platina.uz
Jamiyat

Prezident Paralimpiya oʻyinlari ishtirokchilariga mukofotlarni topshirdi

Uchrashuvda 2028 yilda Los-Anjelesda boʻladigan Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilindi. 

Prezident Paralimpiya oʻyinlari ishtirokchilariga mukofotlarni topshirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 sentabr kuni XVII yozgi Paralimpiya oʻyinlari gʻolib va sovrindorlari bilan uchrashdi va mukofotlarni topshirdi.

Tadbirda Milliy Paralimpiya qoʻmitasi va sport federatsiyalari rahbarlari, murabbiylar, sportchilarning ota-onalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Maʼlumki, mazkur musobaqa 28 avgustdan 8 sentabrgacha Fransiya poytaxti Parij shahrida boʻlib oʻtdi. Unda 168 ta davlatidan 4 ming 400 ga yaqin paralimpiyachilar qatnashdi. Oʻzbekistondan 9 ta sport turi boʻyicha 65 nafar yigit-qiz ishtirok etdi.

Olimpiadada boʻlganidek, Paralimpiya oʻyinlarida ham mamlakatimiz uchun yutuqlar, rekordlar koʻp boʻldi. Vakillarimiz 10 ta oltin, 9 ta kumush, 7 ta bronza – jami 26 ta medalni qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida dunyoda 13-oʻrinni, Osiyo qitʼasida 3-oʻrinni, turkiy va islom mamlakatlari hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi boʻyicha 1-oʻrinni egalladi.

Prezident sport jamoatchiligini ushbu natijalar bilan xalqimiz nomidan tabriklab, nutq soʻzladi.

– Paralimpiya oʻyinlari – bu chinakam iroda, jasorat va matonat, ezgulik va gumanizm namoyishi. Siz yuksak marralarni egallab, musobaqalarning haqiqiy qahramonlariga aylandingiz. Oʻzbekiston oʻz sport tarixida koʻp-koʻp yutuq va zafarlarni koʻrgan. Lekin Paralimpiya oʻyinlarida bunday rekord natija ilgari boʻlmagan edi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilganidek, Yaponiyada boʻlib oʻtgan avvalgi paralimpiadadan soʻng kelgusi safar kuchli oʻn beshta davlat qatoriga kirish maqsad qilingan edi. Oʻtgan yillar davomida bu yoʻlda katta tayyorgarlik koʻrildi. Ijtimoiy davlat tamoyiliga muvofiq, nogironligi boʻlgan sportchilarga barcha sharoitlar taʼminlab berildi. Niyat ortigʻi bilan ijobat boʻlib, mamlakatimiz dunyoda 13-oʻrinni egalladi.

Jumladan, yadro uloqtirish bahslarida oltin medal olgan Husniddin Norbekov uch karra paralimpiya chempioni boʻldi. Yana bir yadro uloqtiruvchimiz Bobirjon Omonov va dzyudochi Sherzod Namozov ikkinchi bor bunday gʻoliblikka sazovor boʻldi.

Disk uloqtirish boʻyicha mohir sportchi Tolibboy Yoʻldoshev biryoʻla ikkita marrani zabt etib, ham oltin, ham bronza medalni qoʻlga kiritdi. Ikki karra paralimpiya chempioni Yorqinbek Odilov nayza uloqtirish boʻyicha Osiyo rekordini yangiladi. Shuningdek, Asadbek Toshtemirov taekvondo, Qudratullaxon Maʼrufxoʻjayev va Elbek Sultonov yadro uloqtirish bahslarida gʻalaba qozondi.

Bu yilgi oʻyinlardagi medallarning 11 tasini qizlar qoʻlga kiritgani diqqatga sazovor. Asila Mirzayorova uzunlikka sakrash, Nurxon Qurbonova nayza uloqtirish boʻyicha paralimpiya chempioni boʻldi. Ular oʻz natijalari bilan ushbu oʻyinlardagi va jahon miqyosidagi rekordlarni ham yangiladi. 15 yashar Shahinaxon Yigitaliyeva kumush medalni qoʻlga kiritib, paralimpiya oʻyinlaridagi eng yosh sovrindor sifatida tarixga kirdi. Roʻza Qoʻziyeva pauerlifting boʻyicha ikkinchi oʻrinni egalladi.

