platina.uz
Jamiyat

Prezident Olimpiya shaharchasidagi ishlarni koʻzdan kechirdi

12 ming oʻrinli olimpiya stadioni, har biri 2 mingdan tomoshabinga moʻljallangan velodrom, suv sporti saroyi, yakkakurashlar va jamoaviy oʻyinlar majmualari qad koʻtarmoqda. 

Prezident Olimpiya shaharchasidagi ishlarni koʻzdan kechirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Olimpiya shaharchasi qurilishini borib koʻrdi.

Bu ulkan majmua kelgusi yil yurtimizda boʻlib oʻtadigan yoshlar oʻrtasida Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari uchun qurilmoqda.

Musobaqalar Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi tomonidan tan olingan 29 ta sport turi boʻyicha oʻtkaziladi. Ularda qitʼaning 45 ta davlatidan 3 mingdan ziyod sportchi ishtirok etishi kutilmoqda.

100 gektar maydonga yoyilgan Olimpiya shaharchasida bularning barchasi uchun sharoit boʻladi. Bugungi kunda asosiy inshootlarda jadal qurilish ketmoqda. Xususan, 12 ming oʻrinli olimpiya stadioni, har biri 2 mingdan tomoshabinga moʻljallangan velodrom, suv sporti saroyi, yakkakurashlar va jamoaviy oʻyinlar majmualari qad koʻtarib qolgan.

Davlat rahbari ushbu inshootlarda boʻlib, qurilishning borishini koʻzdan kechirdi. Mutasaddilar ochilish marosimi va musobaqalar paytida boʻlajak sharoitlar yuzasidan axborot berdi.

Shavkat Mirziyoyev qulaylik va xavfsizlik masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Bu jarayonlarni yuqori darajada raqamlashtirish, sunʼiy intellekt vositalaridan keng foydalanish lozimligini taʼkidladi.

Olimpiya shaharchasida, shuningdek, futbol, voleybol, tennis, chim ustida xokkey, yengil atletika kabilar boʻyicha 15 ta ochiq maydon boʻladi. Muzey va ofislarni oʻz ichiga olgan maʼmuriy bino, bogʻlar, sunʼiy koʻl barpo etiladi.

Prezident majmua bunyodkori - Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi mutasaddisi bilan ham suhbatlashdi.

Osiyo oʻyinlaridan keyin Olimpiya shaharasidan samarali foydalaniladi.

Prezident taʼkidlaganidek, bu joy mamlakat sportining ilmiy, amaliy, oʻquv-mashgʻulot markazi boʻladi. Sport vazirligi, Antidoping agentligi, Davlat sport akademiyasi, Jismoniy tarbiya ilmiy-tadqiqotlar instituti, Sport turlarini rivojlantirish markazi shu yerda joylashadi. Professional sportchilarni tayyorlash va mahoratini oshirish boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkaziladi. Hududiy sport tashkilotlarining shaharcha infratuzilmasidan foydalanishi yoʻlga qoʻyiladi.

Bu yerda “aqlli shahar” konsepsiyasiga asoslangan zamonaviy boshqaruv tizimi joriy etiladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid