Oʻzbekiston kiberxavfsizlikda oʻsish kuzatilgan davlatlardan biri boʻldi
Mamlakat Kanada, Isroil, Avstriya, Shveysariya kabi mamlakatlar bilan birgalikda Tier 2 (Advancing) guruhiga kiritildi.

Oʻzbekiston kiberxavfsizlik sohasida oʻsish koʻrsatkichi yuqorilangan davlatlardan biri boʻldi. Bu haqda Kiberxavfsizlik DUK xabar berdi.
Xalqaro Elektr Aloqa Ittifoqi tomonidan Global Cybersecurity Index 2024 reytingining yangi nashri taqdim etildi.
Hisobotga koʻra, mamlakatlar rivojlanish darajasiga koʻra beshta guruhga ajratilgan.
Oʻzbekiston Kanada, Isroil, Avstriya, Shveysariya kabi mamlakatlar bilan birgalikda Tier 2 (Advancing) guruhiga kiritildi.

Xususan, 2024 yilda mamlakatning koʻrsatkichi +18.09 ballga yuqorilab, 89,2 ni tashkil qildi. 2020 yilda eʼlon qilingan hisobotda Oʻzbekiston 71,11 koʻrsatkichni qayd etgan edi.
Maʼlumot uchun, Xalqaro Elektraloqa Ittifoqi telekommunikatsiya va radioaloqa sohasidagi tavsiyalarni belgilaydigan xalqaro tashkilotdir.
1865 yilda Xalqaro telegraf uyushmasi sifatida tashkil etilgan, 1947 yildan buyon Birlashgan Millatlar Tashkilotining ixtisoslashtirilgan tashkiloti boʻlib hisoblanadi. Uning tarkibida 193 mamlakat va 700 dan ortiq sektor va assotsiatsiyalar mavjud (ilmiy va ishlab chiqarish korxonalari, davlat va xususiy telekommunikatsiya operatorlari, radioeshittirish kompaniyalari, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar).