Xarris va Tramp ilk debatni oʻtkazdi: asosiy maʼlumotlar
Tramp raqibini "marksist" va "koʻchirmakash" deb atadi, Kamala esa Gʻazodagi urushni tezlik bilan tugatish haqida gapirdi.

AQSh prezidentligiga nomzodlar Kamala Xarris va Donald Tramp noyabr oyidagi saylovdan oldin oʻzlarining birinchi saylovoldi teledebatlarini ABC News telekanalida jonli efirda oʻtkazdilar.
Bahs saylovga ikki oydan kamroq vaqt qolganida boʻlib oʻtdi.
Munozaraning birinchi qismi va ABC boshlovchisi Devid Muir tomonidan berilgan birinchi savol iqtisodga qaratilgan. "Amerikaliklar toʻrt yil avvalgiga qaraganda yaxshiroq ahvolda ekaniga ishonasizmi?" — deb soʻradi u.
Xarris birinchi navbatda javob berdi va u "imkoniyatlar iqtisodiyoti"ni qurishni rejalashtirayotganini aytdi. U uy-joy muammosini hal qilish, yosh oilalar va kichik biznesga yordam berishga vaʼda berdi.
Trampning aytishicha, demokratlar toʻrt yil ichida iqtisodni vayron qilgan, Xarris esa Jo Baydenning iqtisodiy dasturidan shunchaki koʻchirib olgan.
"Donald Tramp bizni Buyuk Depressiyadan keyingi eng yomon ishsizlik bilan qoldirdi. Biz [demokratlar] qilganimiz faqat Donald Tramp yaratgan tartibsizlikni tozalashdir", dedi Xarris.
Nomzodlar bir necha bor bir-birini yolgʻonchilikda ayblagan. Muhokama boshida Xarris tomoshabinlar Trampdan "koʻp yolgʻon, shikoyat va ism-shariflarni" eshitishini aytdi.
Tramp-Xarris bahsi: nega bu AQSh prezidentlik saylovlari uchun muhim va soʻrovlarga koʻra kim yetakchilik qilmoqda
Tramp Kamala Xarrisni Stenford universitetining sobiq iqtisodchisi otasining ishiga bogʻlashga urinib, "marksist" deb atagan.
"Agar u saylansa, hammasini oʻzgartiradi. Va bu bizning mamlakatimizning oxiri boʻladi. U marksist, uning marksist ekanligini hamma biladi. Uning otasi marksist iqtisod professori va u unga yaxshi taʼlim bergan", dedi Tramp.
Xarris Trampga murojaat qilib, uning soʻzlarini sharhlar ekan, "uyat" soʻzini bir necha bor ishlatgan.
“Dunyo yetakchilari Donald Tramp ustidan kulishmoqda. Men harbiy rahbarlar bilan gaplashdim, ularning baʼzilari siz bilan birga ishlagan va ular sizni sharmandali deb aytishadi", - dedi Xarris sobiq prezidentga yuzlanib.
Shuningdek, debatda Ukraina masalasi koʻtarildi.
Tramp urush tugashi kerakligini aytdi va u bunga erisha olishini taʼkidladi. U buni lavozimga kirishdan oldin ham (agar u saylovda gʻalaba qozonsa) qilish niyatida ekanini yana bir bor taʼkidladi.
Kamala Xarrisga koʻra, "NATOdagi ittifoqchilar Trampning prezident boʻlmaganidan juda minnatdor". "Agar Donald Tramp prezident boʻlganida, Putin hozir Kiyevda oʻtirib, Polshadan boshlab Yevropaning qolgan qismiga nazar tashlagan boʻlardi".
Tramp Xarrisni "tarixdagi eng yomon vitse-prezident" deb atadi va u vitse-prezidentlik davrida urushning oldini ololmaganini aytdi.
Isroil-Gʻazo urushi. Xarris bu boradagi baʼzi oldingi bayonotlarini takrorlab, Isroil oʻzini himoya qilish huquqiga ega, ammo buni qanday qilish muhimligini aytdi. "Bu urush tugashi kerak. Bu zudlik bilan tugashi kerak", dedi u. Tramp, agar u prezident boʻlganida, mojaro hech qachon boshlanmasligini aytdi. "U Isroildan nafratlanadi. Agar u prezident boʻlsa, ikki yildan keyin Isroil yoʻq boʻlib ketishiga ishonaman", — dedi Tramp.




