Oʻzbekiston JSTga kirishda 18 davlat bilan muzokaralarni yakunladi
Ularning 14 tasi bilan muzokaralarni yakunlash toʻgʻrisidagi protokollar imzolandi.

Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga kirish doirasida 18 davlat bilan muzokaralarni yakunladi.
Ulardan 14 tasi bilan bozorga kirish boʻyicha muzokaralarni yakunlash toʻgʻrisidagi protokollar imzoladi. Prezidentning JST masalalari boʻyicha vakili Azizbek Urunovga koʻra, Braziliya va Shri-Lanka bilan muhim kelishuvlarga erishilgan.
Shuningdek, prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ham JST rahbari bilan uchrashdi.
"JST Bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashdik. Muloqot davomida Tashkilotga aʼzo boʻlish yoʻlida Oʻzbekiston tomonidan koʻrilayotgan amaliy qadamlarni muhokama qildik.

Milliy qonunchilikni JST normalari va qoidalari bilan uygʻunlashtirish borasida Oʻzbekiston erishgan natijalar hamda boshqa ijobiy oʻzgarishlar qayd etildi", deya yozadi prezident yordamchisi.