Suzish federatsiyasida milliardlab mablagʻlar oʻzlashtirilgani maʼlum boʻldi
Bir holatda federatsiya bosh kotibining qarindoshlari va boshqalar Turkiyaga dam olishga yuborilib, 405 mln. soʻm mablagʻ talon-toroj qilingan.

Bosh prokuratura suzish federatsiyasidagi talon-torojliklar haqida maʼlumot berdi.
Prokuratura organlari tomonidan sportni rivojlantirishga qaratilgan qonunlar ijrosi yuzasidan tizimli nazorat tadbirlari oʻtkazib kelinmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston suzish federatsiyasi mansabdor shaxslari tomonidan suzish sporti uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan terma jamoa aʼzosi boʻlmagan, aslida Federatsiya Bosh kotibi A.G.ning oila aʼzolari boʻlgan N.G., M.G va boshqa jami 15 nafar fuqarolarni Turkiya davlatiga dam olishga yuborilib, 405 mln. soʻm mablagʻ talon-toroj qilingan.
Shuningdek, amalda oʻtilmagan oʻquv - mashgʻulot yigʻinlar uchun soxta buyruqlar asosida 458 mln. soʻm mablagʻlar oʻzlashtirilgan.
Bundan tashqari, Federatsiyaga xalqaro musobaqa va oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazish uchun homiylar tomonidan ajratilgan 1,2 mlrd. soʻm mablagʻlar maqsadsiz sarflanib, talon-toroj qilingan.
Nazorat tadbirlari davom etmoqda.