platina.uz
Jamiyat

Toshkentda advokat va yurist 14 yilga qamaldi

Bir holatda advokat va yurist tayinlangan jazoni sud tizimida yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali boshqa yengilroq jazo turiga almashtirib berish evaziga 75 ming AQSh dollari talab qilishgan. 

Toshkentda advokat va yurist 14 yilga qamaldi

Toshkent shahrida 2 nafar advokat va yuristning noqonuniy qilmishlari fosh qilindi.

Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi advokati M.M. Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va boshqa moddalari bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishida ayblanuvchi sifatida jalb qilingan shaxsga nisbatan sud tizimidagi tanishlari orqali oqlov hukmi chiqarib berish evaziga 30 ming AQSh dollari talab qilgan.

Ammo, u soʻralgan pul mablagʻidan 20 ming AQSh dollarini olgan vaqtida DXXning Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda advokatga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Boshqa holatda esa Toshkent shahridagi advokatlik firmasi advokati Sh.U. va qurilish sohasida faoliyat yurituvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat yuristi T.N. oʻzaro kelishgan holda, 2021 yilda Jinoyat Kodeksining 131 va 135-moddalari bilan sudlanib, 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan va hozirda jazo muddatini oʻtayotgan shaxsning ayblovidan 135-moddani olib tashlash orqali, unga nisbatan tayinlangan jazoni sud tizimida yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali boshqa yengilroq jazo turiga almashtirib berish evaziga 75 ming AQSh dollari talab qilishadi.

Joriy yilning mart oyida ular soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtlarida DXX xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Holat yuzasidan Sh.U. va T.N.ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi hamda 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borildi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Uchtepa tuman sudi tomonidan Sh.U. va T.N.larning har biriga nisbatan 14 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda 136 mln. soʻm jarima jazosi tayinlandi.

Taʼkidlash lozimki, advokat Sh.U. muqaddam sud tizimida sudya lavozimida ishlagan. MChJ yuristi T.N. esa 2009 yilda Jinoyat Kodeksining 210-moddasi bilan, 2016 yilda esa JKning 122-moddasi bilan sudlangan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid