platina.uz
Iqtisod

Oʻzbekistonda qaysi hududlarda kambagʻallik kamaygani maʼlum qilindi

Oʻtgan olti oyda Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo va Xorazmda kambagʻallik 2 foizdan ortiq kamaygan boʻlsa, Navoiy, Surxondaryo, Fargʻona va Toshkent shahrida oʻzgarish boʻlmagan. 15 ta tumanida kambagʻallik 20 foizdan yuqori boʻlib qolmoqda. 

Oʻzbekistonda qaysi hududlarda kambagʻallik kamaygani maʼlum qilindi
Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarda kambagʻallikni qisqartirish, kambagʻal oilalar bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.

Prezident kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha ishlar ahvoli hamma viloyat va tumanda ham bir xil emasligini koʻrsatib oʻtdi.

Masalan, oʻtgan olti oyda Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo va Xorazmda kambagʻallik 2 foizdan ortiq kamaygan boʻlsa, Navoiy, Surxondaryo, Fargʻona va Toshkent shahrida oʻzgarish boʻlmagan.

Respublikaning 15 ta tumanida kambagʻallik 20 foizdan yuqori. Bular – Amudaryo, Beruniy, Qonlikoʻl, Nukus, Taxtakoʻpir, Xoʻjayli, Chimboy, Guliston, Mirzaobod, Oqoltin, Sardoba, Gurlan, Yangiariq, Yangibozor va Tuproqqalʼa.

Bu tumanlarda kambagʻallikni qisqartirish uchun uch yilda 1,7 trillion soʻmlik arzon kredit va subsidiya berilgan boʻlsada, oʻzgarish boʻlmagan.

Aholiga boʻlib berilgan yerlar boʻyicha 16 ta tumanda 2-3 martadan hosil olish hisobiga kambagʻallik 2 karra kamaydi. Bular – Paxtaobod, Baliqchi, Gurlan, Xonqa, Oltiariq, Dangʻara, Konimex, Boyovut, Jomboy, Shofirkon, Sh.Rashidov, Zomin, Shahrisabz, Oʻrtachirchiq, Boʻka, Taxiatosh tumanlari.

Lekin, 14 ta tuman – Qonlikoʻl, Shumanay, Qorovulbozor, Peshku, Chiroqchi, Muborak, Nurobod, Oqoltin, Muzrabot, Bandixon, Qiziriq, Ohangaron, Parkent, Tuproqqalʼada oʻzgarish sezilmayapti.

Tuman hokimlari, ularning iqtisodiyot va qishloq xoʻjaligi boʻyicha oʻrinbosarlariga bu boradagi faoliyati sustligi boʻyicha qatʼiy eʼtiroz bildirildi.

Toʻrt yil avval bu boradagi ishlar boshlanganida 7,5 million yoki 23 foiz aholining daromadi kambagʻallik chegarasiga yetmas edi.

Shu davrda aholimiz 3,7 millionga koʻpaydi, kambagʻallik chegarasi ham tegishli ravishda 1,5 karra oshirildi.

Bunga qaramasdan, 3,5 million odamni daromadli qilish hisobiga 2023 yil yakuni bilan kambagʻallikni 11 foizga pasaytirishga erishildi.

Avvalo, ijtimoiy himoya qamrovi 4,5 karra oshirilib (466 ming oiladan 2,2 millionga), oʻtgan yili bu maqsadlarga 12,3 trillion soʻm ajratildi. Pensiya va nafaqalar miqdori ham 1,5 baravar koʻpaytirildi.

Mahallada kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlik loyihalariga 35 trillion soʻm arzon kredit, 7 trillion soʻm subsidiya berilgani taʼkidlandi.

Mahallalarni obod qilish, bogʻcha, maktab, tibbiyot, yoʻl, suv va elektr infratuzilmasi uchun 120 trillion soʻm ajratildi.

Shuningdek, 260 ming gektar yer 800 ming aholi, avvalo yoshlarga dehqonchilik qilish uchun daromad keltiruvchi aktiv sifatida tarqatildi.

