiruvdan oʻtkazildi.

Natijada unda Moskva shahridan olib kelinayotgan 2 dona ovoz chiqarish kolonkasi ichiga yashirib qoʻyilgan 18 kg. 97 gr. “Mefedron” sintetik narkotik moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, u oʻzining shaxsiy avtomashinasida “Oʻzbekiston-Rossiya-Oʻzbekiston” yoʻnalishida fuqarolarni tashish bilan shugʻullanishi maʼlum boʻldi.

DXX Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Fargʻona tumanida istiqomat qiluvchi, 1981 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan shaxs va 1995 y.t., muqaddam oʻgʻrilik jinoyati uchun sudlangan fuqaro oʻzaro til biriktirib, Qirgʻiz Respublikasidan aylanma yoʻllar orqali olib kelingan 56000 dona “Regapen” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini yashash xonadonlariga yashirib qoʻyganliklari fosh etildi.

Mazkur xonadonni koʻzdan kechirish jarayonida, qoʻshimcha 6780 dona “Zardeks” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi ham maʼlum boʻldi.

DXX Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari ham bojxona organlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida tezkor tadbir oʻtkazishdi.

Natijada, Samarqand viloyatining Bulungʻur tumanida doimiy yashovchi, 1985 y.t., muqaddam sudlangan fuqaroning “Neksiya” rusumli avtotransport vositasi va uning Yakkasaroy tumanidagi ijaraga olgan xonadoni koʻzdan kechirilganda, jami 43666 dona “Regapen” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Taʼkidlash lozimki, ushbu dori vositalari ham Qirgʻiz Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid