Sobiq vazirga oid sud yopiq tarzda koʻriladi
Prezident farmoniga koʻra, davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyati bilan bogʻliq huquqbuzarliklarga oid ishlar boʻyicha sud majlislari telekanallar, shuningdek, internet tarmogʻi orqali jonli efirga uzatilishi lozimligi belgilangan.

Jinoyat ishlari Yunusobod sudi binosida koʻrilayotgan sobiq vazir Aziz Voitov va yana 49 nnafar sudlanuvchiga oid ish yopiq tarzda boʻlib oʻtishi belgilandi.
Bu haqda sud majlisida maʼlum qilindi.
Bunga fuqaroviy davogarlardan biri — Qishloq xoʻjaligi vazirligi qoshidagi xizmat koʻrsatish agentligining shu haqdagi iltimosnomasi sabab boʻlgan.
Bir necha advokatlar jumladan: advokat Qilichov, Rahmatov, Alimov va Yangiboyevlar hamda aksariyat sudlanuvchilar bu iltimosnomani rad etishni soʻragan boʻlsada, sudlov ishiga raislik qiluvchi Sardor Sodiqov "xizmat doirasidan foydalanish mumkin boʻlgan maʼlumotlar yangrashini inobatga olgan holda shunday qarorga keldik", deya sudni yopiq deb eʼlon qildi.
Eslatib oʻtamiz, avval Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi sudning ochiq boʻlishi qoʻllab chiqqandi.
Prezidentning 2021 yil 16 iyundagi PF-6247-son Farmoniga muvofiq, davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyati bilan bogʻliq huquqbuzarliklarga oid ishlar boʻyicha sud majlislari telekanallar, shuningdek, internet tarmogʻi orqali jonli efirga uzatilishi lozimligi belgilangan.