platina.uz
Jamiyat

Oʻzbekiston boʻylab avtomobilga oid 10 dan oshiq muammo hal etildi

Qashqadaryoda fuqaro "Cobalt" avtomashinasi uchun toʻlovni amalga oshirgan, lekin yetkazilgan avtomobilda yoriqlar va teshiklar borligi aniqlangan. Navoiy va Andijonda ham ushbu rusumdagi mashinada nosozliklar kuzatildi. 

Oʻzbekiston boʻylab avtomobilga oid 10 dan oshiq muammo hal etildi

Raqobat qoʻmitasi Oʻzbekiston boʻylab avtomobil bilan bogʻliq oʻndan oshiq muammo hal qilinganini maʼlum qildi.

Qoʻmitaga Respublika boʻylab avtomobillar ("Cobalt", "Cherry Tiggo 7 Pro", "Damas", "Labo") bilan bogʻliq holatlar yuzasidan fuqarolardan murojaatlar kelib tushgan.

Mazkur murojaatlar qoʻmita tomonidan oʻz vaqtida oʻrganilib, isteʼmolchilarning huquqlari tiklandi va qonuniy manfaatlari himoya qilindi.

Jumladan, Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro "DRIVER VILLAGE" MChJ faoliyatidan norozi boʻlib murojaat qilgan. U shartnoma asosida "Cobalt" avtomashinasi uchun 147 916 000 soʻm toʻlovni amalga oshirgan, lekin yetkazilgan avtomobilda yoriqlar va teshiklar borligi aniqlangan. Fuqaroga 147 916 000 soʻm toʻliq qaytarilishi taʼminlandi.

Fargʻona viloyati Quva tumanida fuqaro "FARG'ONA AVTOTEXXIZMAT-F" MChJdan "Damas" avtomashinasi uchun toʻlagan 48 500 000 soʻmni oilaviy sharoiti tufayli qaytarib olishni istadi. Isteʼmolchi mazkur holat boʻyicha tadbirkorlik subʼektiga bir necha marta murojaat qilishiga qaramasdan, muammo ijobiy hal etilmadi. Hududiy boshqarma tomonidan vakolat doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida mablagʻ isteʼmolchi foydasiga toʻliq undirildi.

Namangan viloyati Chust tumanidagi fuqaro "CHUST-AVTOTEXXIZMAT-N" MChJdan olgan "Damas" avtomashinasida nosozlik borligini maʼlum qildi. Hududiy boshqarma murojaatni oʻrganib chiqib, avtomashinaning nosozligi bartaraf etildi va fuqaro huquqlari tiklandi.

Jizzax viloyati Mirzachoʻl tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro "ROODELL" MChJdan xarid qilgan "CHERY TIGGO 7 PRO" avtomashinasining uzatmalar qutisida nosozlik borligini maʼlum qildi. "ROODELL SERVICE" MChJ tomonidan nosozlik bartaraf etildi.

Navoiy viloyati Navbahor tumanida fuqaro "AVTOSALON NAVOIY AVTOTEXXIZMAT" MChJdan xarid qilgan "Cobalt" avtomashinasida uzatmalar qutisidagi muammo tufayli avtomobil yetkazilmay qolayotganligidan norozi boʻlib murojaat qildi. Murojaat hududiy boshqarma tomonidan oʻrganib chiqilib, yangi avtomashina yetkazib berilishi taʼminlandi.

Andijon viloyati Andijon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro "ANDIJON AVTO TEX" MChJ dan "Cobalt" avtomashinasi sotib olib, nosozliklar aniqlangani haqida murojaat qildi. Avtomashina taʼmirlanib, isteʼmolchi huquqi tiklandi.

Buxoro viloyati Fuqaro "VOBKENT AVTOTEXXIZMAT" MChJdan sotib olgan "Damas" avtomashinasining nuqsonlari bartaraf qilinmaganligidan norozi boʻlib murojaat qildi. Hududiy boshqarmaning olib borilgan saʼy-harakatlari natijasida murojaatchiga 96 932 000 soʻm boʻlgan “DAMAS” avtomashina yangisiga almashtirib berilishi taʼminlandi.

Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro "SURXOH-AVTO" MChJdan "Labo" avtomashinasi uchun toʻlovni amalga oshirib, mashinani ololmagani haqida murojaat qildi. Avtomashina yetkazib berilishi taʼminlandi.

Toshkent viloyati Fuqaro "GRAND AUTO MOTORS" MChJdan xarid qilgan "Labo" avtomashinasining kuzovida nosozlik aniqlandi. MChJ tomonidan fuqaroning avtomashinasi yangisiga almashtirilishi taʼminlandi.

Xorazm viloyati "DAMAS-2" avtomashinasini xarid qilish uchun toʻlov qilgan fuqaro oʻz toʻlovlarini ayrim sabablarga koʻra qaytarib berilishi yuzasidan sotuvchiga ariza berganligiga qaramasdan, toʻlagan pullari qaytarilmasdan kelayotganligidan norozi boʻlib Qoʻmitaga murojaat qilgan. Hududiy boshqarma tomonidan tekshiruvlar oʻtkazib, fuqaroga 48 500 000 soʻm toʻliq qaytarilishi taʼminlandi.

Yuqoridagilarga koʻra, Raqobat qoʻmitasining hududiy boshqarmalari tomonidan xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarga “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq qonun buzilishini bartaraf etish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi hamda ushbu tashkilotlarning masʼullariga qonunchilikdagi mavjud tartib-qoidalar va uning natijasida kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar haqida tushuntirishlar berildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid