Qishloq xoʻjaligi vazirining sobiq oʻrinbosari 6 yilga qamaldi
U qariyb 10 mlrd soʻmlik 1 mln dona uzum koʻchatini yetkazib berish ishi boʻyicha talon-toroj qilish va mansab soxtakorligida ayblangan.

Qishloq xoʻjaligi vaziri sobiq oʻrinbosari Alisher Toʻrayev sud hukmi bilan 6 yilga qamaldi. U qariyb 10 mlrd soʻmlik 1 mln dona uzum koʻchatini yetkazib berish ishi boʻyicha talon-toroj qilish va mansab soxtakorligida ayblangan.
Joriy yilning 5 sentabr kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tumani sudida Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirining sobiq oʻrinbosari Alisher Toʻrayev, uning qizi Anais Toʻrayeva va Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi sobiq hisobchisi Mansur Qoʻzibekovga nisbatan hukm oʻqilgan.
2021 yil sentabr oyida Alisher Toʻrayevning oʻgʻliga tegishli boʻlgan De Nova Agro kompaniyasi 1 million dona uzum koʻchatini yetkazib berish boʻyicha 9,95 milliard soʻmlik tenderda gʻolib boʻlgan. Sud qaroriga koʻra, amalda bu koʻchatlar markazga yetkazib berilmagan boʻlsa-da, mahsulot qabul qilingani haqida bir nechta soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirilib, mablagʻlar oʻtkazib berilgan.
Sobiq oʻrinbosar oʻz aybiga qisman iqror boʻldi.
Sud sobiq vazir oʻrinbosarini Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi "a" bandi (Juda koʻp miqdorda oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi 2-qismi "a" bandi (Takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan mansab soxtakorligi) bilan aybdor deb topdi va 2 yil muddatga davlat tashkilotida rahbarlik, moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum etib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Mansur Qoʻzibekov shu kabi moddalar uchun 5 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi.
Anais Toʻrayeva esa Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi "a" bandi va 28-moddani qoʻllagan holda 209-moddasi 2-qismi "a" bandi (mansab soxtakorligida sheriklik) boʻyicha 5 yilu 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.