Yaqinda mamlakatimizda boʻlgan BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori bu nafaqat ish oʻrni va daromad, balki oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda juda toʻgʻri yoʻl ekanini eʼtirof etdi.

Oʻtgan oyda Kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha xalqaro konferensiyaga kelgan 60 dan ortiq mamlakat ekspertlari Oʻzbekiston qisqa muddatda yaratgan tajribani yuqori baholadi.

Prezident topshirigʻiga koʻra, mutasaddilar masalani ichiga chuqurroq kirdi, eng ogʻir mahalladagi nochor oilalarga borib, nimaga koʻproq eʼtibor berish kerakligini oʻrgandi.

Bu masalada savdo, servis, toʻqimachilik, tibbiyot, ovqatlanish, qurilish, kasanachilik, elektrotexnika, transport sohasi tadbirkorlari bilan aniq muhokamalar oʻtkazildi.

Oʻrganishlar kambagʻallikni faqat pul tarqatish bilan hal qilib boʻlmasligini koʻrsatmoqda.

Hozirda 3-5 million soʻmgacha oylik beraman degan korxonalarda 250 mingta boʻsh ish oʻrni bor. Lekin, kambagʻal oilani 35 foiz ishga layoqatli aʼzolarida bilim va koʻnikma kam.

Bola parvarishi bilan band boʻlgani uchun ishlash xohishi boʻlgan ayollarning 43 foizi ishga bora olmayapti.

Kambagʻal oilalarning 83 foizida katta tomorqa bor. Lekin, ularning 62 foizida – suv, 48 foizida – elektr muammosi bor, yana 50 foizi markazdagi bozorga borishga qiynalmoqda.

Bundan buyon kambagʻallikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanadi.

Mutasaddilarga har bir mahallani toʻliq xatlovdan oʻtkazib, ulardagi “kambagʻal oilalar portreti”ni ishlab chiqish topshirildi. Kambagʻal oila boʻyicha individual dastur boʻladi, har bir vazirlikning aniq vazifasi koʻrsatiladi.

Iqtisodiy kompleks – J.Qoʻchqorov tizimi oilalarni kambagʻallikdan olib chiqish bilan shugʻullansa, ijtimoiy himoya – M.Olloyorov tizimi kimni reyestrga kiritish, qaysi oilani undan chiqarishga javob berishi belgilandi.

Kelgusi yilda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirishga barcha manbalardan 1,6 milliard dollar ajratiladi.

Bu mablagʻlarning 1,2 trillion soʻmi, avvalo, eng ogʻir 300 ta mahallada suv nasoslari va quyosh panellari oʻrnatishga beriladi. Yana 2 trillion soʻm hisobidan eng ogʻir 500 ta mahallada elektr, yoʻl, internet va boshqa infratuzilma masalalari hal etiladi.

Bu ishlarni amalga oshirish uchun vazirlar, oʻrinbosarlari va maslahatchilari, boshqarma boshliqlaridan iborat 250 nafar rahbarga eng ogʻir 1 mingta mahalla bogʻlab beriladi.

Umumiy ovqatlanish sohasiga berilgan yengilliklarga javoban sohadagi yirik brendlar qisqa muddatda Samarqand, Andijon va poytaxtda 2 ming odamga ish berdi.

Ikki yil avval umumiy ovqatlanish sohasi tadbirkorlariga ijtimoiy soliqdan imtiyoz berilgan edi.

Tadbirkorlarga shu imtiyoz yana 2 yilga uzaytirib berilsa, ular 150 ming ehtiyojmand aholini ish bilan taʼminlashga tayyor.

Ayrim korxonalar koll-markaz tashkil qilib, hozirni oʻzida 2 ming nafar nogironligi boʻlgan aholiga kompyuter va telefon olib berish orqali ularni uyini oʻzida ish bilan taʼminlamoqchi.

Xizmatlar sohasidagi tadbirkorlar kambagʻal aholini ishli qilaman desa, imtiyoz muddatini yana uzaytirish mumkinligi taʼkidlandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid