Toshkentdagi kafeda ovqatdan ommaviy zaharlanish sodir boʻldi
6-8 sentabr kunlari ovqatdan zaharlanish belgilari bilan jami 23 nafar fuqaro shifoxonalarga yotqizilgan.

Toshkentdagi kafelarning birida ommaviy zaharlanish qayd etildi. Bu xabarni Sanepidqoʻmita tasdiqladi.
Joriy yilning 6-8 sentabr kunlari ovqatdan zaharlanish belgilari bilan jami 23 nafar fuqaro, shulardan 22 nafari Epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi klinikasiga hamda 1 nafari Toshkent shahar 4-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirildi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra ularning barchasi 2024 yilning 5 sentabr kuni Yunusobod tumanida joylashgan “MUHTESHEM DONER” kafesida bir necha turdagi taomlarni isteʼmol qilganligi maʼlum boʻldi.
Olib borilgan davolash muolajalari natijasida bemorlarning ahvoli yaxshilangan va 12 sentabr 09.00 holatiga ularning 13 nafariga uyiga ruxsat berilgan. Qolgan 10 nafar bemorlarga davolash muolajalari davom ettirilmoqda va kasallik dinamikasida ijobiy oʻzgarishlar kuzatilmoqda.
Barcha bemorlarning ahvoli qoniqarli holatda, deyiladi rasmiy xabarda.
Bugungi kunga kelib Sanepidqoʻmning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan “MUHTESHEM DONER” kafesi faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan, isteʼmol qilingan oziq-ovqat mahsulotlari qoldiqlaridan namunalar olinib, laboratoriya tekshiruvlari davom ettirilmoqda.
Birlamchi epidemiologik surishtiruv natijalariga koʻra zaharlanishga kafeda tayyorlangan sous (bemorlarning barchasi isteʼmol qilgan mahsulot) sabab boʻlgan boʻlishi mumkin degan xulosaga kelinmoqda.