Fargʻonada aholidan 5,2 mingdan ziyod murojaatlar kelib tushdi
Ularning qariyb 81 foizi hal etildi, mingdan ziyod ijtimoiy soha obʼektlari oʻrganildi.

Davlat rahbari topshirigʻiga asosan Prezident maslahatchisi Gʻofurjon Mirzayev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi Fargʻona viloyatidagi faoliyatini davom ettiryapti.
Ishchi guruh Qoʻqonning 78 ta mahallasida 61 mingdan ziyod xonadonlar muammolari va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini oʻrganish va hal etish, bandlikni taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini tashkil etish yuzasidan ishlar olib bormoqda.
Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonasi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda qator vazirlik va idora vakillaridan tashkil topgan Ishchi guruh oʻrganishlari davomida aholi tomonidan 5,2 mingdan ziyod masala boʻyicha murojaatlar kelib tushgan boʻlib, bugunga qadar ularning 81% ga yaqini bartaraf etildi.
Murojaatlardan kelib chiqqan holda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 1 mingdan ziyod ijtimoiy soha obʼektlari atroflicha oʻrganildi. Aniqlangan 691 ta muammoli masalalardan 352 tasi tezkorlik bilan bartaraf etildi. Qolganlari boʻyicha taʼmir va obodonlashtirish ishlari oʻz yakuniga yetmoqda.
Xususan, oʻrganish natijasida jami 33 ta taʼlim tashkilotlari, jumladan, 15 ta maktab hamda 18 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari tanlab olinib, hozirgi kunda qayta qurilgan va taʼmirlangan 30 ta muassasalar foydalanishga topshirildi va 3 ta muassasada taʼmirlash ishlari yakunlanish jarayonida. Olib borilayotgan qurilish taʼmirlash ishlari boʻyicha kunlik nazorat oʻrnatilgan.
Bundan tashqari, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash maqsadida ichki yoʻllarning 15,8 km asfaltlandi, 2,5 km piyodalar yoʻlagi barpo etildi. Elektr taʼminoti talab darajasida boʻlishi uchun 20 ta TPlar taʼmirlandi, 120 ta simyogʻochlar almashtirildi, 16,9 km uzunlikdagi yangi SIP kabellar tortildi, qoʻshimcha ravishda 57 ta tungi yoritish chiroqlari oʻrnatildi. Gaz taʼminoti boʻyicha 37 ta GRP kapital taʼmirlandi, 12,5 km gaz tarmoqlari yangilandi, 2 mingga yaqin xonadonga qoʻshimcha suyultirilgan gaz balloni yetkazib berildi. Ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash boʻyicha 66 ta nosozliklar joyida bartaraf etildi.
Koʻp qavatli uylar xolatini yaxshilash boʻyicha 48 ta uyning 905 kv.metr tom qismi, 73 ta uylarning fasadi, 37 ta uylarning yertoʻlasi, 32 ta uylarning kirish yoʻlaklari taʼmirlandi. Uylar atrofiga basketbol va voleybol maydonlari barpo etildi. Mahalladagi bolajonlar uchun 2 ta bolalar maydonchasi toʻliq taʼmirlandi, 2 ta avtomobillar va 1 ta piyodalar koʻprigi oʻrnatildi.

Oʻrganishlar natijasida aniqlangan 69 ta ogʻir sharoitda yashab kelayotgan fuqarolarning uylari quruvchi tashkilotlar va homiylar hisobidan bepul taʼmirlab berildi.
Sektorlar rahbarlari, “mahalla yettiligi” bilan “Sayxunobod tajribasi” asosida 406 ta mikroloyihalar amalga oshirildi, natijada 1 mingga yaqin fuqaro doimiy ish bilan band qilindi.
Xususan, mahallalarda yangi tashkil etilgan tikuv sexlarida oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli bitirib kelib, subsidiya asosida ishlab chiqarish dastgohlariga ega boʻlgan ayol-qizlar ish bilan taʼminlandi.
Hokim yordamchilari hamda bank vakillari bilan hamkorlikda “Kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash”, “Oilaviy tadbirkorlik” dasturlari doirasida 375 nafar fuqaroga 9 mlrd soʻmga yaqin miqdorda imtiyozli kreditlar ajratildi. Uch yuz nafar fuqaroga “Biznesga birinchi qadam” dasturi doirasida 4.2 mlrd soʻm miqdorida imtiyozli mikroqarzlar ajratib berildi.

Respublika ishchi guruhi “mahalla yettiligi” bilan hududlarning ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda 1,2 mingdan ziyod aholi bandligi taʼminlandi va 185 nafarining tadbirkorlik faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalalari ham Ishchi guruh eʼtibori markazida boʻldi. Jumladan, 2,2 ming nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga manzilli yordamlar koʻrsatildi. Ularga moddiy yordamlar, bepul dori-darmonlar, protez-ortopediya moslamalari, reabilitatsiya vositalari, nogironlik aravachalari kabi koʻplab turdagi vositalar yetkazildi.
Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.