Yana bir eʼtiborli jihati, taekvondo boʻyicha terma jamoa birinchi marta Paralimpiya oʻyinlarida 3 ta medalni qoʻlga kiritdi va umumjamoa hisobida 3-oʻrinni egalladi. Yengil atletika boʻyicha vakillarimiz esa birinchi marta 8 ta oltin medalni, yaʼni eng yuqori sovrinlarning 80 foizini oʻziniki qildi.

– Sizlar erishgan bu ulkan zafarlar Olloh taoloning chinakam moʻʼjizasi boʻlgan inson zoti qanday beqiyos imkoniyatlarga, qanday tengsiz qudratga ega ekanini yana bir bor yaqqol namoyon etdi. Chindan ham, bu hayotda koʻp narsani hal qiladigan omil – bu yuksak iroda va matonatdir. Lekin odamning qalbiga mana shunday iroda va matonatni singdirish, uni tarbiyalab, kamolga yetkazish – bu albatta oson ish emas. Siz, aziz farzandlarim bugungi gʻalaba shohsupasiga yetib kelgunga qadar qanday uzoq, ogʻir va mashaqqatli yoʻlni bosib oʻtganingizni men oʻzimga yaxshi tasavvur qilaman. Bu olis yoʻlda goho turli sinov va muammolar, shubha-gumonlar, ishonchsizlik, iztirob va armonlar ham sizlarni qiynaganini, qancha-qancha uzun tunlarni uxlamasdan, bedor oʻtkazganingizni ham yaxshi bilaman. Oʻz oldingizga qoʻygan maqsadga erishish yoʻlida sizlarning boshqalarga qaraganda oʻn marta, balki yuz marta koʻproq mehnat qilishingizga, mashaqqat chekishingizga toʻgʻri kelganini ham men yaxshi anglayman. Mana shunday murakkab damlarda sizlarning yuragingizga umid va ishonch, qatʼiyat va jasorat tuygʻusini bagʻishlagan, sizlar bilan yonma-yon turib, sizlarni doimo qoʻllab-quvvatlab, zafarli marralar sari ruhlantirgan fidoyi insonlar bor. Bular – avvalo sizlarning mehribon ota-onalaringiz, yaqinlaringiz, jigarlaringizdir, – dedi Prezident.

– Oʻzbekistonning oʻz matonat maktabi, shon-sharaf maktabi bor. Bu maktabning chinakam bunyodkorlari sizlar, desak, ayni haqiqat boʻladi. Sizlarning sportdagi, hayotdagi yutuqlaringiz yoshlarimiz uchun kuch-gʻayrat manbai, matonat va ibrat namunasi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yurtimizda sportni rivojlantirishda imkoniyati cheklangan shaxslar ham qoʻllab-quvvatlanib, ularga inklyuziv sharoitlar yaratilmoqda. Bu borada Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi koʻp ishlar qilmoqda.

Prezident kelgusida nogironligi boʻlgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan sport turlarini yanada kengaytirish, ularning jamiyatga ijtimoiy moslashuvini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilishini taʼkidladi.

Uchrashuvda 2028 yilda Los-Anjelesda boʻladigan Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.

Avvalo, yanada koʻproq sport turlari boʻyicha qatnashish, tayyorgarlik va natijadorlik yuqori boʻlishi uchun aniq strategiya asosida ish olib borish zarurligi taʼkidlandi. Xususan, tibbiy koʻriklar, farmokologiya va diyetologiya rivojlantiriladi. Paralimpiyachilar bilan ishlaydigan psixologlar faoliyatini ragʻbatlantirish yoʻlga qoʻyiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 12 sentabrdagi farmoniga muvofiq, Parij shahrida boʻlib oʻtgan XVII yozgi Paralimpiya oʻyinlarida yuksak natijalarga erishgan sportchi va murabbiylardan bir guruhi faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.

Tadbirda ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid